O‘zbekiston | 15:41 / 30.07.2020
4546
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar uchun 1010ta zaxira joy tayyorlangani ma'lum qilindi

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, koronavirusga chalingan bemorlar uchun Yangiyo‘l tumanida – 340ta, Zangiota tumanida – 350 ta va Chirchiq shahrida – 320 ta o‘rin tashkil etilgan.

«Hozir viloyat kasalxonalarida jami 8474ta o‘rin mavjud. Shundan 2329 tasi viloyat va 6145tasi shahar-tuman tibbiyot birlashmalarida tashkil etilgan. Viloyat miqyosidagi shifokorlar 4814 nafar, hamshiralar esa 29598 nafarni tashkil etadi.

Kasallanganlarni davolash uchun tashkil etilgan 1010ta shifo-o‘rinlari bemorlarni qabul qilishga tayyor. Muolaja xonalariga kislorod ballonlarini o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda. Shundan Yangiyo‘l tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida – 340ta, Zangiota tumanidagi «Nazarbek» sanatoriyasida – 350ta va Chirchiq shahrida – 320ta joy tayyorlangan.

Bundan tashqari, kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni yakkalash maqsadida sihatgoh, dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarida qo‘shimcha ravishda 12 mingdan ziyod o‘rin tayyorlab qo‘yilgan», deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmatining xabarida.

Qayd etilishicha, viloyat bo‘yicha 241ta sog‘liqni saqlash muassasasi mavjud bo‘lib, shundan 52ta kasalxona, 189ta ambulator poliklinika hamda 58 ta qishloq vrachlik punktidan iborat. QVPlarga 151 shifokor, 677 patronaj hamshiralari biriktirilgan, viloyat miqyosida 3335 nafar tez tibbiy yordam xodimlari faoliyat yuritmoqda.

«Viloyat miqyosidagi sog‘liqni saqlash muassasalari 238ta avtomashina, 125ta aloqa vositalari bilan ta'minlangan. 29 iyul kuni 2836 nafar fuqarodan koronavirusga tahlil olinib, 2014 ta test tahlillari o‘tkazildi. Shundan 191ta tahlil musbat, 1823 tasi manfiy chiqdi. 2488 ta tahlil tekshirish uchun laboratoriyada saqlanmoqda.

Pandemiya boshlangandan beri viloyat bo‘yicha 171460 nafar shaxsdan test olingan. Ayni paytda Toshkent viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalari tasarrufida 850 ta maxsus test jamlamasi zaxirasi mavjud.

Uy sharoitida davolanayotgan bemorlarni davolash uchun 9532 nafar tibbiyot xodmlari jalb etilgan. Ulardan 2216 nafari shifokor, 4396 nafari xamshira, 2350 nafari tibbiyot xodimi va 570 nafari tibbiyot sohasining boshqa vakillaridir», deya viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Orziqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya boshlangangan buyon Toshkent viloyatida 3119 nafar shaxsning koronavirusga chalingani aniqlangan. Shu paytgacha 2026 nafar shaxs kasallikdan sog‘aygan. Ayni paytda 1077 nafar bemor davolanmoqda. Hozirgacha 16 nafar bemor kasallik asoratlari tufayli vafot etgan. 29 iyul kuni 191 ta holat aniqlangan bo‘lib, ularning barchasi aholi orasidan chiqqan.

2020 yil 30 iyul holatiga ko‘ra, kasallanganlarning 15 nafari holati o‘ta og‘ir, 14 nafari og‘ir, 61 nafari o‘rta, 167 nafari qoniqarli ahvolda. Alomatlarsiz uy sharoitida davolanayotganlar 802 nafarni, pnevmoniya holatidagilar 96 nafarni tashkil etadi.

Mavzuga oid