Suv fojiasi – Toshkentda qayta ishlangan kanalizatsiya suvlari Bo‘zsuv kanaliga oqizib yuborilmoqda
Toshkent shahridan o‘tgan yam-yashil bo‘lib oqadigan Bo‘zsuv kanali Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga kelib, birdan qora tusga kirib qoladi. Tabiiy oqar suv to‘satdan qorayib qolgani va bir necha o‘n kilometrlab davom etgani xaritada ham aks etib turibdi. Bu holat tabiatning biror mo‘jizasi emas, balki loqaydlik natijasida o‘z holiga tashlab qo‘yilgan ekologik fojiadir. Kun.uz vaziyat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazib, Bo‘zsuvning Sirdaryoga quyiladigan qismigacha holatni o‘rgandi.
Mavzu juda dolzarb va yirik. Chuqur surishtiruv hamda tahlil talab qiladi. Qizig‘i, so‘nggi yillarda turli saytlarda bu mavzu bir necha marta ko‘tarilgan. Ammo natija yo‘q – ahvol o‘sha-o‘sha.
Bo‘zsuvning ikki qirg‘og‘ida ikki xil haqiqat yotadi. Biri tabiiy tusi hamda ekologik holati buzilgan bu suvdan ekinlarni sug‘orishda foydalanayotgan, pashsha va chivinlardan aziyat chekayotgan aholi bo‘lsa, ikkinchisi, bu ayanchli mavzu qayta-qayta ko‘tarilsa ham, balki ilojsizlikdan, balki loqaydlikdan, balki ataydan qayta ishlangan oqova suvlarini toza suvga qo‘shib yuborayotgan Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasining ham o‘z haqiqatlari bor. Lekin hech bir bahona va sabab shunday yirik kanalning Sirdaryoga quyilguncha bo‘lgan qariyb 60 kmli taqdiriga bu qadar befarqlik qilinishini oqlay olmaydi.
Bo‘zsuv bo‘yida yashayotgan aholi bilan suhbatlashganimizda ularning aksariyati suvdagi bu buzilish hali holvasi ekani, yoz oylarida suv rangi battar qorayib, qo‘lansa hid atrofni tutib ketishi, hasharotlar ko‘payishidan nolidi.
“Cuv oqova tozalash inshooti qurilgan o‘sha paytlarda, balki aholi shunday zichlashib ketishi hisobga olinmagandir. Shu sababli kanalizatsiya suvlari ko‘payib ketayotgani hisobiga tashqariga qayta ishlanmagan suv ham chiqib ketyapti. Uskunalari eskirib ketgan. Suvlarimiz ifloslanib ketyapti.
15 yil oldin bu yerlar dezinfeksiya qilinardi. Hammayoq tozalanardi. Hozir shu ishlar qilinmayotgani hisobiga pashsha, chivin, o‘rgimchak, kana ko‘payib ketyapti. Mayli, tashqaridan oqib kelayotgan suvni to‘xtatib qololmaymiz. Lekin shu asbob-uskunalarini yangilab berishsa, zarar har holda kamayardi”, deydi shu yerga kelin bo‘lib kelgan Matluba Vohidova.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 30 yil oldin shu mahallaga kelin bo‘lib kelganida kanalda sportchilar baydarkalarda uchishgan, suv toza bo‘lgan. Suvning ifloslanishi 12-13 yillar oldin boshlangan. Atrofdagi aholining bir qismi esa qishloq xo‘jaligi maqsadlarida shu suvdan foydalanadi.
Qishloq vrachlik punktining tibbiyot xodimlariga ko‘ra, aholi odatdagi murojaatlarga qo‘shimcha ravishda diareya va teri kasalliklari alomatlari bilan ham kelishar ekan.
Kanal suvining qayergacha shu holatda davom etganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida Zangiotadan yana 5 km yurib, Bo‘zsuvning Yangiyo‘l tumanidan o‘tgan o‘zani davomiga keldik. Xalqimizda “yetti dumalagan suv toza bo‘ladi” degan naql bor. Lekin tabiiy holati buzilgan suv 5 kmdan keyin ham tozalanmaganining guvohi bo‘ldik. Atrof esa chang va pashshaga to‘la.
Bu 5 km oraliqda 2 tumanning minglab aholisi ifloslangan suv havosi va hasharotlarga to‘la muhitda ilojsiz yashab kelayotganini tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli. Va bu hali muammoning yakuni emas. Zararlangan oqar suvning keyingi taqdirini o‘rganish uchun Zangiota, Yangiyo‘l tumanlaridan o‘tib, taxminan, 50-kmda Chinoz tumaniga yetib keldik. Suv biroq loyqalanib, tabiiy tusga kirgandek. Lekin uning ekologik holati haqida bir nima deyolmaymiz.
Bugun Bo‘zsuv kanali ifloslanishi bilan bog‘liq aholining fikrlari, yashash sharoitlari, salomatligi haqida birmuncha ma’lumot va tasavvurlarga ega bo‘ldik. Va bular anhorning bir qirg‘og‘idagi gaplar edi. Dasturimizning ikkinchi qismida esa kanalga qora tusli suv sizdirayotgan Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi, ya’ni ikkinchi qirg‘oq haqiqatlarini yuzaga chiqaramiz.
Maqolamiz avvalida vaziyat chuqur o‘rganish talab qilishi haqida aytgan edik. Dasturimizning har ikki qismini diqqat bilan tomosha qilsangiz, bu ekologik fojianing asl sababchilari kimlar ekanini bilib olasiz. Hozir esa xulosa qilishga shoshmay turamiz.
Sardorbek Usmoniy
Mavzuga oid
17:02
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024