Ikki haftadan buyon Samarqanddagi qator hududlarda suv tanqisligi haqida xabarlar chiqa boshladi. Joylarda nafaqat ekin maydonlari, balki aholini ham suv bilan ta'minlashda muammolar yuzaga kelgan. Ayrim aholi punktlarida quduqlar quriy boshladi. Markazlashgan ichimlik suvi ta'minotida ham uzilishlar ko‘paygan.

Mutaxassislar mazkur vaziyat bo‘yicha ikkita omilni o‘rtaga tashlamoqda: Zarafshon daryosida suv sathi pasayishi va bu yil yog‘in miqdori kam bo‘lgani. Nima bo‘lganda ham, bu yil kuzatilgan holatni endi suv resurslariga munosabatni keskin o‘zgartirishga bo‘lgan «signal» deb qabul qilish kerak.

Xo‘sh, Zarafshon daryosining suv sathi chindan ham yil sayin pasaymoqdami? Hech qachon qurimagan buloqning qurishidan tortib, Samarqand viloyatining janubiy tumanlarida aholining ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolari ortib borayotgani daryo suviga qanchalik aloqador?

Kun.uz Zarafshon daryosining Toyloq tumanidan o‘tuvchi qismi yaqinida istiqomat qilib kelayotgan fuqarolar bilan suhbatlashdi.

Nazarkarda bulog‘i tumanning Nurli yo‘l mahallasi, Qunduzak qishlog‘ida joylashgan. Mazkur buloq suvi qurib qolganini qishloq ahli avvallari ko‘rishmagan. Ayni vaqtda buloq suvi yangilanmayapti, loyqa hosil bo‘lgan. Aytishlaricha, o‘tgan yili ushbu buloqda baliqlar ham suzib yurgan.

Aytish mumkinki, Nurli yo‘l mahallasi aholisi ko‘p yillardan beri qo‘lbola kranlardan foydalanib keladi. Yaqin-yaqingacha 8–9 metrdan suv chiqqan bo‘lsa, so‘nggi uch-to‘rt yilda quvurlarni yanada chuqurroqqa urishga to‘g‘ri kelyapti. So‘nggi haftalarda esa 14–15 metrdan ham suv chiqishi muammo bo‘lmoqda.

Masalan, biz suhbatlashgan fuqarolardan biri joriy yilning bahor oylarida hovlisidagi quduqda suv pastlab ketgani uchun yangisini qazishga kirishganini aytdi. Ammo 15 metrdan ham suv chiqmagani sababli, hovlining yana boshqa qismidan quduq qazib ko‘rmoqchi. U kishining hovlisida issiqxona qurilgan bo‘lib, suv tanqisligi sababli ekinlarni sug‘orishda muammoga duch kelmoqda.