O‘zbekiston | 19:11 / 28.05.2021
17800
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirishdagi kamchiliklarni tanqid qildi

«Pul bergan bo‘lsak, o‘tgan yildan beri tayyorgarlik qildilaring, lekin qani natija? Nega Ramatov biror kishini jazolash, ishdan olish bo‘yicha taklif kiritmaydi?» – dedi prezident.

Bugun, 28 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hududlarda ipoteka dasturlarini amalga oshirish, ko‘p kvartirali uy-joylar massivlarini barpo qilish, ularni inftratuzilma bilan ta'minlash hamda xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish mavzusida videoselektor bo‘lib o‘tmoqda.

«Bu kichkina masala emas, juda muhim. Bu ishlarga juda ko‘p mablag‘ beryapmiz. Ko‘p qavatli uy-joylarga shu paytgacha e'tibor bermagandik. Nima qilsak aholini rozi qilamiz? Har bir hokim bu bo‘yicha o‘z rejasini aytadi. Balandparvoz gaplar kerak emas, nima qilsak odamlar ishimiz natijasini sezadi, degan savolga javob izlashimiz kerak», dedi prezident so‘zining boshida.

«Joriy yilgi «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholini uy-joy bilan ta'minlash doirasida, 7 794 ta qishloq va mahallada bajarilishi lozim bo‘lgan aniq ishlar belgilanib, bunga 18 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, ichki yo‘llarni qurish va ta'mirlash ishlariga, yana qo‘shimcha 300 million dollar ajratdik. Natijada, birgina ichimlik suvi ta'minoti sohasida 1 ming 400 kilometr tarmoqlar qurildi va rekonstruksiya qilindi, 8,5 ming kilometr ichki yo‘llar ta'mirlandi.

O‘tgan davrda 2 ming kilometr elektr tarmoqlari tortilib, 1 mingta transformatorlar yangilandi. Lekin, barcha sohalar va hududlarda ham ishlar bir xilda sifatli bajarilayapti, deb bo‘lmaydi. Misol uchun, jami 256 ta (13 foiz) ijtimoiy soha obektlarining loyiha hujjatlari ishlab chiqilmagan bo‘lsa, 600 ta (47 foiz) obektlar bo‘yicha tender yakunlanmagan.

Shundan 290 ta maktab, 164 ta bog‘cha, 110 ta tibbiyot muassasasi, 12 ta madaniyat, 22 ta mahalla va 2 ta sport obekti.

Pul bergan bo‘lsak, o‘tgan yildan beri tayyorgarlik qildilaring, lekin qani natija? Nega Ramatov biror kishini jazolash, ishdan olish bo‘yicha taklif kiritmaydi?» – prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid