Janubiy Koreyaga mehnat migratsiyasi korrupsion sxemaga aylantirib bo‘lingan, endi navbat Yaponiyagami?
Oxirgi yillarda qilingan sa’y-harakatlar natijasida 20 mingdan oshiq o‘zbekistonlikni Yaponiyaga – rivojlangan mamlakatga ishga jo‘natishga imkoniyat paydo bo‘ldi. Va bu imkoniyatni yaratish uchun yakka shaxslar “o‘lib-tirilib” harakat qildi, titanik kuch sarfladi, ammo ishlar endi yo‘lga quyilgan paytda, kimdir ularning mehnati mahsulini o‘ziga olmoqchi, o‘zi o‘rgangan usullar bilan... Oqibatda esa Yaponiya ish bozori O‘zbekiston uchun yopilishi mumkin. “Bo‘rilar” sabab...
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyin tizimli islohotlar yo‘lidan bormagani uchun, 5-6 million kishisi mehnat migrantiga aylandi. Chunki aynan tizimli islohotlar ishchi o‘rinlarini yuzaga keltiradi, buyruq yoki topshiriqlar emas. O‘zbekiston esa aslida ishchi yuboruvchi emas, aksincha, ishchi jalb qilish potensialiga ega bo‘lgan mamlakat.
Mehnat migratsiyasi bizda ikki yo‘nalishga bo‘lindi. Bir yo‘nalish bu – malakasiz ishsizlar rivojlanayotgan mamlakatga yo‘l oldi va ular uchun arzon ishchi kuchi vazifasini o‘tadi. Bu bilan ular o‘zga mamlakatlarni rivojlantirdi. O‘zbekistonda esa butunboshli sohalar tanazzulga uchradi. Ikkinchi yo‘nalish – malakali, qimmatli kadrlar rivojlangan mamlakatlarga ketdi va o‘sha mamlakatlarni kadrlar bilan boyitdi. O‘zbekiston esa deyarli kadrlarsiz qoldi. Zero, yaxshi kadrlar isloh qilinmagan mamlakatlarda qolmaydi, voy desangiz ham, dod desangiz ham shu.
Rossiyaga millionlab malakasiz ishchilar qanday ketganini, ketayotganini, ular u yerda aksar ruhan tushkun ahvolda ishlab kelayotganini yaxshi bilamiz. Bu haqida ko‘p gapirdik. Ammo bir payt kelib, yana bir yo‘nalish paydo bo‘ldi, bu – Janubiy Koreyaga ishchi jo‘natish. Bu soha davlat idorasiga yuklandi va odatdagidek, kattakon korrupsion sxemaga aylandi: Janubiy Koreyaga borish uchun sodda odamlar qandaydir “yordam beruvchilar”ga pul berib kelishdi. Va ularga beriladigan pul miqdori oshib boraverdi.
Hech kimga sir emasdi – bu pullar Toshkentga qarab yo‘l olardi. Zero, aynan pul berganlar Koreyaga ketish imkonini qo‘lga kiritardi.
Yangi davr keldi, bu sohani isloh qilishga kirishildi. Nimalardir qilindi, ammo sodda odamlar hamon Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun pul berishyapdi. Hozirda bu norasmiy raqam 15 ming dollarni tashkil qiladi. Buncha puli bo‘lmaganlar-chi? Ular “yordamchilar”ning hisobidan ketadi va Janubiy Koreyaga borib olgandan keyin ularga 25 ming dollargacha ishlab berishi kerak bo‘ladi.
Endi vaziyatga tepadan qaraymiz-da, o‘ylab ko‘ramiz: o‘zi nochor, ishsiz, ishlab oilasini ta’minlashni niyat qilgan odamlar nega ishlashga borish uchun buncha pul to‘lashga majbur bo‘lyapdi? Va yana o‘sha tabiiy savol: bu pullar kimlarning cho‘ntagiga yetib boryapdi?
Biz Janubiy Koreya biznesi haqida hali gaplashamiz, hozir esa Janubiy Koreyadan tashqari, Yaponiyaga ishchi yuborish sohasini ham kimdir o‘z qo‘liga olayotgani alomatlari haqida gaplashamiz.
Yaponiya yo‘nalishida ham korrupsion tizim tashkillashtirmoqchi bo‘lishayotgani haqida gapirishdan oldin, 2020 yilda O‘zbekistondan Yaponiya ishga ketish, jo‘natilish mexanizmi qanday tashkillashtirilganiga e’tibor qaratamiz.
Yaponiyaga ishga borish mexanizmini sifatli, ochiq va shaffof qilish maqsadida 2020 yilda davlat rahbarining 4829-sonli qarori va topshirig‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 100 yillik tarixga ega bo‘lgan Yaponiyaning “Nippon Educational Academy Japan” institutini taklif qildi va yapon tili maxsus malaka test markazi tashkil etildi. Bu yerda Yaponiyaning “Nippon Academy” institutining 7 nafar yaponiyalik va 15 nafar mahalliy o‘qituvchilari Yaponiyada olib qaytgan tajribalari asosida dars berishadi.
Kurslar 2 semestrdan iborat bo‘lib, 6 oyga mo‘ljallangan. Odatda Yaponiyada bunday kurslarda o‘qishning kontrakt to‘lovi 4 ming dollarni tashkil etadi. Bu yerda esa bitiruv hujjatini sarf-xarajatsiz, imtiyozli tarzda qo‘lga kiritish imkoni mavjud. O‘qish davomida tilni tez o‘zlashtirgan nomzodlarga biryo‘la ish beruvchi bilan suhbat tanlovlarida ishtirok etish imkoniyati tashkillashtirilgan.
Masami Shimuzu, “Nippon Educational Academy Japan” prezidenti:
“O‘zbekistondan yapon tili va kasbiy ta’lim asoslarini o‘qitib berish bilangina cheklanib qolmasdan, biz ish beruvchi kompaniyalarda ishchilarning korporativ etikasi, Yaponiya qonun-qoidalari, ishchining mehnat huquqi, Yaponiyada adaptatsiya jarayonidagi ko‘nikmalar alohida darslik sifatida kiritilgan. O‘zbekiston prezidenti bilan bo‘lgan online muloqotimizdan keyin biz katta motivatsiya oldik va Yaponiyada ish izlayotgan o‘zbekistonliklar hamda O‘zbekiston mehnat kuchiga qiziqayotgan yapon ish beruvchilari uchun bepul ish bilan ta’minlash platformasini ishga tushirish arafasidamiz. Bu platforma O‘zbekistonda ilk bor yapon tilini va kasb malaka sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlarga Yaponiyada ish beruvchi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri vositachilarsiz mehnat shartnomasini tuzish imkonini beradi. Shu bilan birga yaqin kunlarda biz O‘zbekistondagi “Yapon tili va kasbiy malaka testi tayyorlov markazi” bilan hamkorlikda yapon tilini o‘rganuvchilarga o‘zbek tilida yapon tilini o‘rganish mobil ilovasini ham taqdim qilamiz. Bu mobil ilova O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan”
Maxsus malaka testlaridan o‘tgan nomzodlar ishlash huquqini beruvchi maxsus malakali ishchi maqomiga ega xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritishadi. Yapon ish beruvchilari tomonidan tan olingan Tokuteiginou malaka testlari shaffof va adolatli bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida jarayon Yaponiyaning adliya vazirligi va immigratsiya siyosati agentligi tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
Yaponiyaga borgandan keyin nomzodlar adaptatsion mashg‘ulotlarda 1 oy tayyorlanadi va so‘ng ishga tushadi. Bu vaqt oralig‘idagi hamma xarajatlar ish beruvchi tomonidan qoplanadi.
Yangi tizimning e’tiborli taraflari: kasb va tilga tayyorlovchi ta’lim tashkiloti, jo‘natuvchi tashkilot, shuningdek malakani baholovchi, ya’ni test oluvchi tashkilot va qabul qiluvchi tashkilotlar o‘ziga tegishli funksiyalarni bajaruvchi yagona g‘ildirak misoli. Ammo yuridik jihatdan bir-biriga bog‘lanmagan, ya’ni tizim korrupsion zanjir va manfaatlar to‘qnashuvidan xoli.
Ammo…
“Ammo”ga o‘tishdan avval, Yaponiyaga ketish bo‘yicha 2020 yilda tashkillashtirilgan mexanizm qanday yo‘lga qo‘yilganiga nazar solamiz.
Hozirgi kunda Yaponiyada ishlashni istagan fuqarolar 2 ta dastur bo‘yicha tayyorlanish imkoniyatiga ega:
- texnik malakani oshiruvchi dastur – stajyor tayyorlash,
- maxsus malakali ishchi tayyorlash dasturi.
Ikkinchi dastur yangi bo‘lib, 2019 yilda Yaponiya hukumati tomonidan joriy qilingan va 2025 yilgacha chet eldan 400 mingga yaqin mehnat resursini Yaponiyaga jalb qilishga qaratilgan. Maxsus malaka dasturi bo‘yicha ketish tartibi quyidagicha:
- Ketishgacha muddat 1 yil, testlardan muvaffaqiyatli o‘tsa.
- Maosh 1800-2000 dollardan yuqori, chegaralanmagan.
- Ishni almashtirsa bo‘ladi.
- Viza berish 10 yilgacha.
- Oila bilan birga borsa bo‘ladi.
- Fuqaro ish beruvchi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartoma qilishi mumkin.
Yaponiyaga maxsus malakali ishchi bo‘lib ketishning asosiy sharti – testlardan muffaqiyatli o‘tish. Shunda siz ish beruvchi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qilishga haqli bo‘lasiz. Orada hech qanday vositachilar bo‘lmaydi.
Bu dasturda yuboruvchi mamlakatdan biror bir jo‘natuvchi tashkilotni vosita qilishi belgilanmagan. O‘zbekiston qonunchiligiga ham bu to‘g‘ri keladi.
Texnik malaka dasturi bo‘yicha ketish tartibi quyidagicha:
- Ketishgacha muddat 7-8 oy.
- Maosh $1000-1200dan boshlanadi.
- Fuqaro bu dastur bilan xususiy bandlik agentligi yoki Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali ketishi mumkin.
- Ishni o‘zgartirish mumkin emas.
- Viza 3 yilgacha.
- Oilani olib borib bo‘lmaydi.
Yaponiyaning Adliya vazirligi saytida keltirilishicha, O‘zbekiston fuqarolari 3 xil yo‘l bilan Yaponiyaga borish imkoniyatiga ega:
- Xususiy bandlik agentliklari orqali.
- Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali.
- O‘zlari test topshirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali (bu O‘zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligiga ham mos keladi; ya’ni, 2018 yilda chet elga ishlash uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan ruxsatnoma olish tartibi prezidentning maxsus qarori bilan bekor qilingan).
Ana endi Yaponiya yo‘nalishida ham Koreya yo‘nalishi singari qanday korrupsion tizim yo‘lga qo‘yilayotgani haqida.
Yuqorida Yaponiya tomonidan tasdiqlangan 2 ta dastur tartibini ko‘rsatib o‘tdik: juda oson, soddalashtirilgan, bilim bo‘lsa hech qanday to‘siqlarsiz ketish imkoniyati. Testlarga na vazirlik, na o‘quv tashkiloti va na Tashqi migratsiya agentligi aralasha olmasligi mazkur tizimni shafof, toza va fuqarolar uchun qulay qiladi.
Dilafruz Ikromova, mazkur mexanizmni yaratishda ikki davlat orasida tegishli davlat organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bilan bir qatorda, Yaponiyaga ishchilar malakasini oshirishga qaratilgan infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatib, yordam bergan. 15 yil Yaponiyada yashagan, yapon, ingliz, turk, rus tillarini biladi. Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti hamda Tokio Soka unversitetlarini tamomlagan. Bir qancha yirik yapon kompaniyalarida muhim o‘rinlarda ishlab kelgan. 2020 yilda “Nippon Educational Academy MChJ” direktori, 2021 yilda yapon tili va kasbiy malaka test markazi Yaponiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi direktori:
“Faoliyatimizni boshlaganimizda bizga ishonchsizlik bilan qaralgan edi. 2021 yil oktyabr oyida prezidentimiz Navoiy shahridagi monomarkazga tashrif buyurganlarida birinchi bizning markazga kirdilar, ochilishida ishtirok etdilar, “Nippon Academy” prezidenti bilan onlayn platformamiz orqali muloqotda bo‘ldilar, bizdan markaz tuzilishi maqsadini so‘radilar.
Asosiy vazifa – ikki davlat o‘rtasida imzolangan memorandumni yuzaga chiqarish uchun mexanizmni, tuzilmani yaratish, fuqorolarimizga Yaponiyadek rivojlangan mamlakatda imtiyozli ishlash imkoniyatini yaratish ekanini aytdik.
Oqibatda shunaqa tizim yaratildiki, borish harajatlari 10 mln so‘mga ham yetmaydi. Prezidentimiz belgilab bergan chora-tadbirlarga asosan, test xarajatlari ham qaytarib beriladigan bo‘ldi.
Shunda prezident: “qiyin ishni boshlagansiz, faqat, charchab, to‘xtab qolmang” dedilar. Mana endi tushunyapman, bilgan ekanlar... Hozir, har kuni ertalab uyg‘onganimda “charchab qolmasligim kerak, charchab qolmasligim kerak” deyman o‘zimga. Lekin, charchayapmiz.
Muxbir: Nima sizlarni charchatyapti?
Biz vazirlik, agentlik va “Nippon Academy” o‘rtasida tuzilgan memorandum, kelishuvni to‘laqonli bajarayapmiz deb o‘ylayman. Infratuzilmani mukammal tuzishga yordam berdik, ish beruvchilarni ham jalb qildik – forum o‘tkazdik O‘zbekistonda, yapon ish beruvchilari ishtirokida. Real ish beruvchilarni O‘zbekistonga olib keldik! Ularni Yaponiyada yig‘dik.
80ga yaqin HR kooperativlarini jalb qilib, O‘zbekistonni Yaponiyada tanitish sistemasini yaratdik. O‘zbekiston bilan ishlashni chin ko‘ngildan xohlagan hamkorlarni topdik. Endi O‘zbekiston bunga katta pul sarflashiga hojat ham qolmadi.
Ular bilan mukammal mexanizm, ishonchli hamkorlik qura olsak, o‘zi yurib ketadigan mexanizm bu. Faqat to‘siqlar bo‘lmasligi kerak. Ta’lim sifatini yaxshilashimiz kerak, xolos.
Ammo, “mana, endi hozir yurib ketadi” degan paytda, faqat o‘quvchilar sonini ko‘paytirishimiz qolganda, vazirlik, migratsiya agentligidagi ba’zi xodimlar tomonidan har xil intrigalar boshlandi, to‘siqlar qo‘yilyapti.
Bizda hozir 2500 o‘quvchini o‘qitish imkoniyati bor, ammo fuqarolarga bandlik tomonidan yo‘llanma berish to‘xtatildi. “Chiqib ketinglar” deya olishmayapti, xolos... Savol tug‘iladi: o‘zlaringiz tashkil qilmoqchi ekansizlar, nima uchun yaponlarni jalb qildik?
Bizga yo‘llanma berishmasa, bizning bu yerda faoliyat yuritishimizni ahamiyati qolmaydi.
Biz ketsak, birinchidan, O‘zbekiston uchun manfiy natija bo‘ladi – sifat yo‘qotiladi. Chunki monomarkazlarda yapon mutaxassislari yo‘q. Shu vaqtgacha prezidentga taqdimot bo‘lganda ham, aynan bizni o‘qituvchilarni ko‘rsatib, bizning dastur orqali taqdimot qilingan hammasi. Endi esa, yo‘lga qo‘yilgan paytda, ochiqchasiga reyderlik bo‘lyapti.
Mana, bugun ertalab viloyat monomarkazlaridan birining rahbari telefon qilyapti, “xonangizni bo‘shatasizlarmi, sizlarga boshqa xona beramiz” deyapti... Bu xonalarni biz Yaponiya standarti bilan qildik, prezident qarori bilan qilingan axir!
Shuncha qiyinchiliklardan o‘tib, 5 mingta kvotani nimaga olib keldik? Sifatli o‘qitaylik deb olib keldik. Yaponlar bizga ishonadi. Yapon yaponga ishonadi. Biz yapon tashkiloti vakilimiz. O‘zbekistonning obro‘sini tushirmaslikka, yaponlarni ishonchini qozonishga va Yaponiya bozorida o‘zimizning mukammal o‘rnimizni topishga harakat qilyapmiz.
Ikki yil misqollab yig‘dim komandamni. Bu tizimni yaratish uchun ozmuncha harakatim, mehnatim ketmadi! Qancha yapon tashkilotlari, davlat tashkilotlari bilan aloqaga kirishdim. Biz JICAʼni qiziqtira oldik! JICA hozir Yaponiyaga borishni istagan odamlarga qulaylik yaratuvchi katta platforma yaratishni moliyalashtiryapti. U ham bizning taklifimiz...
Endi hammasi yo‘lga qo‘yilganda, hamma g‘oyalar olinganda, bizni bir chetga surib, reyderlik qilishyapti. Tayyor bo‘lganda tortib olishmoqchi.
Audit qilishdi yaqinda, menga qo‘l qo‘ydirilgan audit qog‘ozi bilan... Vazirga olib kirilgan audit hujjati umuman farq qiladi raqamlarda!.. Buni ko‘rgandan keyin, nima deb o‘ylashim kerak?”
Mikako Sugivara, O‘zbekistonda dars berayotgan yapon o‘qituvchisi:
“Yaqinda monomarkaz direktori meni chaqirdi, “monomarkazda biz uchun yapon tilida dars bera olasizmi?” deb so‘radi. Yaponiyada bitta ishga kirgandan keyin, boshqa ishdan ham ish olish mumkin emas. Shuning uchun men “rahbardan so‘rayman, meni shu kishi ishga taklif qilgan, boshqa ishga kirish niyatim yo‘q, kira olmayman” dedim. Ammo qayta-qayta aytishdi, bugun esa “yangi guruhga dars berasiz” deyishdi. Men xafa bo‘lib, rahbarimga aytdim”.
Zarnigor Nabiyeva, “Nippon Academy” o‘quv bo‘limi boshlig‘i:
“Oxirgi vaqtlarda fuqarolar va viloyatdagi o‘qituvchi xodimlarimiz tomonidan turli xil shikoyatlar kelmoqda. Fuqarolar tomonidan kelayotgan shikoyatlar shundan iboratki, Bandlikka ko‘maklashish agentligiga borib markazimizda o‘qish uchun yo‘llanma so‘rashganda, ularga “yuqoridan topshiriq borligi”ni va yo‘llanmani aynan bizda o‘qish uchun bera olmasliklarini aytishayotgan ekan. Bundan tashqari “Nippon Educational Academy”da o‘qishni xohlayman deb borgan fuqarolarni “monomarkaz o‘zi yapon tili kursi ochadi, u yoqda o‘qimang” degan gaplar bilan bizdan o‘quvchilarni chetlatish ishlari olib borilmoqda.
O‘qituvchilarimiz tomonidan esa kelayotgan shikoyatlar shundaki, monomarkaz tomonidan bizning o‘qituvchilarimizga bosim bo‘lmoqda. Ularni ishga taklif qilishmoqda, taklifni rad etishsa, ularga turli xil bosim bo‘lmoqda. O‘qituvchilarimizdan o‘quv metod dastur programmalarni so‘rashyapti. Yaponiya qonun tizimida har bir ta’lim tashkiloti, unversitet bo‘lsin yoki markaz, o‘zining shaxsiy maktab o‘quv qo‘llanmasiga ega. Yaponiyadagi hamkorimiz “Nippon Educational Academy”ning ham o‘zi yaratgan programma-dasturi bor. Ulardan faqatgina o‘sha o‘quv yurti o‘qituvchilari va o‘quvchilari foydaladi. Tashqariga bu darsliklarni olib chiqish qat’iyan taqiqlanadi. Biz ham xuddi shu qonun bo‘yicha ishlaymiz. Monomarkaz xodimlari esa viloyatdagi xodimlarimizdan har xil bahonalar bilan, “tekshiruv kelyapti” “vazirlikdan so‘rashyapti” deb, o‘quv dasturlarimizni so‘rashyapti. O‘quv dasturni o‘qituvchilar berishmagandan keyin yoki ularga ishga o‘tmagandan keyin, bosim kuchaymoqda”.
Dilafruz Ikromova:
“Yaponiyada bunaqa holatlar nihoyatda sharmandalik hisoblanadi. Yapon o‘qituvchilarim yozishyapti: “Dilafruz, uzr so‘rayman, ammo charchab qolyapman bularning o‘rtasida, yo‘q desam ham, baribir har kuni telefon qilishadi, tinch qo‘yishmayapti”.
Men vazirning o‘zlariga yozdim holat haqida, o‘qiydilar, ammo javob bermaydilar”.
Endi Bandlik va mehnat vaziri tomonidan imzolangan 2022 yil 9 sentabr kuni “Yaponiyaga ish beruvchilarning talabiga asosan yapon tiliga o‘qitish va yapon tilini bilish darajasini aniqlash” bo‘yicha yo‘l xaritasiga e’tiboringizni qaratamiz. Mazkur yo‘l xaritasining to‘rtinchi bandidan keyin raqamlanmagan band kiritilgvn bo‘lib, unda vazirlik tomonidan bilimni baholash markazlari tashkil etilishi haqida aytilgan.
Savol: Yaponiya test tashkilotining testidan o‘tish uchun nima sababdan vazirlikning ham iqtisoslashgan baholash markazining testidan o‘tish kerak? Bu Yaponiya ish beruvchilarning qabul qilish va jo‘natish tartibida ko‘rsatilmagan-ku? Bu ixtisoslashgan baholash markazi aslida nima va kimlarning maqsadlari uchun “iqtisoslashadi”? Savollar ko‘p.
Mazkur “ixtisoslashgan” markaz tashkil etilsa, Yaponiya tarafidan belgilangan 4 bosqichga:
yana ikkita bosqich qo‘shiladi va Yaponiyaga ketish tartibi quyidagicha ko‘rinish oladi:
Ko‘rib turibsizki, yaponlar insonlarni ishga joylashtirish uchun soddalashtirilgan tartibini joriy qilayotgan bir vaqtda, vazirlik bunga ortiqcha va keraksiz jarayonlarni qo‘shib, kalavaning uchini olib qochmoqchi. Nega?
“Nega” degan savolga javobni biroz o‘tmishdan izlaymiz, aniqrog‘i, 2017 yilda Tashqi mehnat migratsiyasi bilan hamkorlikda Koreya Respublikasiga ketish uchun Topik testlarni topshirishga kirish uchun filtrdan o‘tkazib beruvchi kompleks test markazi faoliyatiga e’tibor qaratamiz.
O‘sha davrda kompleks test markazidan ma’lum ball olgan fuqarolar Topik testlariga kiritilgan edi. Talabgorlardan haftada 5 kun test olingan, bir kunda 120 kishidan, haftada bu 600 kishi degani. Bir oyda bu 2 400 kishi, bir yilda 30 mingga yaqin kishi degani. Kishi boshiga 10 dollardan olingan. Kalkulyatorga murojat etamiz va yaxshigina summa hosil qilamiz...
Buning ustiga, keraksiz imtihon testidan o‘tish uchun navbatga bir oy oldin yozilish kerak bo‘lgan...
2019 yilda yangi vazir tomonidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatidagi bu korrupsion holat o‘rganilgan va markaz faoliyati to‘xtatilgan edi.
Ammo endi... tarix takrorlanyapti...
Vazir yana o‘zgardi, ammo agentlikdagi eski bo‘rilar, chamasi, o‘sha-o‘sha. Zero yana xuddi shu ishni Yaponiya bilan ham amalga oshirishmoqchi.
Biroq, shuni aytish kerakki, Yaponiya bilan bu o‘tmaydi, chunki yaponlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri nomzod bilan suhbat qiladi. Qolaversa, vazirlik yaratishga harakat qilayotgan bu mexanizim bilan prezidentga Navoiy shahrida va’da qilingan “10 ming nafar ishchi jo‘natamiz” degan va’dani amalga oshirish imkoni bo‘lmaydi.
Ammo, chamasi bu korchallonlarni qiziqtirmaydi – prioritetlar boshqa...
Yaponiya korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. Agar O‘zbekistonda davlat xizmatchilari tomonidan bunaqa sxema tashkil qilingani va asosiy testlardan boshqa – qo‘shimcha test olinishi oshkor bo‘lsa, hali ochilishga ulgurmagan Yaponiya bozori O‘zbekiston uchun yana yopiladi, xuddi 2016 yilda yopilganidek.
Dilafruz Ikromova:
“Hozirgi kunda Yaponiyada 2 mln atrofida chet ellik fuqaro mehnat faoliyatini amalga oshiradi. Nima uchun Yaponiyada ishchi kuchiga talab katta? Hozirgi kunda bu mamlakat ulkan demografik krizisni boshidan kechiryapti. Bitta ishchini olish uchun 3-4 ta kompaniya kurashadi va 150 ta ishchi o‘rniga atigi 100 ta ishchi to‘g‘ri kelyapti, qolgan 50 tani tashqaridan, mutaxassislarni yollab jalb qilish kerak bo‘lyapti.
Yaponiya sifat mamlakati: sifatli ishchilar, sifatli mehnat, sifatli natija. Shuning uchun Rossiyaga jo‘natayotgan odamlarimizni Yaponiyaga jo‘nata olmaymiz. Ishchilarni maxsus tayyorlab, tilga o‘qitib, ma’lum bir sertifikatni, ya’ni malakasini tasdiqlovchi hujjatni qo‘liga bersak, keyin Yaponiya viza beradi. Aks holda, shartnomangiz bo‘lsa ham, bermaydi.
Yaponiyadagi 2 mln.ga yaqin chet ellik ishchilarning 500 mingi Vetnam davlatiga to‘g‘ri keladi. Lekin Yaponiyaning 80 foiz ish beruvchi kompaniyalarining vetnamliklardan ko‘ngli to‘lmayapti, va ularni rad etyapti. Nima uchun? Chunki Vetnamda har bir ishchiga 10 ming dollar korrupsiyaga to‘lov bor. Ishchi Yaponiyaga kelgandan keyin 10 ming dollar olgan qarzini (o‘zining buncha puli bor vetnamlik ishlashga ketmaydi – biznes qiladi) to‘lashi kerak bo‘ladi. Shu uchun ish beruvchisidan qochib ketadi, chunki bitta kompaniyada ishlab, qarzini to‘lashi qiyin, biryo‘la 2 ta 3 ta kompaniyada ishlashga urinadi.
Bundan esa ish beruvchi yutqazadi – u moliyaviy xarajat qilgan, o‘qitgan, investitsiya qilgan axir, lekin natijani ola olmaydi. Vetnamda o‘qitish sifati ham tushib ketgan.
Aynan shu narsa bizda yuz bermasligi kerak.
Hozir ko‘pgina yapon ish beruvchilari “vetnamliklardan voz kechsak, qaysi mamlakatga e’tibor qaratamiz?” – degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda. Bu yerda esa faqat 2 ta mamlakat ko‘zga ko‘rinadi: yo O‘zbekiston, yo Indoneziya.
Yaponiya mehnat bozorida o‘zimizning munosib o‘rnimizni topishimiz uchun hamma sharoit bor. Pointlar:
- O‘zbeklar yapon tilini tez o‘zlashtiradi, hamda ravon gapiradi, o‘zbek va yapon grammatikasi bir xil.
- Ishchini jo‘natish uchun xarajatlar minimallashtirilgan.
- Ishsiz fuqarolar Yaponiyaga ketish uchun bepul o‘qitiladi. Bu yapon ish beruvchilari uchun yaxshi.
- Har bir mehnat migrantining orqasida davlat turibdi: biron hodisa bo‘lsa, o‘rtada davlat turib nazorat qiladi, kafolatlangan.
Yaponiyaning o‘zbek ishchilari uchun qanday afzalliklari bor? Nima uchun Rossiya emas, Yaponiya yaxshi? Mana, Rossiyaga jo‘natamiz ishchini, boradi, ishlaydi, ishlagan pulini olib O‘zbekistonga keladi, hammasini to‘yga, kundalik turmushiga, mashina olishga, uyini ta’mirlashga sarflaydi va yana qarz olib, bilet oladi-da, qaytib ketadi.
Yaponiya yoki boshqa rivojlangan mamlakatda 8-10 yil ishlab kelgan fuqaro O‘zbekistonda o‘zining biznesini yaratadi yoki u yerda olgan tajribasini, malakasini, yig‘gan sarmoyasini O‘zbekistonda ishlatadi.
O‘zimiz xam oddiy talaba bo‘lib ketganmiz Yaponiyaga, ishlaganmiz, olgan tajribamizni, mana, qo‘llayapmiz, qancha ishchi o‘rni yaratyapmiz O‘zbekistonda.
O‘zbekiston tashkillashtirilgan, Rossiya bozori uchun mehnat qiluvchilarni yetishtirib beradigan konveyer mamlakat emas. Rivojlangan mamlakatga jo‘nataylik odamlarimizni! U yerdan puldan tashqari, tajriba olib kelsin, malaka olib kelsin.
Yaponiyadan o‘rganadigan juda ko‘p jihatlar bor, va Yaponiyada biz ko‘rsatadigan xususiyatlarimiz, O‘zbekistonni targ‘ib qiladigan ko‘p yaxshi jihatlarimiz bor. Yaponiyada biz uchun biznes sharoitlari ham bor.
Ammo asosiysi – inson kapitali. Rivojlangan mamlakatlarga ishchi yuborib, bizning inson kapitalimiz rivojlanadi.
Investitsiyalar ham kirishiga omil bo‘ladi bu. Mana, koreys investorlari O‘zbekistonda ko‘p, nima uchun? Chunki ular Koreyaga borib ishlagan fuqarolarimiz orqali O‘zbekistondagi imkoniyatlar xaqida bilishgan. Ularning tilini bilgan, ishonchini qozongan o‘zbeklar orqali ular O‘zbekistonga sarmoyalarini olib kelishyapti.
Qoida shuki, ishga joylashtirish uchun nomzoddan hech qachon pul olinmaydi! Ish beruvchidan pul olinadi! Shu tizimga o‘tishimiz kerak biz ham! O‘tmasak, korrupsiya qolaveradi. Biz tashkil etamizmi ta’lim jarayonini, boshqasimi, baribir – korrupsiya bo‘ladi.
Bu holda Koreya kabi Yaponiya yo‘nalishida ham 3 mingdan oshirolmaymiz ishchilar sonini. Mana, “SPAS” degan baza bor, bu bazaga koreyschadan imtihondan o‘tganlar kiritiladi. 2-3 yil yotishadi bu bazada nomzodlar, tilni ham esidan chiqarishadi. Keyin, orqavoratdan, pora bergan odamni tortib olib, ish beruvchiga taqdim etishadi. Bu tizimda ishlaganman, gapimga hech kim e’tiroz bildirolmaydi – men buni juda yaxshi bilaman”.
Norio Tezuka, JIC HR HOLDING direktori:
“Biz O‘zbekistonni Yaponiyaga targ‘ib qilish, o‘zbeklarni ko‘proq Yaponiyada ish bilan ta’minlash hamda O‘zbekistondan Yaponiyaga kelgan ishchilar va talabalarga tun-u kun axborot beruvchi, ko‘mak beruvchi call-markaz tuzishni taklif qildik. Buni biz O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda tashkil etishni taklif etdik. Natijada Tashqi mehnat migatsiyasi agentligi bilan memorandum imzolandi. Bu xaqda O‘zbekiston davlat rahbariga ham axborot berilganidan keyin, Yaponiyaga qaytdik va markaz tashkil qildik, nodavlat tashkiloti sifatida.
Biz O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga markazimiz ofisi rasmlarini, kerakli hujjatlar va shartnoma memorandum nusxasini jo‘natdik. Ammo vazirlikdan hatto javob kelmadi. Qachongacha kutishimizni bilmayapmiz, aniq vaqt ham aytilmayapti. Vazirlaringiz Nagoya shahriga kelganida, bu masalani ko‘tardik, ammo hali-hanuz tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan harakat bo‘lmadi.
O‘zbekiston hukumati tomonidan yordam bo‘ladimi, yo‘qmi deb, kutib o‘tirmadik, O‘zbekiston mehnat bozori haqida yapon tilida axborotnoma-qo‘llanma ishlab chiqdik, uni 1000 dan ziyod ish beruvchi kompaniyalarga jo‘natishni boshlaymiz.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston hukumati Yaponiya mehnat bozoriga kirish uchun asosiy e’tiborini raqobatni oshirishga qaratish kerak. Bu yo‘nalishda professional yapon kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak. Yapon tarafi o‘z vazifalarini bajardi deb hisoblayman, ammo bu ishlar O‘zbekiston davlat rahbariga qanchalik yetkazilganini bilmayman.
Oktyabr oyida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidagi mas’ul xodimlar bizning bu boradagi so‘rovimizga biz JIC bilan markaz tashkil etmaymiz deb javob qaytarishdi, lekin vazir albatta ishlaymiz dedi, kimga ishonishni bilmay qoldik. Nazarimda, bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va prezident administratsiyasi o‘rtasida, nima desam ekan, aloqa yo‘qqa o‘xshaydi.
6.500 dan ochiq ish beruvchilar bilan ishlovchi 18 ta firma tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik qilish uchun 18 ta shartnoma imzolagan. Afsuski, o‘shanda biz taqdim etgan shartnoma draftiga emas, agentlik taqdim etgan shartnoma draftiga imzo chektirishdi. Keyin bilsak, bu shartnomalar Yaponiya hukumati tomonidan 5 yil avval bekor qilingan eski shartnoma nusxalari ekan. Biz xayron bo‘ldik.
O‘zbekiston xaqida, uning mehnat potinsiali haqida Yaponiyada malumotlar kam. Hozir qilish kerak bo‘lgan ish – O‘zbekistonni targ‘ib qilish va ma’lumot almashish. Bu mexanizm yaratilmadi. Agar bu yo‘nalishda O‘zbekiston va yapon kompaniyalari – ish beruvchilar bilan to‘g‘ri, shaffof aloqalar o‘rnatilsa, yaqin davrda 20 ming o‘zbek Yaponiyada ish bilan ta’minlanishi mumkin”.
Mazkur markazda o‘qimoqchi bo‘lib, navbatda turganlarga bandlikka ko‘maklashish xodimlari “yo‘llanma yo‘q, tepadan to‘xtatilgan” deb, ularni monomarkazning o‘zida tashkil etilgan yapon kurslarida o‘qishga yo‘naltirishyotganlari ma’lum bo‘ldi. "Faqat qattiq talab qilganimizda Nippon akademiyasiga yo‘llanma ololyapmiz", dedi M.Ulug‘bek tumanida yashovchi bir fuqaro.
Vazirlikning ushbu ta’lim tashkilotiga o‘quv xizmatlarini qoplashda 893 mln so‘m qarzdorligi ham bor ekan:
Yo‘llanma bermaslik, pulini bermaslik... Bular xususiy sektorni sindirishdan boshqa narsa emas albatta. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, ularni o‘ziga raqobatchi ko‘rish... Nimalarningdir hidi kelmayaptimi? Ha – korrupsiyaning hidi. 2020-2022 yillar mobaynida bandlik va mehnat tizimida qabul qilingan prezident qarorlaridan bir nechtasi, jumladan 4108, 4829, 5140-sonli qarorlari qo‘pol ravishda poymol bo‘layotganini, vazirlik o‘ziga qulay ravishda ularni tatbiq etayotganini kuzatdik. Davlat rahbari imzolagan 4804-sonli qarorining “a” bandida quyidagilar aytilgan:
“Vazirlik doimiy ravishda nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassalarini jalb qilib, aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga o‘qitishni tashkil etsin”
Bunda xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun bir qancha dolzarb vazifalar belgilab berilgan va bu uchun davlat budjetidan 2021 yilda 150 milliard so‘m ajratilgan.
Savol tug‘iladi: nodavlat muassasalarini jalb qilgandan keyin, haqqi to‘lanmaydimi, pullar qayerga ketyapti? Davlat rahbariga taqdimotlar qilinganda hammasi boshqacha edi.
Biz hali bu mavzuni kengroq va chuqurroq tahlil qilamiz.
Yapon tili va kasbiy malaka markazi rahbariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatuvimiz ommaga taqdim etilgandan keyin, unga nisbatan bosimlar kuchayishi tabiiy, “ammo jim turishim fuqarolik burchimga xiyonat bo‘ladi, ko‘p tadbirkorlar aynan bosimlardan qo‘rqib, boshlagan ishini “bo‘ri”larga yedirib ketaverishadi va shuning uchun buni eshitgan boshqa tadbirkorlar davlat bilan ishlashdan cho‘chishadi, shuning uchun bizda xususiylashtirish sust va shuning uchun hukumatga qonun va qarorlarni yaxshi ishlata biladigan, vijdonli, shaffof, samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari – SMK asosida ishlaydigan rahbar kadrlar arsenali kerak. Xususiy sektorni o‘ziga raqobatchi yoki opponent deb biladigan, ko‘zbo‘yamachi, faqat piar va hisobot uchun ishlaydigan davlat tashkilotlarining ishlash mexanizimini qaytadan ko‘rib chiqish kerak” – deydi u.
Xullaskalom, 20 ming o‘zbekistonlikni Yaponiyaga – rivojlangan mamlakatga ishga jo‘natishga imkoniyat paydo bo‘ldi va bu imkoniyatni yaratish uchun kimdir o‘lib-tirilib harakat qildi, bor imkoniyatlarini, misqollab yig‘gan tajribasini, chet elda orttirgan iqtidorli tanishlarini ishga soldi, titanik kuch sarfladi, ammo ishlar endi yo‘lga qo‘yilgan paytda, kimdir uning mehnati mahsulini o‘ziga olmoqchi, o‘zi o‘rgangan usullar bilan.
Yaponiya ish bozori esa O‘zbekiston uchun yopilishi mumkin. “Bo‘rilar” sabab...
Shokir Sharipov tayyorladi.
Mavzuga oid
22:37 / 04.11.2024
Yaponiya harbiy aloqa sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi
22:55 / 02.11.2024
Yaponiyada endi velosiped haydash vaqtida telefondan foydalangan shaxslar qamaladi
21:11 / 02.11.2024
Yaponiyada suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfi sabab 200 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilindi
15:24 / 30.10.2024