Bosh prokuratura axborot xizmati mahkama huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining hududiy boshqarma va bo‘limlari tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan korrupsiya, firibgarlik va tamagirlik holatlari haqida ma'lumot berdi.

Xivada fuqarolarni o‘qishga noqonuniy kiritmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi

«Ma'mun nomidagi jahon tillari» NTM rahbari A.N. fuqarolarni oliy ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitishga ruxsat beruvchi tegishli litsenziyasi bo‘lmasa-da, fuqaro E.I.ga NTMni chet tili filologiyasi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitib, bakalavr diplomi berish imkoniyatiga egaligini aytib, uni aldab, o‘quv yurtining 2-semestridan o‘qishni boshlashiga yordam berishi evaziga 1 850 AQSh dollari talab qilib, shundan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shuningdek, NTM rahbari A.N. bir necha fuqarolarning ishonchiga kirib, ularining 128,5 mln. so‘m va 500 AQSh dollarini qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Holat yuzasidan NTM rahbari A.N.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbir Departamentning Xiva shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Kattaqo‘rg‘onda harbiy xizmatga yuborish uchun tamagirlik qilgan shifokor qo‘lga olindi

Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiy chaqiruv komissiyasi katta vrachi T.I. fuqaro X.Sh.ga uning o‘g‘li A.T.ni oyog‘i yassi ekani va tibbiy ko‘rikda «muddatli harbiy xizmatga yaroqsiz» deb topilganini, lekin tanishlari orqali muddatli harbiy xizmatga yuborish masalasini hal qilib berish evaziga 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

T.I.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbir Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Jarqo‘rg‘onda qarzni qaytarish uchun pora talab qilgan hisobchi ushlandi

Jarqo‘rg‘on tuman «Yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasi bosh hisobchisi D.B. xizmat mavqeyidan foydalanib, korxonaning «X.» xususiy dehqon fermer xo‘jaligidan mavjud 43,7 mln. so‘m qarzdorligini to‘lab berish evaziga, xo‘jalik rahbari D.dan 2,0 mln. so‘m pullarni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

D.B.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbir Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan prokuratura xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.