Bo‘kada tergovga jalb etilgan fuqaro kasalxonada vafot etdi
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan. Qator rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Joriy yilning 4 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida bir qator o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, JKning 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqori Chirchiq tumanida yashagan, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro himoyachisi ishtirokida Bo‘ka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga to‘liq yozib olingan holda so‘roq qilingan.
IIV xabariga ko‘ra, gumonlanuvchi soat 19:00 da JPKning 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va Bo‘ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan. Shu kuni soat 23:30 da gumonlanuvchining sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Ya.Abdulhaqov, IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib vaziyat o‘rganildi, voqea joyi ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador xodimlarning ko‘rsatmalari olindi, deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22:00 da gumonlanuvchi Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan. Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra fuqaroning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan.
Xolis tergov va tekshiruvni ta’minlash maqsadida, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Boboxonov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudoyqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Ochilov, shuningdek, navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador bo‘lgan tezkor xodimlar ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilgan.
Vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB mas’ul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
“Qonunchilikka muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarlik xatti-harakatlariga huquqiy baho berish prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda barcha materiallar prokuratura organlariga to‘liq taqdim etiladi va holatga xolisona baho berish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilinadi.
Hozirda ishga aloqador tezkor xodimlar o‘z jinoiy qilmishlarini rad etayotgan bo‘lsalar-da, marhum tanasida tan jarohatlari borligini hisobga olib prokuratura tomonidan qo‘shimcha gistologik (ichki organlar va to‘qimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash bo‘yicha) ekspertizasi tayinlangan. Mazkur ekspertiza ma’lum muddat talab qiladi va uning xulosasi va to‘plangan dalillar bo‘yicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi”, deyiladi IIV bayonotida.
Mavzuga oid
17:29 / 21.11.2024
Bo‘kada 20 yoshli homilador ayol operatsiya vaqtida vafot etdi
16:11 / 17.11.2024
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlari kengaytirildi
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
11:40 / 23.08.2024