Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Do‘stlik” bojxona postidagi tirbandliklarning sababi nimada?
O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida joylashgan “Do‘stlik” chegara bojxona postidan ayrim kunlari sutkasiga 20 minggacha fuqaro o‘tmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Andijon viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Farhod Karimov ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda viloyat bojxona boshqarmasi tarkibida jami 7ta bojxona posti mavjud bo‘lib, fuqarolar harakati, birinchi navbatda, “Do‘stlik”, so‘ngra “Madaniyat” va “Andijon aeroporti” chegara bojxona postlari orqali o‘tadi.

“Qorasuv shahridagi “Turatali” bozorida ulgurji savdo bo‘ladigan kunlarda “Do‘stlik” bojxona posti orqali odamlar oqimi sutkasiga 20 ming nafargacha yetdi va bu bojxona postining kuchaytirilgan tartibda ishlashiga sabab bo‘lmoqda”, dedi Karimov.
Ayrim “uddaburonlar” guruhlar tuzib olgan bo‘lib, bir-ikki kishi bojxonachilarni chalg‘itishga, uchinchisi esa yuklarni olib o‘tishga harakat qiladi.
“Vazirlar Mahkamasining «Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, shu yilning 1 iyulidan boshlab qo‘shni davlatlardan bojxona orqali olib kelinayotgan tovarlarning miqdori qisqardi hamda chegaralandi. Endilikda 20 turdagi maishiy texnika buyumlari va ofis texnikalari 1 kalendar oyida chegarani birinchi marotaba kesib o‘tayotganda faqat 1 donadan olib o‘tilishi mumkin. Biroq ayrimlar bu tartib-qoidani chetlab o‘tishga urinib, ko‘p miqdorda sotib olgan mahsulotlarini olib o‘tish uchun boshqa shaxslardan foydalanishga harakat qilishmoqda. Hattoki o‘q-dorilar, ov qurollari olib o‘tishga urinish holatlari ham sodir bo‘ldi. Masalan, postning kirish piyoda yo‘lagi orqali Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi X.D. ga tegishli bo‘lgan qo‘l va boshqa yuklari rentgen apparati yordamida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida uning qo‘l yuklari orasiga yashirilgan 1 litrli hajmdagi yelim idishda 6,3 kg ovchilarning patron o‘qini tayyorlashda ishlatiladigan qo‘rg‘oshin sharchalarni olib kirmoqchi bo‘lganligi bojxona xodimlari tomonidan aniqlandi”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni davlat tomonda fuqarolarning O‘zbekiston hududiga olib o‘tayotgan yuklari nazorat tekshiruvidan o‘tkazilmaydi, O‘zbekiston tomonda esa yuklar nazoratdan o‘tkaziladi. Fuqarolar o‘zlari bilan olib o‘tayotgan ko‘plab yuklari bilan o‘tish yo‘lini to‘sib qo‘yishmoqda, navbatga turish odobiga amal qilishmayapti, shovqin-suron, to‘polon orqali tezroq o‘tib ketishga harakat qilishmoqda. Aynan ana shunday shaxslar sababli Qorasuv bozorida ulgurji savdo bo‘ladigan kunlari bojxona postida tirbandliklar yuzaga kelmoqda.

“Odamlar tartib saqlashsa, bir-birlariga hurmat bilan yondashadigan bo‘lishsa, chegara postidan 15 daqiqa ichidayoq o‘tishlari mumkin. “Do‘stlik” chegara bojxona posti ochilishidan asosiy maqsad aslida xalqimizning qo‘shni mamlakatdagi ota-onasi, aka-ukasi, yaqinlari bilan erkin bordi-keldi qilishi uchun imkoniyat yaratish edi. Yurtdoshlarimizdan ana shu imkoniyatni suiiste'mol qilmasliklarini so‘ragan bo‘lardim”, - dedi Farhod Karimov.
Mavzuga oid
18:10 / 20.09.2025
“Yuk mashinalari sabab halovat yo‘q” – chegara qishloqdagi tartibsizliklar qachon barham topadi?
17:12 / 05.11.2024
Andijondagi “Do‘stlik” chegara bojxona postida transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatiladi
11:20 / 15.08.2021
TIV: Termiz-Hayraton ko‘prigi hududida vaziyat yumshagan. Afg‘onistonliklarning asosiy qismi ko‘prikni tark etgan
14:13 / 16.03.2021