O‘zbekiston | 19:15 / 23.03.2023
16465
2 daqiqa o‘qiladi

Bu nafaqat O‘zbekiston ayollarining, balki barcha tafakkurli, ilg‘or insonlarning g‘alabasi – Saida Mirziyoyeva

Oiladagi zo‘ravonlik jinoiy huquqbuzarliklar turkumiga o‘tkazilgani, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirilgani Saida Mirziyoyeva tomonidan olqishlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik kodekslariga ayollar hamda voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha o‘zgartirishlar to‘plami qabul qilindi.

Xususan, oiladagi zo‘ravonlik jinoiy huquqbuzarliklar turkumiga o‘tkazildi, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirildi.

Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva ushbu o‘zgarishlarni olqishladi.

«Buni fuqarolik jamiyati va faollarning g‘alabasi deb bilaman. Sog‘lom fikr va adolatning g‘alabasi. Biz ushbu muvaffaqiyatlar uchun uzoq va mashaqqatli harakatlarni amalga oshirdik, lekin qonunchiligimizda bu kabi o‘zgartirishlar zamon talablariga xos va insonparvarlik uchun o‘ta ahamiyatli ekanligini birgalikda isbotlay oldik.

Oldinda bajarishimiz lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘p, biroq muvaffaqiyat doimo ilhomlantiradi. Ushbu o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlagan, hujjatlar ustida ish olib borgan va bu g‘oyalarni jamiyatimizda targ‘ib qilgan barchaga minnatdorchilik bildiraman.

Bu nafaqat O‘zbekiston ayollarining, balki barcha tafakkurli, ilg‘or insonlarning g‘alabasi!», deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Mavzuga oid