O‘zbekiston | 00:59 / 19.04.2020
45915
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat un savdosini birjadan vaqtincha chiqardi

Import qilinadigan un kamaygani tufayli, ichki bozorda g‘alla mahsulotiga talab oshdi. Birjada sotib olingan unning asosiy qismi respublikaning chekka hududlariga yetib bormasdan, narx oshib ketgandi.

Foto: KUN.UZ

Koronavirus pandemiyasi sharoitida yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib un mahsuloti, barcha hudularga bir maromda yetkazib berishni ta'minlash maqsadida, birja savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bilan sotilishi belgilandi. Bu haqda hukumatning joriy yil 16 apreldagi «Koronavirus pandemiyasi sharoitida respublika aholisini davlat resurlari hisobiga un mahsulotlarini tizimli va kafolatli yetkazib berish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi yig‘ilish bayonida bildirilgan.

«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Uzoqovning Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, pandemiya davrida kompaniya tarkibiga kiruvchi don mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma qilgan holda, tadbirkorlar un xarid qilishi mumkin. 

«O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, tadbirkorlar ro‘yxati tumanlar kesimida shakllantiriladi. Ushbu ro‘yxat asosida tadbirkorlar viloyatda faoliyat olib boruvchi don mahsulotlari korxonalariga biriktiriladi. Shuningdek, ushbu ishlarni tashkil etish va nazoart qilish Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda huquq-tartibot organlari tomonidan yuritiladi», - deydi u.

Ta'kidlanishicha, un mahsulotlari yetkazib berilishi hamda narxlarning shakllanishi soliq va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qat'iy nazoratga olindi.

Hukumat topshirig‘iga asosan, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tizim korxonalarida ishlab chiqarilgan bir qop un uchun narx 125 ming so‘m qilib belgilandi.

Uzoqovning aytishicha, davriy xarajatlar bilan 50 kilgrammli bir qop un tadbirkorga 140 ming so‘mdan kam pulga tushadi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi un va g‘alla eksportiga qo‘yilgan kvotani oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi tizim korxonalari tasarrufida bo‘lgan zamonaviy energiyatejamkor texnologiyalar bilan jihozlangan 52ta tegirmon sexlarida har kuni 6000 tonnadan ortiq un ishlab chiqarilmoqda.

«Bugungi kunda tizim korxonalari omborlarida 32 ming tonnadan ortiq un zaxiralari bor va ehtiyojdan kelib chiqib ishlab chiqarish xajmlarini oshirish imkoniyatlari mavjud. Bundan tashqari, tizim korxonalari omborlarida respublikamiz aholisining un mahsulotiga bo‘lgan talabini to‘la qondirish uchun yetarli miqdorda don zaxiralari mavjud», - deya ma'lumot berdi Uzoqov.

Mavzuga oid