O‘zbekiston | 21:54 / 10.02.2020
39091
6 daqiqa o‘qiladi

Yana bitta soxta OTM, Qashqadaryoda paxta o‘g‘rilari va boshqalar – so‘nggi kunlarda aniqlangan jinoyatlar

Xivada oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritishni va'da qilgan fuqaro 120 mln so‘mdan ortiq pul jamg‘ardi, Chiroqchida esa 2,1 mlrd so‘mlik 545,6 tonna paxta xom-ashyosini talon-toroj qilganlar qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura axborot xizmati mahkama huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining hududiy boshqarma va bo‘limlari tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan korrupsiya, firibgarlik va tamagirlik holatlari haqida ma'lumot berdi.

Xivada fuqarolarni o‘qishga noqonuniy kiritmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi

«Ma'mun nomidagi jahon tillari» NTM rahbari A.N. fuqarolarni oliy ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitishga ruxsat beruvchi tegishli litsenziyasi bo‘lmasa-da, fuqaro E.I.ga NTMni chet tili filologiyasi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitib, bakalavr diplomi berish imkoniyatiga egaligini aytib, uni aldab, o‘quv yurtining 2-semestridan o‘qishni boshlashiga yordam berishi evaziga 1 850 AQSh dollari talab qilib, shundan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shuningdek, NTM rahbari A.N. bir necha fuqarolarning ishonchiga kirib, ularining 128,5 mln. so‘m va 500 AQSh dollarini qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Holat yuzasidan NTM rahbari A.N.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbir Departamentning Xiva shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Kattaqo‘rg‘onda harbiy xizmatga yuborish uchun tamagirlik qilgan shifokor qo‘lga olindi

Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiy chaqiruv komissiyasi katta vrachi T.I. fuqaro X.Sh.ga uning o‘g‘li A.T.ni oyog‘i yassi ekani va tibbiy ko‘rikda «muddatli harbiy xizmatga yaroqsiz» deb topilganini, lekin tanishlari orqali muddatli harbiy xizmatga yuborish masalasini hal qilib berish evaziga 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

T.I.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbir Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Jarqo‘rg‘onda qarzni qaytarish uchun pora talab qilgan hisobchi ushlandi

Jarqo‘rg‘on tuman «Yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasi bosh hisobchisi D.B. xizmat mavqeyidan foydalanib, korxonaning «X.» xususiy dehqon fermer xo‘jaligidan mavjud 43,7 mln. so‘m qarzdorligini to‘lab berish evaziga, xo‘jalik rahbari D.dan 2,0 mln. so‘m pullarni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

D.B.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbir Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan prokuratura xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Hazoraspda hujjatlarni tayyorlab bermoqchi bo‘lgan kadastr xodimi hibsga olindi

«Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasining Hazorasp tuman filialining turar joylarni inventarizatsiya qilish va baholash bo‘limi mutaxassisi B.M., fuqaro K.E.dan uning eski turar joy binosiga kadastr yig‘ma jildini tayyorlab, tanishlari orqali tuman hokimining ko‘chmas mulkka egalik qilish to‘g‘risidagi qarorini chiqartirib berish evaziga 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

B.M.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbir Departamentning Hazorasp tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Buxoroda maktab direktori o‘qituvchidan pora talab qildi

Buxoro shahridagi 9-sonli maktab direktori T.I. shu maktab o‘qituvchisi Yu.H.dan uzrli sabablarsiz ishga kelmagani sababli unga chora ko‘rmaslik va mehnat shartnomasini bekor qilmaslik evaziga tamagirlik yo‘li bilan 500 ming so‘mni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan T.I.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbir Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Chiroqchida juda ko‘p miqdordagi paxta xom-ashyosini talon-toroj qilish holati aniqlandi

«Chiroqchi paxta tozalash» AJning mansabdor shaxslari hamda jamiyat katta tovarshunosi Sh.T. o‘zlariga ishonib topshirilgan umumiy narxi 2,1 mlrd. so‘mlik 545,6 tonna paxta xom-ashyosini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan «Chiroqchi paxta tozalash» AJ mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid