Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
50 dollarlik ofis va minglab mijoz: tasodifiy buyurtmani katta biznesga aylantirgan samarqandlik tadbirkor hikoyasi
Avval ikki marta bankrot bo‘lgan Jonibek Miralimov tezpishar taom tarmog‘iga tayyorlab bergan avtomatlashtirish tizimi orqali o‘zining asosiy faoliyat yo‘nalishini topdi. Bugun uning tizimi mingga yaqin biznesda ishlatilyapti, kompaniyasi esa mo‘may daromad manbaiga aylangan. Noldan boshlangan bu ish qanday qilib katta biznesga aylandi? Kun.uz muxbiri tadbirkor bilan shu haqda suhbatlashdi.
Jonibek Miralimov hozir 29 yoshda. U Samarqand viloyatida tug‘ilib o‘sgan. Dastlab biznes faoliyatini kichik savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlaridan boshlagan. Sohada bir necha marta muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, u tajriba orttirib, keyinchalik IT sohasiga kirib keladi.
“Tadbirkorlik faoliyatim aslida kompyuter o‘yini yaratish g‘oyasidan boshlangan. O‘sha paytda o‘rtoqlarim bilan o‘zimizning mualliflik o‘yinimizni ishlab chiqmoqchi bo‘ldik va buning uchun dasturlashni o‘rgandik. Jarayon davomida veb-dizayn, Unity platformasi va boshqa texnologiyalar bilan ham tanishdik. Taxminan bir yil shu yo‘nalishda shug‘ullandik. Keyin angladikki, o‘yinlar bozorida raqobat juda katta. Muvaffaqiyatli o‘yin yaratish uchun esa ko‘proq mablag‘ kerak, ya’ni yuz minglab, hatto millionlab dollar investitsiya talab etiladi. Bunday miqdordagi investitsiyani jalb qila olmasligimizni tushunib, asta-sekin g‘oyadan voz kechdik. Shu paytda ota-onamning kichik do‘koni bor edi. Men o‘sha do‘konda rahbar sifatida ishlashni yo‘lga qo‘ydim. Ammo ilk biznesim muvaffaqiyatsiz bo‘ldi: magazinni bankrot qilib qo‘ydim”, – deydi u.
Jonibek Miralimov biznesdagi ilk yiqilishlardan so‘ng to‘xtab qolmaydi. U mahallada qaysi xizmatlarga talab yuqori ekanini kuzata boshladi. O‘sha paytda aholining ko‘p qismi to‘lovlarni terminal va vaucherlar orqali amalga oshirar, Paynet esa eng ommabop tizimlardan biri edi. 2016–2017 yillar atrofida Jonibek aynan shu yo‘nalishda ishlashni boshlaydi, turli xizmatlar uchun vaucherlar sotish bilan shug‘ullanadi. Vaqt o‘tib bu faoliyatni kengaytirib, hatto ulgurji savdo darajasigacha olib chiqadi. Biroq tadbirkorning aytishicha, aynan shu bosqichda yana bir xatoga yo‘l qo‘yadi. Daromad oshgani sari biznes ustidan nazorat susayadi va oxir-oqibat bu loyiha ham bankrot bo‘ladi.
Shundan keyin u o‘rtoqlari bilan yana birlashib, turli texnologik loyihalar ustida ishlay boshlaydi va dastlab autsorsing kompaniyaga asos soladi. Aynan shu kompaniya keyinchalik Jonibek Miralimovning eng muhim mahsulotlaridan biri Alipos tizimining paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.
“Biz biznesni deyarli nol kapital bilan boshlaganmiz. Asosiy kapitalimiz bilimimiz edi. Dastlab juda arzon ofis ijaraga olganmiz, oyiga 50 dollar. 14-qavatga lifsiz chiqib ishlardik. Boshida xodimlar ham yo‘q edi, faqat o‘zimiz va sohaga endi kirib kelayotgan shogirdlarimiz bilan birga faoliyat yuritardik. Kichik buyurtmalar olib, asta-sekin xarajatlarni qoplab borardik. Endi boshlagan paytda mahsulotlarni 100–200 dollarga ham tayyorlab berardik. Chunki bizni hech kim tanimasdi, portfoliomiz ham yo‘q edi.
2020–2021 yillar atrofida bir buyurtma tushdi. Samarqanddagi fast-fud korxonalaridan biri savdo jarayonlarini avtomatlashtirishni so‘radi. Ularga kassa orqali kelayotgan tushumni nazorat qilish, buyurtmalarni avtomatlashtirish, kun oxirida hisobot olish kabi tizim kerak edi. Biz ularga shu platformani ishlab berdik. Oradan bir-ikki oy o‘tib boshqa tadbirkorlar tizimga qiziqa boshladi. Ular ham bizga murojaat qildi. Shunda mahsulot bozorga kerak ekanini tushunib, uni “qutiga joylangan” tayyor xizmat sifatida sotishni boshladik. Ammo o‘sha paytda asosiy faoliyatimiz baribir autsorsing loyihalar edi. Shuning uchun bu mahsulotga unchalik katta e’tibor qaratilmasdi. U daromad keltirar edi, lekin kompaniya umumiy aylanmasida katta ulushga ega emas edi.
2023 yil boshida kompaniyamiz moliyaviy inqirozga duch keldi. Sababi buyurtmalar keskin kamayib ketdi. Bizda katta jamoa bor va ularni saqlash uchun mablag‘ zarur edi. Lekin ko‘plab loyihalar bekor bo‘ldi, yangi buyurtmalar esa deyarli kelmay qoldi. Shunda biz vaziyatni tahlil qila boshladik. Bunday inqiroz yana takrorlanmasligi uchun kompaniyaga barqaror pul oqimini ta’minlaydigan mahsulot kerakligini tushundik. Portfelimizda bir nechta IT mahsulotlar bor edi: SRM tizimlari, zavodlarni avtomatlashtirish yechimlari, ombor tizimlari, transport boshqaruvi tizimlari, HR texnologiyalari. Ularning barchasini tahlil qilib chiqdik. Natijada eng tez o‘sish salohiyati aynan Alipos mahsulotida ekanini angladik. Mazkur mahsulot allaqachon bozorga kirgan, mijozlari bor, qiziqish ham yuqori edi. Shuning uchun 2023 yil noyabr oyidan boshlab asosiy e’tiborni aynan shu mahsulotga qaratdik.
Autsourcing modelining muammosi shundaki, unda barqaror daromad yo‘q. Agar buyurtma bo‘lsa – pul bor, buyurtma bo‘lmasa, daromad ham bo‘lmaydi. Keyinchalik biz SaaS modeliga o‘tishga qaror qildik. Ya’ni mijoz tizimni o‘rnatgach, har oy obuna to‘lovi to‘laydi. Bu esa kompaniya uchun barqaror moliyaviy oqimni ta’minlaydi”, – deydi u.
Jonibek Miralimov bugun restoran va xizmat ko‘rsatish bizneslari uchun avtomatlashtirish tizimlarini ishlab chiqayotgan startap asoschisi sifatida tanilgan. Uning platformasi buyurtmalarni qabul qilish, hisob-kitob, mijozlar bazasini yuritish va biznes jarayonlarini avtomatlashtirilgan holda boshqarishga mo‘ljallangan.
Tadbirkorning aytishicha, hozir mazkur platforma 1500 dan oshiq biznes sub’yektida qo‘llanmoqda. Kompaniya esa SaaS (Software as a service) modeli asosida ishlaydi ya’ni mijozlar platformadan foydalanish uchun obuna to‘lovi orqali xizmatdan foydalanadi.
Intervyu davomida tadbirkor biznesni tizimlashtirish qanchalik muhimligi, servis sifati va barqarorlikning faoliyatdagi o‘rni, startaplarni investitsiya orqali o‘stirish jarayoni hamda bozordagi real muammolarni hal qilish orqali muvaffaqiyatga erishish yo‘llari haqida gapirib bergan.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
17:45 / 30.04.2026
Forma ortidagi sxema: Samarqandda leytenant million dollarlik ishda gumonlanmoqda
15:10 / 30.04.2026
Samarqand shahridagi avtoavariyada PPX xodimi halok bo‘ldi
18:30 / 29.04.2026
Samarqandda 1 maydan jamoat transportida yo‘lkira narxi oshadi
17:32 / 29.04.2026