O‘zbekiston | 18:24 / 18.06.2020
51463
1 daqiqa o‘qiladi

«Koronavirus ularda klinik belgilarsiz kechgan» – Vazirlar Mahkamasi xodimlarida virus chiqqani bo‘yicha rasmiy xabar berildi

Bosh vazir matbuot xizmati Kun.uz’ga Vazirlar Mahkamasi xodimlaridan ikki nafarida 17 iyun kuni koronavirus aniqlangani yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

O‘rganishlar natijasida koronavirus ularda klinik belgilarsiz (simptomlarsiz) kechayotgani ma'lum bo‘lgan.

«Belgilangan tartibda zarur choralar ko‘rilib ushbu xodimlar shifokorlar nazoratiga olindi. Ular bilan ish jarayonida muloqotda bo‘lgan xodimlar ikki hafta muddatga karantinga o‘tkazildi va ayni paytda Vazirlar Mahkamasi doimiy tartibda ishlamoqda.

Shuni alohida qayd etish lozimki, hukumat pandemiya davrida muntazam ravishda faoliyat yuritib kelmoqda», deyiladi xabarda.

Kun.uz sayti 17 iyun kuni o‘z manbalariga tayanib Vazirlar Mahkamasi departament mudiriga COVID-19 tashxisi qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.

Bugun, 18 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Vazirlar Mahkamasining ikki xodimida virus chiqqanini tasdiqladi.

Mavzuga oid