Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koronavirus Janubiy Koreyada: vaziyat chindan ham og‘irmi?
«Koreyada koronavirus tarqalishi avj olmoqda», «Hozir Koreyada qolish juda xavfli, tezda O‘zbekistonga qaytish kerak», «Koreyada virus yuqtirib olgan xorijliklarga qanday yordam ko‘rsatishmoqda?», «Koreyada hozir hamma virusga chalinmoqda...» Mana shunday vahimali so‘zlar ko‘pchilikning qulog‘iga chalingan bo‘lsa kerak.
Foto: news.joins.com
Nahotki, Janubiy Koreyada ahvol shu qadar og‘ir? Odamlar internetda tinimsiz muhokama qilayotgan xabarlar haqiqatga qanchalik yaqin? Koreya hukumati koronavirus tarqalishining oldini olish uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda? Mana shu savollarga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.
Janubiy Koreyaga o‘qish va ishlash maqsadida ketgan O‘zbekiston fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni damda bu yerda 75 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yashaydi.
Keling, endi sizlarga mamlakatdagi vaziyat haqida so‘nggi ma'lumotlarni tanishtirsam.
Koronavirus raqamlarda
29 fevral, soat 16:00 dagi holatga qo‘ra, Janubiy Koreyada koronavirusga chalinganlar soni 3100 nafardan oshgan. Kasallikka chalinganlar 28 fevraldagiga nisbatan 1100 kishiga ko‘paygan. Bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana 35 mingdan ortiq kishi tekshiruvga olingan. Tuzalganlar 28 nafar, vafot etganlar 17 nafarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich oshishi ehtimoli mavjud.
Ayni damda, Janubiy Koreya virus avj olishi bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi davlat bo‘lib qolmoqda.
70 dan ortiq davlatlar koronavirus tarqalishi xavfining oldini olish maqsadida Janubiy koreyaliklarga mamlakatga kirish uchun cheklovlar qo‘yib, qat'iy karantin tartiblarini joriy qilmoqda. O‘zbekistonda ham Koreyaga bo‘lgan qatnovlar vaqtincha to‘xtatilmoqda.
Hukumat nima qilmoqda?
Avvalo, qayd etish joizki, Janubiy Koreya pandemiya va virus holatlariga tayyor mamlakatlar orasida dunyoda 9-o‘rinda turadi. Bu ro‘yxatning eng yuqorisida AQSh, Buyuk Britaniya hamda Niderlandiya joylashgan. Mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimi juda ham samarali faoliyat olib boradi.
Tibbiyot maskalari
Koronavirus xavfi oshgani sayin tibbiyot niqoblariga bo‘lgan talab ham orta boshladi. Dorixona va supermarketlarda sotiladigan niqoblar deyarli qolmadi. Internet do‘konlarda esa ularning narxi ikki-uch barobar oshib ketdi. Hukumat aholining tibbiyot niqoblariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida butun Koreya bo‘ylab niqoblarni arzon narxlarda tarqatishni boshladi. Ayni damda har bir hududda aholiga navbat bilan kishi boshiga besh donadan niqob sotilmoqda. Bugun biz ham oilamiz bilan arzon niqoblardan sotib oldik.

Janubiy Koreya hukumati eng avvalo ichki talabni qondirish uchun tibbiy niqoblar eksportini cheklashini e'lon qildi. Endi Koreyadagi firmalar may oyigacha o‘zlari ishlab chiqargan niqoblarning ko‘pi bilan 10 foizgacha bo‘lgan qisminigina chet elga eksport qila oladi. Mahsulotlarning asosiy qismi esa ichki bozorga yetkazib beriladi.
Kundalik hisobot va ma'lumotlar ochiqligi
Janubiy Koreya hukumati va tegishli idoralar mamlakatda tasdiqlangan kasalliklarning to‘liq ro‘yxati hamda koronavirusga tegishli barcha ma'lumotlar bilan aholini har kuni xabardor qilib bormoqda. Vazirliklarning rasmiy saytlaridagi ma'lumotlar soat sayin yangilanmoqda. Hattoki, barcha kasallanganlarning to‘liq ro‘yxati va infografikasi ochiqchasiga e'lon qilinmoqda.
Kecha, 28 fevral kuni biz yashaydigan Vonju shahrida ham koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat aniqlandi. Bundan OAV yoki TV orqali xabar topdi, deb o‘ylashingiz mumkin. Yo‘q, bu haqda shahar hokimiyati mobil SMS orqali tezkorlik bilan xabar berdi. Shuningdek, kasallikka chalingan kishining manzili, oila a'zolari, virus aniqlanishiga qadar qayerda bo‘lgani to‘g‘risida barcha batafsil ma'lumotlar ham yuborildi.
Bundan tashqari, uyimizda maxsus spiker o‘rnatilgan. Unda xo‘jalik boshqaruvi xodimlari muhim holatlar va eslatmalarni e'lon qilishadi. Har kuni telefonimga koronavirusga oid eng so‘nggi xabarlar kelib turibdi. Koreya bejizga Hukumat shaffofligi indeksi (Open Government Index) bo‘yicha jahonda yetakchi o‘ntalik ro‘yxatiga kiritilmaganiga ishonch hosil qildim.
Prezident va vazirlar
Seuldan 300 km uzoqlikda joylashgan, 2,4 million aholi yashovchi Tegu shahri Covid-19’ning bu mamlakatdagi asosiy o‘chog‘iga aylanganidan xabardorsiz. Koreya prezidenti Mun Chje In Tegu shahrida koronavirus bilan bog‘liq ishlar qanday olib borilayotganini bevosita tekshirish uchun shaxsan o‘zi tashrif buyurdi.
Tegu shahar hokimiyatida rasmiylar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu shahar, hamda unga yaqin bo‘lgan shaharlarga davlat tomonidan barcha zaruriy yordamlar berilayotganini va bu davom etishini yana bir bor ta'kidladi.
Kun davomida bosh vazir ham Tegu shahriga yetib keldi va prezidentning topshirig‘iga binoan shaharda olib borilayotgan ishlarni nazorat qilib borish uchun shu yerda qoladigan bo‘ldi.
Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Kim Gan Nip virus tarqalishi bo‘yicha har kuni jonli brifing o‘tkazmoqda. Shuningdek, ushbu brifing bir vaqtning o‘zida ingliz tilidagi tarjima bilan Arirang kanali hamda hukumat rasmiy veb-sayti Korea.net da ham namoyish etilmoqda.
Koreyada shifokorlar tomonidan gumonlangan barcha shaxslar, jumladan xorijliklar ham bepul tekshirilmoqda. Shuningdek, koronavirus tashxisi qo‘yilsa, bemorlarni davolash ham to‘liq davlat tomonidan amalga oshirilmoqda. Yaponiya hozirga kelib, bor-yo‘g‘i 1800 dan ortiq kishini tekshiruvdan o‘tkazgan bo‘lsa, Koreyada bu raqam 40 mingni tashkil etadi.
Koreya kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (Korea Centers for Disease Control and Prevention) tomonidan ham infeksiyani o‘z vaqtida oldini olish va epidemik holatda aholi xabardorligini yanada oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Turli so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda, davlat tashkilotlari va muassasalari, xizmat ko‘rsatish idoralari va uydagi liftlarga qo‘llarni dezinfeksiya qilish vositalari o‘rnatilmoqda, maxsus eslatmalar tarqatilmoqda.

Shuningdek, mamlakat Adliya vazirligiga qarashli immigratsiya xizmati ham Koreyada qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan va hozirda Koreyada bo‘lib turgan chet el fuqarolari uchun ularning yashash muddatini 2020 yilning 30 apreliga qadar avtomatik tarzda uzaytirilishini va buning uchun immigratsiya xizmati bo‘limlariga borish talab qilinmasligini ma'lum qildi. Bu chora-tadbirlar Koreyadan tashqarida ham virus tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Ma'lumotlarga qaraganda, Koreyadagi Samsung, Hyundai Motor, SK, LG, POSCO kabi bir qancha yirik kompaniyalar mamlakat bo‘ylab virusga qarshi kurash chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash uchun kundalik ehtiyoj va shoshilinch tibbiy buyumlarni xayr-ehson qilishni boshladi. Yordamning asosiy qismi Tegu va Shimoliy Gyongsan viloyatiga ko‘rsatilmoqda.
Samsung: $24.6 mln.
Hyundai: $4 mln.
SK Group: $4 mln.
LG Group: $4 mln.
POSCO: $4 mln.
Lotte Group, GS Group, Doosan Group va CJ Group har biri $800,000 dan.
Xavotirlar o‘rinlimi?
Yuqoridagi ma'lumotlardan shunday xulosa kelib chiqadi: Janubiy Koreyada koronavirusga chalinganlar soni oshib borayotgan bo‘lsa-da, uning oldini olish va bartaraf etishga oid ishlar ham butun mamlakat bo‘ylab katta ko‘lamda olib borilmoqda. Davlat rahbariyati, vazirliklar, sog‘liqni saqlash xodimlari mamlakatda holat o‘nglanishi uchun tinimsiz harakat qilmoqda, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilmoqda. Koreyaliklarning o‘zi ham vaziyatni yanada og‘irlashtirmaslik uchun ehtiyot choralarini ko‘rmoqda.

Shunday ekan, vahima va xavotirga o‘rin yo‘q. Barchasi Allohning irodasiga bog‘liq. Ushbu virus ertaga yana qaysi mamlakatga kirib kelishini hech kim bilmaydi. Agarda siz Janubiy Koreyada yashayotgan bo‘lsangiz, O‘zbekistonga qaytib, yurtdoshlarimizni ham xavf ostiga qo‘ygandan ko‘ra, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishini kutishni maslahat beramiz.
Kun.uz’ning Janubiy Koreyadagi muxbiri
Feruza Avazova
Mavzuga oid
19:52 / 21.01.2026
Janubiy Koreyaning sobiq bosh vaziri Xan Dok Su isyon ishi bo‘yicha 23 yilga qamaldi
13:42 / 16.01.2026
Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti besh yilga qamaldi
23:02 / 13.01.2026
Prokurorlar Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun uchun o‘lim jazosini so‘radi
16:33 / 06.01.2026