O‘zbekiston | 10:10 / 24.01.2020
25163
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident «Mahalla» kengashi raisini senator etib tayinladi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — «Mahalla» xayriya jamoat fondi raisi Rahmat Mamatov senator etib tayinlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev R.T.Mamatovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonini imzolagan.

«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 75-moddasiga muvofiq Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — «Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi Mamatov Rahmat Toshnazarovich O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi etib tayinlansin», deyiladi hujjatda.

2017 yilning oktyabridan buyon Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Rahmat Mamatov 21 yanvar kuni «Mahalla» kengashiga rais etib tayinlangandi. Kengashning avvalgi rahbari Shavkat Javlonov esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisining o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan.

Bundan avvalroq Andijon viloyati Jalaquduq tumani hokimi Sodiqjon Turdiyev ham «Nuroniy» jamg‘armasi raisiga aylantirilib, prezident farmoni bilan senator etib tayinlangandi. Jamg‘armaning avvalgi rahbari Shuhrat Jalilov Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmalari tashkilotlari Respublika Kengashi raisiga maslahatchi etib tayinlangan.

18 yanvar kuni prezident «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolarini tayinlash to‘g‘risida»gi farmoni bilan 13 nafar senatorni tayinlagandi, Rahmat Mamatov ular qatoriga 14-bo‘lib qo‘shildi.

Mavzuga oid