Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Real Sanjik qamoqqa olindi, chang havo hali davom etadi – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Prezident sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi rejalarni e’lon qildi
Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt (SI) sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan qator yirik tashabbuslarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Nvidia kompaniyasi bilan hamkorlikda superkompyuter klasteri ishga tushiriladi, AQSh Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisi ochiladi, maktab, kasb va oliy ta’lim tizimlariga sun’iy intellekt fanlari bosqichma-bosqich integratsiya qilinadi.
Maktablar o‘rtasida har yili sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Har bir hududda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktabda eng zamonaviy SI laboratoriyasi tashkil etiladi.
SI bo‘yicha Prezident tanlovi tashkil etiladi. Har yili 100 nafar eng iqtidorli yosh saralab olinib, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari va Yevropaning ilg‘or texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi.
O‘zbekistonda steyblkoin rasman to‘lov vositasiga aylanadi
2026 yil 1 yanvardan to‘lov vositasi sifatida barqaror token (steyblkoin) aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. Rejim doirasida to‘lov tizimi ishlab chiqilib, tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalar bozori yaratiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyani emissiya qilishga ruxsat beriladi.
O‘zbekiston hududida birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan fond birjalarida tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni joylashtirish hamda ularning muomalada bo‘lishi uchun alohida savdo maydonchasi tashkil etiladi.
Inversiya hodisasi kutilganidan uzoqroq davom etadi
O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq antitsiklon ta’siri 29 noyabrdan yanada kuchayishi va 5 dekabrga qadar saqlanishi kutilmoqda. Bu havo haroratining pasayishi, ertalabki tuman va inversiya hodisalarining uzoqroq davom etishiga sabab bo‘ladi.
Yuqori bosimli maydonning ta’siri keyingi 10 kun davomida saqlanib turishi prognoz qilinmoqda. Uzoq muddatli inversiya chang, tutun va mayda zarrachalar konsentratsiyasining oshishiga, quyuq tuman hodisalari ko‘payishiga olib kelishi mumkin.
O‘zbekistonda «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi start oladi
Prezident farmoyishiga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi amalga oshiriladi. Dastur orqali davlat xizmatlarini soddalashtirish, ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish, raqamli muloqotni kuchaytirish va suiiste’molchilik xavfini kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Farmoyishga ko‘ra, Dasturning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
- fuqarolarning hayot sifatini davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali yaxshilash;
- tadbirkorlikni rag‘batlantirish, mamlakatning xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorligini oshirish;
- raqamli boshqaruv va davlat boshqaruvi sohasida O‘zbekistonning ijobiy xalqaro imijini shakllantirish;
- ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish, jarayonlar shaffofligini oshirish orqali suiiste’mollik xavfini kamaytirish.
Bloger Sanjar Karimov qamoqqa olingani aytilmoqda
Ijtimoy tarmoqlardagi xabarga ko‘ra, Real Sanjik nomi bilan tanilgan bloger Sanjar Karimov qo‘lga olindi.
Sanjar Karimov 26 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan maxsus reydda ushlangan. U tovlamachilik hamda o‘qotar qurollarni qonunga xilof ravishda saqlash singari jinoyatlarni sodir etishda gumonlanmoqda.
Sanjar Karimov «Qochoq kuyov va aldangan kelin» ishi bo‘yicha tanish. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi 21 noyabr kuni bloger Real Sanjikning ushbu firibgarlik ishidagi ishtirokini tekshirib, xatti-harakati qonuniyligiga baho berish uchun prokuraturaga xabarnoma yuborgandi.
Mavzuga oid
21:02 / 12.12.2025
«Metan zapravka»larda cheklovlar va Farg‘ona vodiysiga ko‘chma konteynerda gaz – mahalliy dayjest
21:54 / 11.12.2025
Uy-joy va avtomobil savdosida naqd puldan voz kechilishi va inson a’zolari savdogarlariga jazo – mahalliy dayjest
22:32 / 10.12.2025
800 ta paxta terish mashinasi va Piskentdagi daraxtkushlik – mahalliy dayjest
22:46 / 05.12.2025