O‘zbekiston | 17:59 / 20.11.2024
3130
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik bilan muhokama qilinmayotganiga e’tiroz bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Adliya vazirligiga bir oy muddatda bu masalada takliflarni deputatlar bilan muhokama qilish va Hukumatga kiritish topshirig‘ini berdi. Barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini majburiy jamoatchilik muhokamasi o‘tkazish talabi 2022 yilda bekor qilingan edi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida nutq so‘zlagan prezident Shavkat Mirziyoyev ijro hokimiyati organlari qarorlar qabul qilishda qonuniylikni, ularning asoslangan bo‘lishini ta’minlashi lozimligini aytdi.

Prezident, keyingi paytlarda qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik bilan maslahat qilishda qonunlarda belgilangan talablarga hamisha ham rioya etilmayotganiga e’tiroz bildirdi.

Adliya vazirligiga bu masalada bir oy muddatda o‘z takliflarni Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitasi bilan birga muhokama qilish va hukumatga kiritish topshirig‘i berildi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, hukumatning qonunchilik tashabbusi bilan Qonunchilik palatasiga kiritayotgan qonun loyihalari sifatini oshirish ham dolzarb masala bo‘lib turganini qayd etdi.

NHH loyihalarini jamoatchilik muhokamasiga majburiy joylashtirish tartibi bekor qilingan

Adliya vazirligi faoliyatiga doir prezident qarori bilan 2018 yil 1 maydan boshlab “barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi lozim” edi.

Taqdim etilayotgan loyihalarga jamoatchilikda e’tirozlar va savollar ko‘payib borishi fonida, bu norma 2022 yil mart oyida bekor qilindi.

Endi, barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari emas, balki faqat “muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasida” bo‘lib qoldi. Hujjatning muhim yoki muhim emasligi aniq mezonlari yo‘qligi tufayli, shu bilan birga jamoatchilik muhokamasiga chiqarish majburiy emas “qoida tariqasida” bo‘lgani uchun bu tartib deyarli ishlamay qoldi. Natijada, so‘nggi yillarda ko‘plab muhim hujjatlardan jamoatchilik muhokamasiga chiqarilmay, qabul qilinib ketdi.

2022 yilda NHH loyihalarini jamoatchilik muhokamasiga majburiy joylashtirish tartibi bekor qilingach, Adliya vazirligi bunga izoh berishga uringan, lekin Kun.uz vazirlik keltirgan barcha argumentlarga nisbatan savollar yetarli ekanini yozgandi.

Mavzuga oid