O‘zbekiston | 19:36 / 08.04.2026
1795
5 daqiqa o‘qiladi

Renovatsiyada qo‘shimcha kompensatsiya va haykalni o‘pgan ayolga jarima – mahalliy dayjest

Renovatsiyada mulkdorlarga yetkazilgan noqulaylik uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lanishi mumkin. Xivada haykalni o‘pgan ayol jarimaga tortildi. Futbol bo‘yicha Superliga o‘yinlarini soat 19:00 dan keyin belgilash choralari ko‘riladi. Avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siq va notekislik yaratish taqiqlanishi mumkin. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Renovatsiyada mulkdorlarga yetkazilgan noqulaylik uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lanishi mumkin

Senatning navbatdagi majlisida «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi va ma’qullandi.

Qonunda mulkdorlarga beriladigan kompensatsiyaning to‘rt xil shakli nazarda tutilmoqda. Jumladan, kompensatsiya shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yangi yoki boshqa joydagi turar va noturar toifadagi obektni mulk qilib berish, pul mablag‘lari yoxud kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar orqali amalga oshirilishi mumkin. Kompensatsiya shakli mulkdor va Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ixtiyoriy ravishda tanlanadi. Shuningdek, mulkdorlarga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiya miqdorining o‘n ikki foizi miqdorida bir martalik pul mablag‘lari berilishi belgilanmoqda.

Xivada haykalni o‘pgan ayol jarimaga tortildi

JIB Xiva shahar sudi Ichan-qal’adagi haykallardan birini o‘pgan ayolga ma’muriy jazo qo‘lladi.

Sud qaroriga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida yashovchi 25 yoshli M.G. sayohat qilish uchun Xiva shahriga borgan. U 21 fevral kuni Ichanqal’adagi Xorazm milliy musiqa san’ati namoyandalariga bag‘ishlangan haykalni o‘pib, tasvirga olgan. So‘ngra uni ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasiga joylashtirgan.

Sud qarori bilan M.G. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 64-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan moddiy madaniy meros obektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish huquqbuzarligini sodir etgan deb topildi. Unga BHM 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Futbol bo‘yicha Superliga o‘yinlari soat 19:00 dan keyin belgilanishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda futbol bo‘yicha milliy chempionat o‘yinlari ba’zida ish vaqtida o‘tkazilayotgani, shu bois, muxlislar davomati kutilganidek bo‘lmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, agar o‘yin vaqti dam olish kuni yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilansa, stadionlar atrofida aholiga qiziqarli qo‘shimcha xizmatlar, musiqiy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilinsa, o‘yin kunlari muxlislar uchun qulay transport qatnovi yo‘lga qo‘yilsa, raqib jamoa muxlislariga arzon futbol turpaketlari taklif qilinsa, klublar uchun 2-3 karra ko‘p tushum, muxlislar uchun mazmunli hordiq, tadbirkorlarga qo‘shimcha daromad bo‘ladi. Mutasaddilarga mana shu ishlar orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siq va notekislik yaratish taqiqlanishi mumkin

Senatning navbatdagi yalpi majlisida yangi tahrirdagi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi va ma’qullandi.

Qayd qilinishicha, qonunda yo‘l harakati xavfsizligiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanmoqda, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi esa faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda. Qonunda pulli yo‘llarni tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirish, to‘lovlarni avtomatlashtirilgan tarzda undirish, foydalanuvchi va operator o‘rtasidagi ommaviy shartnoma kabi munosabatlar ham tartibga solinmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid