O‘zbekiston | 16:16 / 08.04.2022
33424
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi 15 kunlik firma bilan 1 mlrd so‘mlik shartnoma tuzdi

Toshkent shahar hokimligi ochilganiga 15 kun bo‘lgan kompaniya bilan 1 mlrd so‘mlik, xuddi shu tadbirkorga tegishli, biroq avvalroq hokimniki bo‘lgan brend bilan esa 756,7 mln so‘mlik shartnomalar tuzdi. Bundan tashqari, hokimlik salkam 1 mlrd so‘mlik Artel maishiy texnikalarini xarid qilgan.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev (chapda) hamda Profi Event va Autograph Event kompaniyalari ta’sischisi Abduboriyxo‘ja Abduvosiqov. / Foto: Abduboriy Abduvosiqov / Facebook

Toshkent shahar hokimligi 15 mart kuni “Profi Event” MChJ bilan 1 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma imzolagan. Bu haqda davlat xaridlari portaliga joylangan axborotga Davletovuz Telegram-kanali muallifi e’tibor qaratdi.

Bitim doirasida kompaniya mart oyida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida qurilish, dekoratsiya, montaj va demontaj ishlarini olib borishi belgilangan. Shartnoma yangilangan davlat xaridlari portalida yo‘q.

E’tiborlisi, “Profi Event” mazkur shartnoma imzolanishidan 15 kun oldin – 28 fevralda ochilgan. Asosiy faoliyat yo‘nalishi – dam olish va ko‘ngil ochishni tashkil etish.

Kompaniya ta’sischisi – Abduvosiqov Abduboriyxo‘ja Abduvahob o‘g‘li (100%). U ayni paytda “Autograph Event” MChJga ham to‘la egalik qiladi.

Autograph savdo belgisi esa birmuncha vaqt oldin poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning J-United Group kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Hozirda bu belgining rasmiy egasi – “Maroon Trade” MChJ. Avvalroq Ortiqxo‘jayevga tegishli bo‘lgan yana boshqa savdo belgilari – Joseph Joseph, Pearl, Señor & Señorita i Seniorita Home ham shu kompaniya egaligiga o‘tgan.

“Maroon Trade” MChJga qarashli brendlar – ularning barchasi muqaddam Jahongir Ortiqxo‘jayevning J-United Group kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. / Skrinshot: Orginfo.uz / Info: Intellektual mulk agentligi

“Maroon Trade” Toshkent shahar Shayxontohur tumani Qoratosh ko‘chasi 11A-uyda joylashgan, xuddi shu manzilda Mediapark brendi ostida “Mediapark Group” MChJ ham faoliyat yuritadi. Mazkur brend ham yaqin-yaqingacha Jahongir Ortiqxo‘jayevning J-United Group kompaniyasiga tegishli edi.

1 mlrd so‘mlik Artel maishiy texnikalari xaridi

Davletovuz'ning qayd etishicha, 2021 yil 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent shahar hokimligi bayram o‘tkazgan. Uni “Autograph Event” MChJ tashkillashtirgan. Ehtimolki, o‘sha vaqtda hisob-kitob qilinmagan, shu sababli shahar hokimining 2022 yil 24 fevraldagi farmoyishi bilan poytaxt mahalliy budjeti zaxira mablag‘laridan qariyb 861,7 mln so‘m ajratish belgilangan. Shu kuni imzolangan shartnomaga muvofiq, “Autograph Event” MChJga ko‘rsatilgan xizmat uchun 756,7 mln so‘m o‘tkazib berilgan. Shartnoma ilovasi portalga joylashtirilmagan.

Bundan tashqari, 2022 yil 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning farmoyishi (hujjat e-qaror'ga yuklanmagan) bilan hokimlik apparati va tuzilmasidagi boshqarmalarda mehnat qilayotgan ayollarni taqdirlash uchun zaxiradan 1,4 mlrd so‘m ajratilgan. Bu mablag‘dan QQS bilan qo‘shib hisoblaganda qariyb 962,7 mln so‘mga 158 ta Artel elektr sok chiqargich, Artel brendining 4 ta modelidan iborat 4343 ta elektr choynak xarid qilingan.

Shahar hokimligi qariyb 1 mlrd so‘mlik Artel maishiy texnikalarini xarid qilgan. / Skrinshot: Davletovuz

Qonun nima deydi?

“Profi Event” va “Autograph Event” yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilmagan, bu esa prezident va Vazirlar Mahkamasidan tashqari boshqa davlat organlari va tashkilotlari bu kompaniyalardan to‘g‘ridan to‘g‘ri mahsulot (xizmat) sotib olishi mumkin emasligini bildiradi (“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 71-moddasi).

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga binoan, davlat buyurtmachilari to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilganligi to‘g‘risidagi axborotni shartnoma tuzilgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirishi shart.

Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilganligi to‘g‘risidagi axborot maxsus axborot portaliga joylashtirilmagan bo‘lsa, ushbu shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmasligi kerak.

Avvalroq Kun.uz Toshkent hokimiga aloqador bo‘lgan “Eco House-Group” qiymati kamida 403 mlrd so‘mlik yirik loyihalarni tendersiz olgani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid