Jamiyat | 11:53 / 01.01.2025
8216
9 daqiqa o‘qiladi

“Ta’limni ovqatlanish narxida olish mumkinligini isbotladik” – Google, Amazon, Facebook tajribasida o‘qitayotgan o‘zbek dasturchisi

Azim Po‘lat – Google'da dasturchi injiner. Google'gacha Amazon va Facebook kompaniyalarida dasturchi sifatida ishlagan. Dasturlashda 7 yillik tajribaga ega. “Dasturlashni 42 kunda o‘rganish” g‘oyasi ostidagi “42.uz” loyihasi asoschisi. Jamiyatimizga texnologik yechimlar bilan birgalikda innovativ o‘gatish tizimini ham joriy qilmoqchi

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Har kimning o‘z qadryatlari bor. Va bu qadryatlarni inson ulg‘aygani sayin o‘zgartirish qiyinlashib boraveradi. Inson qadryatlarini matematika va dasturlashdagi optimizatsiyalash muammosiga qiyoslash mumkin. Ya’ni nimanidir kamaytirish evaziga nimanidir oshirish uchun qilingan xatti-harakatlar majmuasi. Azim Po‘lat hayotida pulga muhtoj davrlardan ko‘p marotaba o‘tganligi uchun vaziyatni quyidagicha izohlaydi:

“Yillar davomida shakllanib kelgan o‘z qadryatlarim bor. Buni dasturlashdagi optimizatsiyalash muammosiga o‘xshataman. Bu degani nimanidir kamaytirish evaziga, nimanidir oshirish degani. Endi savol tug‘iladi, men hayotda nimani optimizatsiyalamoqchiman? Men hayotimda pulga muhtoj vaqtlarimda pulsiz ham hayotda nimagadir erishish mumkinmi degan savolga ko‘p duch kelardim. Va bugun ushbu savolga baralla “ha” degan javobni har kuni olaman” – deydi u.

Misol tariqasida u Hackaton musobaqasida yutganligi uchun Yevropada bepul sayohat qilganligini, dunyo poytaxti – London’da esa amaliyot uchun 3 oy yashaganligini va Singapurga esa xalqaro konferensiya uchun borganligini keltiradi.

“Odamlar sog‘lom bo‘lishim uchun pulim ko‘p bo‘lishi kerak deb hisoblashadi. Yoki yaxshi hurmat-ehtiromga faqat yangi ferrari yoki hashamat bilan erishish mumkin deb o‘ylashadi. Lekin unday emas, sog‘lom bo‘lish uchun pulingiz ko‘p bo‘lishi emas, askincha, turmush tarziga nisbatan munosabatingizni o‘zgartirishingiz kerak. Jamiyatda ehtiromga erishish uchun esa shunchaki odamlarga qiymat berish kerak. Ularni muammolariga yechim berish kerak. Men o‘qitish orqali so‘nggi vaqtlarda shuni ta’mini his qilishni boshladim” – deydi Azim Po‘lat.

Ta’limni ovqatlanish narxida olish mumkinligini isbotladik

Azim Po‘lat bu safar dasturlashga qanday kirib kelganligini va Google'dagi muvaffaqiyatli karerasi haqida emas, ta’lim tizimiga o‘zi bergan yechimlar haqida to‘xtalib o‘tdi:

“O‘zim duch kelgan muammo haqida aytib bermoqchiman. Men dasturlashga qiziqib, o‘rganishga qaror qilganman. Va o‘quv markazlaridan biriga do‘stim bilan borganmiz. O‘shanda kurs pulini shunchalik qimmat aytishgandi. Juda ham qattiq ranjiganmiz va biz hech qachon dasturlashni o‘rgana olmas ekanmiz-da, deb o‘ylaganman o‘shanda. Ammo do‘stim yonimda turib dalda bergan onlayn bo‘lsa ham o‘rganishimiz mumkinligini aytgan. Shu tariqa, onlayn ta’lim va dasturlashni o‘rganishni birlashtirib, “42.uz” loyihasi g‘oyasi tug‘ilgan. “42.uz” orqali biz ta’limni 2 marta ovqatlanish narxida sotib olish mumkinligini isbotladik”.

“Keyin PDP akademiyasi bilan ham kurs tashkil qildik. Ammo bu kurslarni narxi akademiya tomonidan ancha qimmat narxda baholandi. Men bu kurslarni sotuvidan manfaatdor emasligim va narxlarni ham belgilash huquqiga ega bo‘lmaganligim uchun, dasturlashni o‘rganishni menga o‘xshab chindan o‘rganishni xohlaydigan ammo odatiy kurslarga puli yetmaydiganlar uchun yechim berish haqida o‘ylab, “42.uz” ni g‘oyasiga qat’iyroq to‘xtala boshladim”.

IT’ni 42 kunda o‘rganish

“42.uz” dasturlashni o‘rganishga ishtiyoqmand bo‘lgan har qanday talaba uchun uchun imkoniyatlar sandig‘i. Unda kurslar narxi 240.000 so‘mni tashkil etadi. Va darslar umumiy 42 kunga mo‘ljallangan. Jarayon to‘liq tizimlashtirilgan. Ya’ni berilgan darslar yuzasidan topshiriqlar bajariladi va avtomatik tarzda tekshirib javoblar chiqarib beriladi. Bu yerda hech qanday inson omili aralashuvi bo‘lmaydi. Barcha darslar o‘zbek tilida olib boriladi. Dasturlash, algoritmlar, grafik va mahsulot dizayni sohalari bo‘yicha darslar bor.

Shuningdek, CV (Curriculum Vitae) tayyorlash va top kompaniyalarda ishga topshirish va intervyu jarayonlari haqida ham kichik ko‘nikma darslari mavjud. Darslar esa Otabek Nurmatov (Dropbox xodimi), Diyorbek Sadullayev (Pinterest xodimi), Nodir Halilov (Super Dispatch xodimi) va Azim Po‘lat (Google xodimi) tomonidan olib boriladi.

Eng muhimi, darslardagi kontent nihoyatda moslashuvchan: istagan odam ma’lumotni matn orqali, istagan odam video orqali va boshqa kimdir berilgan topshiriqlar orqali o‘zlashtirishi mumkin. Bu xuddi Google tomonidan taqdim etilgan Professional Certificate Program (Kasbga yo‘naltirilgan o‘quv darslari) ning mahalliy moslashtirilgan va dasturlashga ixtisoslashtirilgan varianti desak ham bo‘ladi.

“Milliy universitetning professori bizga aloqaga chiqib, loyihamiz haqida o‘z fikrini bildirdi. Va bu ta’limning kelajagi, ta’lim aslida shunday bo‘lishi kerakligi xususida bizga ijobiy fikrlarini bildirib, bizga motivatsiya berdi” – deydi Azim Po‘lat

Azim Po‘lat loyiha orqali “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlandi.

Maktab darsliklarini raqamlashtirish

“Dasturlashni o‘rgatish bilan cheklanib qolmasdan, kattaroq muammolarga texnologik yechim berishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Masalan, maktab insonga nimadir o‘rgatish uchun eng zo‘r vaqt. Chunki bu vaqtda insonni onggi shakllanadi va kim ekanligi ma’lum bo‘ladi. 2025-yildagi eng katta maqsadlarimizdan biri 5-11 sinf maktab darsliklarini tizimlashtishdan iborat”.

Azim Pulat maktab darsliklarini to‘liq iste’moldan chiqarishni emas, aksincha, unga qo‘shimcha to‘ldiruvchi sifatida mobil ilova yaratishni reja qilgan. Sababini esa bolalar ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan vaqtiga raqobatbardosh bo‘la oladigan va vaqtini qiziqarli o‘tkazishga hissa qo‘shadigan dastur bo‘lishi kerakligi bilan izohlaydi.

“Dasturda bolalarni rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratmoqchimiz. Sababi bolalar uchun rag‘bat eng muhimi. Shaxsan o‘zim ham bolaligimda velosiped olishni juda xohlaganman. Afsuski, qancha yaxshi o‘qimay velosiped bilan hech qanday bog‘liqligi bo‘lmagan. Shu sababli bolalarni taqdirlashni bir yillab kutishimiz shart emas. Ularni o‘rganish uchun qilgan har bir say-harakatini muhim baholab taqdirlashimiz kerak”.

Umumiy global tarmoq tuziladi. Har bir o‘quvchi ilovadan foydalanishdan avval o‘zining sotib olishni juda xohlaydigan qandaydir narsa maqsad sifatida qo‘yiladi. Bola darslarni o‘zlashtirishi orqali unga o‘z maqsadiga pog‘onama-pog‘ona yaqinlashish imkoniyati bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, ota-onalar bolalari haqidagi statistikani ham kuzatib turishlari mumkin bo‘ladi.

Ilovaga kirgan har bir o‘quvchi o‘zi o‘rganmoqchi bo‘lgan fanni o‘zi tanlaydi. Va unga 1 daqiqadan oshmaydigan o‘rganish uchun yengil va o‘quvchini zeriktirmaydigan kontent berilishi aytilgan. Berilgan kontentni bajarib bo‘lgandan keyin unga doir mashqlar bajarish orqali o‘quvchi o‘z bilimini mustahkamlaydi. Agar o‘quvchi bir mavzuda o‘zlashtirishda qiynalsa, unga algoritmlar orqali xato qilgan mavzusiga oid mashqlar ko‘proq chiqarib beriladi.

“Biz bu loyihani ijtimoiy loyiha qilmoqchimiz va biz loyihadan kelgan mablag‘ni bolalarni rag‘batlantirishga yo‘naltirmoqchimiz. Masalan, ota-onalar bolalarini turlicha rag‘batlantirishlari mumkin. Ammo biz ularni bir xil rag‘batlantirishga harakat qilamiz” – deb fikrini yakunlaydi Azim Po‘lat.

Gavhar Ziyodullayeva tayyorladi
Operator va montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid