“Biz bu qonun qabul qilinishiga qarshimiz!” - IIVning taklifiga internetdagi aks sado
Ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining fikricha, huquq organlari xodimlarining foto va videolarini ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun jazo belgilansa, bu O‘zbekistondagi ochiqlikka jiddiy soya soladi. Kun.uz internet foydalanuvchilarining qonun loyihasi bo‘yicha izohlarda qoldirgan fikrlarini jamladi.
O‘zbekistonda huquq organlari xodimlarining foto va videolarini ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun jazo belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida jamoatchilik vakillari – jurnalistlar va blogerlar ishtirokida muhokama qilindi.
Bu muhokama tafsilotlari OAVda e’lon qilingach, qonun loyihasi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining keskin tanqidiga uchradi. Kun.uz ularning ayrimlarini jamladi.
“Bunday qonun chiqqandan keyin xalq chindan xam ichki ishlar xodimlariga ishonmay qo‘yadi. Millat kelajagiga achindim”, deya yozgan foydalanuvchilardan biri.
Farhod Matnazarov ismli foydalanuvchi esa mazkur qonun qabul qilinishiga qarshiligini bildirib, bu bilimsizlik ekanini ta’kidlagan.
“Obro‘ni saqlash uchun qonun chiqarishdan ko‘ra, obro‘ni oshiradigan amallarini ko‘paytirish uchun qonun zarur” – Samandar Qurbonov.
“Hech qachon bunaqa qonun qabul qilinmasligi kerak! Ochiqlikka ochiqchasiga tahdid bu” – Fozilbek Oripov.
“Men IIBdan pensiyaga chiqqanman. Agar bu qonun qabul qilinsa, fuqarolarning ko‘pchiligi o‘lib ketadi. Men qarshiman” – Akrom Ochilov.
“Qonunni zo‘r berib himoya qilayotganlar, vaqti kelib jiddiy xato qilganlaringizni ko‘rasizlar. Bu qonun bilan o‘z yaqinlaringizga ham adolatsizlik qilinadi. Ichki ishlar organlari xodimlari jabrlanuvchi bo‘lgani holda ish bo‘yicha o‘zlari qaror qabul qilishi yanada jiddiy xato bo‘lyapti. Prokuratura nazoratni taminlaydi deb ishonish ahmoqlik” – Sodiqjon Berdialiyev.
“IIB xodimlari qonuniy ishlasin, shunda u xodim hech qanday kameradan ham, s’yomkadan ham qo‘rqmaydi. O‘zlarining noqonuniy harakatlarini yashirish uchun ishlab chiqilmoqda bu qonun” – Usar Muradov.
“O‘zi o‘ziga pichoq urmaydi-ku, organ xodimlarining bir-biriga ishi tushadi. Natijada bir-biriga yon bosadi. Organ xodimlari obro‘sini va xalqning hurmatini qozonmoqchi bo‘lsa, qonun doirasida va nizomlarga asoslanib xizmat olib borishi shart. Bu uchun organ xodimlarning maoshini ko‘taringlar” – Umid Hoshimov.
“Huquqni muhofaza qilish organlariga alohida modda qo‘shilayotgan emish. Nega endi sog‘liqni saqlash hamda ta’lim vazirliklari bundan mustasno bo‘lish kerak?! Nega endi xodimlarni videotasvirga olib internetga joylamaslik kerag-u, o‘qituvchi va shifokor, qolaversa boshqa soha vakillarini bunday qilish mumkin? Yoki bizda faqatgina huquqni muhofaza kilish organlari obro‘li hisoblanadimi? Qolgan sohalarning bir tiyinlik qadri yo‘qmi? – Azizbek Sotvoldiyev.
“Shunchalik o‘zlaringizni sevar ekansizlar, xalqni ham sevinglar. Videoga olsa nima bo‘ladi? Qilgan aybingiz bilinib qoladi-da. Ozgina bo‘lsa ham uyalinglar. Undan ko‘ra, qonun bilan vijdonan vazifangizni bajaringlar, hech kim hech narsa demaydi, aksincha, rahmat aytadi” – Nodir Matyoqubov.
Ma’lumot uchun, qonun bilan, huquq organlari xodimlarini foto yoki videotasvirga tushirishga taqiq qo‘yilmayapti, belgilanayotgan javobgarlik bu tasvirlarni ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatishga taalluqli. Fuqaro tasvirlarni nima maqsadda tarqatganiga qanday oydinlik kiritilishi, ya’ni fuqaroga “obro‘sizlantirish maqsadida tarqatgansan” deb ayblov qo‘yishga nima asos bo‘lishi yuzasidan savollar ochiq qolmoqda.
Faollar qonunni o‘qimasdan fikr bildirishda ayblandi. Ular qonunni qayerdan o‘qisin?
Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham qonun muhokamasi haqida to‘xtalib, uning tashabbuskorlariga xalqni ayblashdan ko‘ra, ochiqlikka amal qilsak bo‘lmaydimi, degan savolni qo‘ydi.
“Bugun Senatda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Organ xodimlarini video va fotoga olib tarqatmaslikka oid qonun bo‘yicha.
Avvalo shunaqa yig‘ilish o‘tgani yaxshi bo‘ldi. Tashabbus kimdan chiqqan bo‘lsa ham, katta rahmat. Jamoatchilikda norozilik tug‘dirgan shunaqa vaziyatlarga mas’ullar ochiq muloqot orqali javob topishi va tushuntirish berishi kerak. Ya’ni xalqqa borini ko‘rsatish kerak.
Yig‘ilish avvalida yo‘llarimizda avariyalar va o‘limlar soni kattaligi uchun ushbu qonunni qabul qilish kerak, deb chalg‘ituvchi ma’lumotlar aytildi. Vaholanki, e’tiroz bildirilayotgan organ xodimlarining foto-videosini internetga joylashni taqiqlovchi qonunga avariyalar va o‘limlarning bir gramm ham aloqasi yo‘q!
O‘zi umuman Senatdagi bugungi yig‘ilish mazmuni ko‘proq qonunni himoya qilish, uning to‘g‘riligini ta’kidlash va eng qizig‘i, jurnalist va blogerlarga dakki berish uchun tashkil qilinganday tuyuldi. Savol bergan jurnalist va bloger borki, deyarli barchasi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisidan dakki eshitib oldi. Savollarga ham aniq dalillar va faktlar bilan batafsil javob qaytarilmadi, uzuq-yuluq gaplar aytish bilan cheklanildi. Ayrim savollar butunlay javobsiz qoldi.
“Siz tushunmaysiz, siz bilmaysiz, siz nimalar deyapsiz o‘zi, siz unaqa demang, siz bunaqa demang, bunaqa deyishga haqqingiz yo‘q” degan gaplar aytildi. Xullas, ajoyib yig‘ilish haqida ko‘p gapirsa bo‘ladi, lekin eng muhim joyiga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Mas’ullar va taklif qilingan ekspertlar xalqning aksariyat vakillari Qonunchilik palatasi qabul qilgan bu qonunni o‘qimasdan, tushunmasdan tanqid qilayotganini aytib, dakki berishdi, ayniqsa ayrim blogerlarga e’tiroz bildirishdi. Ayniqsa, yuridik oliygohlardan kelgan professor-o‘qituvchilar qonunni ma’qullashda juda faol bo‘lishdi va 90 foizdan ko‘proq odamni qonunni o‘qimasdan yozishda ayblashdi.
Jamoatchilikni tushunmaslikda, o‘qimaslikda ayblayotganlarga boshqa savolim bor: Baraka topgurlar, xo‘p, xalq qonun matnini qayerdan o‘qisin? Qayerdan ko‘rib, tanishsin? Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunlarini e’lon qiladimi? Yo‘q! Senat ko‘rib chiqayotgan yoki hattoki ma’qullagan qonun matnlarini e’lon qiladimi? Yo‘q! Yoki aynan shu qabul qilingan qonun matnini Ichki ishlar vazirligi e’lon qildimi? Yo‘q!
Abdulla Oripov she’rida hovuzdagi tilla baliqcha shu ko‘lmagini butun dunyo deb bilganidek, jamoatchilikni tushunmaslikda ayblayotgan hurmatli professorlar ham o‘zi ekspert sifatida qonunni o‘qib ko‘rgani uchun, 36 million o‘zbekistonlikda ham shunaqa imkoniyat bor deb o‘ylayapti. Ammo ming afsuski, unaqa emas. Xalqda bunaqa imkoniyat yo‘q.
Jamoatchilik toki qonun imzolanib, rasman e’lon qilinmaguncha hech qayerdan qonun matnini topa olishmaydi (bir-ikkita o‘ta ahamiyatli qonunlar bundan mustasno). Parlament uchun qachon ochilish vaqti kelarkin? Og‘zimizni to‘ldirib xalqni ayblashdan oldin, balki o‘zimiz yetarli axborot berishni boshlarmiz”, deb yozdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
“Yopiqlik sari harakatlar o‘z cho‘qqisida”
Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev qonunni qabul qilishga bo‘layotgan urinishni absurd deb atadi.
“Kecha Senatda IIO xodimlarini foto va videoga olib, internetga tarqatmaslik bo‘yicha qabul qilinishi aniq bo‘lgan qonun yuzasidan jamoatchilik vakillari ishtirokida majlis bo‘lib o‘tibdi. Majlisda sobiq Ichki ishlar vazirligida boshqarma boshlig‘i, hozirda esa Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burxonov ushbu qonunni himoya qilib, qonunni tanqid qilayotgan jurnalist va blogerlarga dakki bergan.
Bu signal ko‘pchilikka tushunarli bo‘ldi: yopiqlik sari harakatlar o‘z cho‘qqisida.
Shunday ekan absurdning davomiyligini ta’minlash nuqtai nazaridan men xuddi shunday qonunni ekologiya xodimlariga nisbatan ham tatbiq etishni taklif qilaman!
Marhamat: pedagoglar ham, kadastrchilar ham, sog‘liqni saqlash ham o‘z sohasi bo‘yicha bunday qonun joriy etilishini talab qilishsin”, deya ta’kidlagan sobiq deputat.
Eslatib o‘tamiz, qonunda huquq organlari xodimlarining foto va videotasvirlarini ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun 50 BHM (17 mln so‘m) jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
Jamoatchilik faollari, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va “Yuksalish” umummilliy harakati bu normani ochiqlik siyosatiga zid deb baholagan.
Mavzuga oid
16:25 / 19.09.2024
«Sudga ijtimoiy bosimning oldini olish uchun jarayon yopiq o‘tkazilyapti» – Sudyalar oliy kengashi Aziz Voitov ishi haqida
15:31 / 12.09.2024
Aziz Voitov sudi yopiq tarzda ko‘riladigan bo‘ldi
14:36 / 06.09.2024
Korrupsion ishlar bo‘yicha sud majlislari jonli efirga uzatilishi kerak. Farmon talabi bu safar bajariladimi?
17:34 / 04.09.2024