Jamiyat | 16:21 / 18.06.2021
46785
11 daqiqa o‘qiladi

Tabiatni yengayotgan qurilishlar. Zarafshon daryosi taqdiri nega hech kimni o‘ylantirmayapti?

Yaqinda Samarqand viloyatining Toyloq tumanida shu vaqtgacha hech qachon qurimagan buloq quridi. Aholini o‘ylantirayotgani, aslida, birgina buloqning qurib qolishi ham emas. Buloq, shunchaki, jiddiy ishora.

Ikki haftadan buyon Samarqanddagi qator hududlarda suv tanqisligi haqida xabarlar chiqa boshladi. Joylarda nafaqat ekin maydonlari, balki aholini ham suv bilan ta'minlashda muammolar yuzaga kelgan. Ayrim aholi punktlarida quduqlar quriy boshladi. Markazlashgan ichimlik suvi ta'minotida ham uzilishlar ko‘paygan.

Mutaxassislar mazkur vaziyat bo‘yicha ikkita omilni o‘rtaga tashlamoqda: Zarafshon daryosida suv sathi pasayishi va bu yil yog‘in miqdori kam bo‘lgani. Nima bo‘lganda ham, bu yil kuzatilgan holatni endi suv resurslariga munosabatni keskin o‘zgartirishga bo‘lgan «signal» deb qabul qilish kerak.

Xo‘sh, Zarafshon daryosining suv sathi chindan ham yil sayin pasaymoqdami? Hech qachon qurimagan buloqning qurishidan tortib, Samarqand viloyatining janubiy tumanlarida aholining ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolari ortib borayotgani daryo suviga qanchalik aloqador?

Kun.uz Zarafshon daryosining Toyloq tumanidan o‘tuvchi qismi yaqinida istiqomat qilib kelayotgan fuqarolar bilan suhbatlashdi.

Nazarkarda bulog‘i tumanning Nurli yo‘l mahallasi, Qunduzak qishlog‘ida joylashgan. Mazkur buloq suvi qurib qolganini qishloq ahli avvallari ko‘rishmagan. Ayni vaqtda buloq suvi yangilanmayapti, loyqa hosil bo‘lgan. Aytishlaricha, o‘tgan yili ushbu buloqda baliqlar ham suzib yurgan.

Aytish mumkinki, Nurli yo‘l mahallasi aholisi ko‘p yillardan beri qo‘lbola kranlardan foydalanib keladi. Yaqin-yaqingacha 8–9 metrdan suv chiqqan bo‘lsa, so‘nggi uch-to‘rt yilda quvurlarni yanada chuqurroqqa urishga to‘g‘ri kelyapti. So‘nggi haftalarda esa 14–15 metrdan ham suv chiqishi muammo bo‘lmoqda.

Masalan, biz suhbatlashgan fuqarolardan biri joriy yilning bahor oylarida hovlisidagi quduqda suv pastlab ketgani uchun yangisini qazishga kirishganini aytdi. Ammo 15 metrdan ham suv chiqmagani sababli, hovlining yana boshqa qismidan quduq qazib ko‘rmoqchi. U kishining hovlisida issiqxona qurilgan bo‘lib, suv tanqisligi sababli ekinlarni sug‘orishda muammoga duch kelmoqda.

Qahramon Baqoyevning uyi esa Zarafshon daryosidan nari borsa 300 metr masofada joylashgan. Uning aytishicha, o‘n yilcha avval besh-olti metrdan suv chiqqan va to‘rt faslda ham qurib qolmagan. Qishloq odamlari hatto sholichilik bilan ham shug‘ullanganini bildirishdi.

Hududning so‘limligi sababli odamlar faqat hordiq chiqarish uchun bu yerlarga kelishgan ekan. Endi esa daryo bo‘ylab bir necha tosh va shag‘al maydalashga mo‘ljallangan tadbirkorlik sub'yektlari ish boshlagan. Ularning faoliyati, shovqin-suroni odamlarni bezovta qilibgina qolmay, yashillikka ham zarar yetkazgan.

Martaba Baqoyevaning shundoqqina hovlisi to‘rida tog‘dek qilib shag‘al uyub qo‘yilgan. Ma'lum bo‘lishicha, daryodan olib kelingan shag‘al-toshlar shu yerda maydalanadi.

«Biz yashayotgan joylar juda so‘lim edi, hozir cho‘lga aylanib qoldi. Kecha-yu kunduz zavod ishlaydi, og‘ir yuk mashinalari va texnikalar tinmaydi. Chang ko‘tariladi, farzandlarimizning sog‘ligiga zarari bor. Vaziyatdan tuman hokimligini ham xabardor qilganmiz, boraveringlar, borib o‘rganamiz, deb jo‘natib yuborishdi, xolos», — deydi Martaba opa.

Umuman, daryo yoqasida yashab kelayotgan kim bilan suhbatlashmang, suv tanqisligi sezila boshlaganini, quduqlarning suvi pastlab ketayotganini yashirib o‘tirmadi.

Haqiqatan ham Zarafshon daryosini yoqalab, bir necha kilometr masofani ko‘zdan kechirdik. Daryoning istalgan joyini to‘sib, istalgan joyidan tosh-shag‘al olinmoqda. Daryo suvi ayrim joylarda nihoyatda kengayib, ba'zi joylarda qisqarib oqmoqda. Ba'zi joylarda qirg‘oq 200 metrgacha olislab ketgan. Daryo o‘z o‘zanini o‘zgartirgan, qirg‘oqdagi dov-daraxt va butalar qurib, yo‘q bo‘lib ketmoqda.

Bizningcha, Zarafshon daryosidan tosh-shag‘allarning bu tarzda olinishi biror me'yorga to‘g‘ri kelmasligini, ekologiya va tabiiy atrof-muhitga yetkazayotgan zararini bilish uchun hech qanday mutaxassis yoki olimning ilmi kerak emas. Shundoqqina daryoning bag‘ridan toshni olib ketayotgan yuzlab mashinalar na kechasi, na kunduzi tinim biladi. Barchaning ko‘z o‘ngida butun bir viloyatning obi-hayoti bo‘lgan daryo g‘ariblashib bormoqda.

Zarafshon daryosining suvi pasayib ketishini to‘g‘ridan to‘g‘ri daryo yoqasida tadbirkorlik sub'yektlari ko‘payib borayotgani bilan belgilash ham noo‘rin bo‘ladi, albatta. Daryo suvining yillar davomida kamayib ketishiga boshqa omillar ham bor. Bu borada Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Tolib Haydarovning fikrlari bilan qiziqdik.

Tolib Haydarov, Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i

«Biz Zarafshon daryosining suvidan har oy namuna olib, tahlil qilib boryapmiz. O‘z navbatida qo‘mitamizga, tegishli tashkilotlarga xulosamizni beryapmiz.

Bir holatni tan olish kerak, aholining suvga bo‘lgan ehtiyoji va uning tanqisligi so‘nggi vaqtlarda oshgan. Xususan, ob-havoning isib ketishi, yog‘ingarchilik kam bo‘lishi, qolaversa, Tojikistondan keluvchi suv miqdori qisqargani ham Zarafshon daryosi suvi kamayishiga sabab bo‘lyapti. Daryo suvi qanchalik ko‘p bo‘lsa, shunga yarasha qum-shag‘alni oqizib keladi.

Zarafshonda suv miqdori kamayayotgan ekan, tabiiyki qum-shag‘al miqdori ham kamayib ketadi. Bunday vaqtda daryodan qum-shag‘al olish me'yorlariga amal qilinishi lozim bo‘ladi. Ya'ni tadbirkorlarga daryoning qaysi qismidan qancha miqdorda shag‘al olish mumkinligi tushuntiriladi. Shunday ekan, tadbirkorlarning bir joydan katta miqdorda shag‘al olishi daryoga salbiy ta'sir qiladi. Bu faoliyat turi bo‘yicha mas'ul tashkilotlar bor va nazoratini ular olib borishlari kerak», — dedi Tolib Haydarov.

Mutasaddining qo‘shimcha qilishicha, joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida boshqarma tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazilgan va aynan suv hamda karerlar faoliyati bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlangan. 278 nafar mansabdor shaxslar va fuqarolarga nisbatan ma'muriy chora qo‘llangan va qonunbuzarlar 330 million so‘mga yaqin jarimaga tortilgan. 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakili daryolardan qum-shag‘al qazib olishda naq 278ta holatda qonun buzilganini ma'lum qilmoqda. Aynan mana shu raqamlarning o‘zi ham sohaga tegishli bo‘lgan barcha tashkilotlarning e'tibor qaratishi lozimligini taqozo etadi — daryodan juda ko‘p miqdorda ortiqcha shag‘al qazib olinmoqda.

Shag‘al qazib olish bekordan bekorga mutasaddilar tomonidan nazoratga olinmaydi. Haddan tashqari ko‘p tosh qazib olinishi tabiatga tiklab bo‘lmas zarar keltirishi mumkin. Ayni vaqtda ko‘zga ko‘rinib turgan holat shuki, kuniga minglab mashinalarda tosh olinishi oqibatida Zarafshon daryosi o‘zani keskin pasaygan.

Bir necha yil oldin ham samarqandlik olimlar ko‘p miqdorda shag‘al qazib olish oqibatida daryo o‘zani pastlashi shundoqqina qirg‘oqda joylashgan «Zarafshon» milliy tabiat bog‘idagi o‘simliklarga zarar yetkazayotgani haqida bong urgandi.

O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati markazining telegram kanalida ham 2020-2021 yillarning o‘tgan davrida Zarafshon daryosining o‘rta oqimi jadval tarzda e'lon qilingan.

Ushbu ma'lumot ham yildan yilga daryo oqimi pasayib borayotganini ko‘rsatmoqda. 2020 yilning aprel-may oylarida daryo oqimi me'yordan past bo‘lgan. 2021 yilning o‘tgan davrida daryo oqimi yana ham pastlagan. Buning oqibatida yerosti suvlari sathi ham pasayib ketgan.

Samarqand shahrida ichimlik suvi ta'minotida yuzaga kelgan muammolarni shahar «Suvoqova» korxonasi vakili Nasriddin Bahriddinov ham qisqacha so‘zlab berdi.

Nasriddin Bahriddinov, Samarqand shahar «Suvoqova» korxonasi vakili

Unga ko‘ra, haqiqatan ham aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashda bu yil muammolar yuzaga kelgan bo‘lib, buning sabablari quyidagicha.

Avvalo, bu yil Zarafshon daryosiga kelib quyiladigan suv hajmi keskin pasaygan. Buning natijasida daryo atrofidagi yerosti suvlari ham pasaygan. «Suvoqova»ning esa aholiga suv yetkazish nasoslarining katta qismi aynan Zarafshon daryosi yaqinida joylashgan.

Ikkinchi sabab bu yilgi yog‘ingarchilik kam bo‘lgani bilan bog‘lansa, uchinchi sabab aynan ichimlik uchun foydalanish lozim bo‘lgan suvning bu yil ekinlarni sug‘orish va boshqa maqsadlarda haddan tashqari ko‘p ishlatilishidir.

Misol uchun, Samarqand shahrida gulzorlar, daraxtlar va boshqalarni sug‘orishga mas'ul bo‘lgan boshqa tashkilot, bu maqsad uchun esa alohida suv manbalari bor. Ammo tomorqani sug‘orish uchun suv manbalari ham bu yil kamaygani sababli aholiga yetkazish lozim bo‘lgan ichimlik suvini sug‘orish maqsadlarida ishlatish ko‘paygan. Holbuki, ichimlik suvi ayni vaqtda hisob-kitobli bo‘lib qolgan. Qolaversa, u ma'lum miqdordagi mablag‘ evaziga tortib olinadi, zararsizlantiriladi, uzoq kilometrlarga kerakli bosim bilan yetkaziladi.

Aftidan, suv bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘luvchi omillarning keti ko‘rinmaydigandek. Ulardan eng asosiysi, albatta, suv resurslari, jumladan, daryodan foydalanishdagi xo‘jasizlikka barham berish, albatta.

Darvoqe, Toyloqdagi Qunduzak qishlog‘iga borar ekanmiz, aholi qishloqning daryo bilan chegarasi atigi bir necha yil avval yam-yashil butazor bo‘lgani, yon-atrofda daryodan sizib o‘tgan suv evaziga yuz yillar davomida suv havzalari bo‘lganini alam bilan gapirib berishdi. Hozir esa u yerda ulkan tosh uyumlari, chang-g‘ubor va qurigan hovuzlar o‘rnini ko‘rish mumkin. Daryodan hisob-kitobsiz shag‘al olinishi natijasida suvning pasayishi atrofni shu ko‘yga solgan. Aftidan, zudlik bilan shag‘al olish miqdorini qayta ko‘rib chiqish shart.

Isomiddin Po‘latov, Anvar Mustafoqulov,
Kun.uz muxbirlari.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid