O‘zbekiston | 18:53 / 04.04.2020
5093
3 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati bo‘ylab bozor yoki savdo nuqtalaridan uzoq hududlarda muqim va ko‘chma savdo shoxobchalari tashkil etiladi

Ushbu savdo nuqtalarida un, makaron, o‘simlik yog‘i, guruch, mosh, shakar, tuz, choy, kartoshka, piyoz, sabzi, tuxum, karam, ko‘kat, tomat va konserva mahsulotlari doimiy bo‘lishi qat'iy belgilab qo‘yildi.

Foto: KUN.UZ

Namangan viloyati hokimining farmoyishi bilan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish choralarining amal qilish davrida viloyat aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz va qulay sharoitda ta'minlash hamda narx-navoning barqarorligini saqlashning vaqtinchalik tartibi joriy etildi.

Farmoyishga asosan, hududiy tashkiliy guruhlar tomonidan ikki kun muddatda mahallalar kesimida savdo shoxobchalarini tashkil etish zaruriyati o‘rganilib, oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotgan bozor yoki savdo nuqtalaridan uzoq hududda joylashgan mahalla yoki boshqa aholi punktlari ajratib olinib, ro‘yxati tuziladi va mazkur ro‘yxat asosida tegishli hududda (olis qishloqlarda, ko‘p qavatli uylar oldida) savdo shoxobchalarini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Bunda asosiy e'tibor ushbu hududda joylashgan bozorlar filiallari, do‘konlar hamda savdo rastalariga qaratiladi. Agarda bunday imkoniyat mavjud bo‘lsa, muqim savdo shoxobchasi, mavjud bo‘lmagan taqdirda ko‘chma savdo shoxobchasi tashkil etiladi.

Ushbu savdo nuqtalarida un, makaron, o‘simlik yog‘i, guruch, mosh, shakar, tuz, choy, kartoshka, piyoz, sabzi, tuxum, karam, ko‘kat, tomat va konserva mahsulotlari doimiy bo‘lishi qat'iy belgilab qo‘yildi.

Sanitariya va gigiyena talablariga rioya etilishini ta'minlagan holda qo‘shimcha ravishda tez buziluvchan mahsulotlar (sut, go‘sht, baliq va boshqalar) hamda xo‘jalik mollari savdosi ham tashkil etilishi mumkin.

Hududlarda tashkiliy guruhlarga tuman (shahar) hokimi rahbarlik qiladi, uning tarkibiga sektorlar, Bosh prokuratura huzuridagi Departament, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi hamda veterinariya bo‘limlari, Fermer, dehqon va tomorqa er egalari xo‘jaliklari kengashi, dehqon bozori ma'muriyati rahbarlari kiritiladi.

Ushbu tadbirlarning barchasi karantin, sanitariya va epidemiologiya qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda ijtimoiy oraliq masofa (2 metr) saqlagan holda amalga oshirilishi shartligi belgilanmoqda.

Mavzuga oid