Jahon | 18:25 / 14.11.2025
31938
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada Ob daryosi suvini O‘zbekistonga yo‘naltirish imkoniyati o‘rganiladi

Rossiya Fanlar akademiyasi yig‘ilishida ikkita ustuvor g‘oya - Ob daryosi suvining bir qismini O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi Orol mintaqasiga qayta taqsimlash, shuningdek, Pechora va Shimoliy Dvina daryolari oqimini Azov daryosiga chiqish bilan Volga havzasiga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi. Bunday yondashuv, tadqiqotchilarning fikricha, nafaqat Rossiya ichida, balki Markaziy Osiyo hududida ham suv balansini optimallashtirish imkonini beradi.

Foto: Flickr

Rossiya Fanlar akademiyasi Sibirdagi Ob daryosi suvining bir qismini Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga yo‘naltirish loyihasini amalga oshirish imkoniyatini o‘rganadi, deb xabar berdi RBK.

Gap 1970 yillarda Markaziy Osiyoning qurg‘oqchil hududlariga suv yetkazib berish uchun ochiq kanallar qurishni nazarda tutgan sovetlarning Sibir daryolarini «burish» loyihasining zamonaviy muqobili haqida bormoqda. Yangi variantda yopiq suv quvurlari tizimini yaratish ko‘rib chiqilmoqda, bu esa, olimlarning fikriga ko‘ra, suv yo‘qotishlarini minimallashtirish va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish imkonini beradi.

Loyihani ishlab chiqish to‘g‘risidagi qaror oktabr oyida bo‘lib o‘tgan Rossiya Fanlar akademiyasi Yer to‘g‘risidagi fanlar bo‘limining «Quruqlikning suv resurslari» ilmiy kengashi yig‘ilishida qabul qilindi. Uchrashuvda Rossiya suv xo‘jaligini strategik rejalashtirish masalalari, jumladan, «daryo oqimini keng ko‘lamli havzalararo va transchegaraviy o‘tkazish imkoniyatlari va oqibatlari, shu jumladan iqlim ta’siri va ishtirokchi mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’siri» ko‘rib chiqildi.

Rossiya Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti ilmiy direktori Viktor Danilov-Danilyan so‘zlariga ko‘ra, olimlar Fan va oliy ta’lim vazirligiga ushbu yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishni davlat rejasiga kiritishni taklif qilmoqchi.

Yig‘ilishda ikkita ustuvor g‘oya - Ob daryosi suvining bir qismini O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi Orol mintaqasiga qayta taqsimlash, shuningdek, Pechora va Shimoliy Dvina daryolari oqimini Azov daryosiga chiqish bilan Volga havzasiga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi. Bunday yondashuv, tadqiqotchilarning fikricha, nafaqat Rossiya ichida, balki Markaziy Osiyo hududida ham suv balansini optimallashtirish imkonini beradi.

«Poliplastik» guruhi direktorlar kengashi raisi Lev Gorilovskiy taxminan 2100 km uzunlikdagi yetti yo‘nalishdan iborat yopiq bosimli quvur qurishni taklif qildi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, birinchi bosqichda tizim yiliga 5,5 milliard kub metr, kerak bo‘lsa, uch-to‘rt baravar ko‘proq suv yetkazib berishni ta’minlay oladi. Shu bilan birga, kompaniya matbuot xizmati «Poliplastik» Sibir daryolari suvlarini ko‘chirish bilan bog‘liq loyihalarning ishtirokchisi yoki tashabbuskori emasligini va taqdim etilgan materiallar faqat ilmiy-ekspert xarakterga ega ekanini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan akademik Robert Nigmatulin Markaziy Osiyoda suv va elektr energiyasi tanqisligi kuchayib borayotganiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, suv resurslari taqchilligi allaqachon cho‘llanishga, hosildorlikning pasayishiga va ijtimoiy-iqtisodiy xavflarga olib kelmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ob oqimining faqat bir qismidan foydalanish - yiliga 20 dan 70 kub kilometrgacha, umumiy hajmi esa 3000 kub kilometr suv - mintaqa muammosini qisman hal qilishi va shu bilan birga «Arktikaga issiqlik yukini kamaytirishi» mumkin.

«IES Injiniring va Konsalting» kompaniyasi loyihalar rahbari Dmitriy Sozonov suv quvuri tizimini amalga oshirishga kiritiladigan sarmoyani kamida 100 milliard dollarga, asosiy quvvatlarni yaratish muddatini esa kamida o‘n yilga baholagan. Shunga o‘xshash keng ko‘lamli infratuzilma tizimlariga misol sifatida u Liviyadagi Buyuk sun’iy daryoni va Kaliforniyadagi akvedukni tilga oldi.

Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga burish loyihasi 1970-1980 yillarda SSSR Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan keng miqyosda muhokama qilindi. Loyiha taxminan yigirma yil davomida ishlab chiqildi, ammo 1986 yilda KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi iqtisodiy samaradorlik past bo‘lishini qayd etib, ishni to‘xtatishga qaror qildi.

Mavzuga oid