Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Boku Moskva bilan oldingi munosabatlarda qolmaydi» – ekspertlar Oqtovdagi fojia oqibatlari haqida
Fojiaga Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi sabab bo‘lgan. Aliyev Rossiyaga qo‘ygan talablar bu kabi hodisalar takrorlanmasligi uchun tizim yaratishga yordam beradi. Bu esa nafaqat Ozarboyjon, balki Rossiya havo hududidan foydalanayotgan O‘zbekiston uchun ham juda muhim.
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida qulab tushdi. 38 kishi halok bo‘lgan. Euronews va Reuters Ozarboyjon hukumatidagi manbalarga tayanib bergan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot halokatiga Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi zarbasi sabab bo‘lgan. Grozniy ustida «Ukraina dronlari faolligi kuzatilayotgan» vaqtda samolyotga raketa otilgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan.
28 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga telefon qilib, «Rossiya osmonida ro‘y bergan fojiali hodisa» uchun uzr so‘radi, qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Ilhom Aliyev esa ushbu holatda Rossiyadan aybdorlikni rasman tan olishni, qurbonlarning oilalari hamda Ozarboyjon davlatiga tovon to‘lashni talab qilmoqda. Kun.uz ushbu xalqaro vaziyat yuzasidan mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan bog‘lanib, ulardan izoh oldi.
Shuhrat Rasul, siyosiy tahlilchi:
«Matbuotda Rossiya tomoni «Kovyor» tizimiga apellyatsiya qilmoqda. Bu qanaqa tizim? U joriy qilingan hududda, ya’ni harbiy teatrda, uchayotgan har qanday obekt o‘zini identifikatsiya qilmasa, protokol bo‘yicha urib tushirilishi kerak bo‘ladi. Endi bu ma’noda ular o‘zlarini harbiy protokolni bajargandek ko‘rsatmoqda. Lekin juda katta ehtimol bilan bu yerda ikkita variant bor.
Birinchisi, «Pansir-S1» havo hujumidan mudofaa tizimlarini ekspluatatsiya qilayotganlarning tajribasizligi oqibatida bo‘lishi mumkin. Ikkinchisi esa ushbu qurolda avtomatik boshqaruv, nishonga olish tizimlari mavjud. Mana shu avtomatik boshqaruv tizimlari ishga tushib ketgan bo‘lishi mumkin.
Nima bo‘lganda ham, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bu qasddan amalga oshirilmaganini aytdi. Bu bilan u Rossiya tomoniga vaziyatdan yuzini saqlab qolgan holda chiqish uchun bir imkoniyat berdi. Lekin bu imkoniyatdan Rossiya tomoni nimagadir foydalanishni xohlamayapti.

Rossiya tomoni prezident Aliyev aytgandek, uch kun davomida har xil yolg‘on argumentlar keltirib, qandaydir qushlar galasi yoki ichidagi kislorod balloni portlab ketishi kabi umuman kurakda turmaydigan, bema’ni bahonalar bilan vaziyatni xaspo‘shlashga kirishib ketdi. Bu haqli ravishda Ozarboyjon tomoni noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Rossiya tomoni Ozarboyjon prezidenti aytgan uchta shartni to‘liq bajarib berishi kerak: birinchidan, aybini rasman tan olishi va kechirim so‘rashi kerak; ikkinchidan, bu ishni qilgan harbiylar jazolanishi, sud bo‘lishi kerak; uchinchidan, shu samolyot ichidagi kim bo‘lishidan qat’i nazar, Rossiya fuqarosi yoki Ozarboyjon fuqarosi, o‘lganlar uchun alohida, o‘lmaganlar uchun esa alohida kompensatsiya to‘lanishi kerak. Aviakompaniyaga ham samolyotni yo‘q qilgani uchun kompensatsion to‘lovlar berilishi kerak.
Mana shu ishlar qilinsa, umuman olganda, Ozarboyjonning Rossiyaga bo‘lgan e’tirozlari to‘xtagan bo‘lardi. Hozirgi kunda Rossiyaning tushunarsiz, to‘mtoq, aqlsiz pozitsiyasi tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik munosabatlarga putur yetmoqda. Boz ustiga, ziddiyatga Qozog‘iston tomoni ham sherikka aylanib, ularni noqulay ahvolga solib qo‘ydi.
Samir Humbatov, ozarboyjonlik siyosatshunos:
Hozirgi ishning asliga qaralganda, Rossiya Ozarboyjonning fuqarolik samolyotini nega urib tushirganini aniq bir formada baholay olmaymiz. Lekin boshqa tomondan qaraganimizda, Rossiya va Ukraina urushi oqibatida Ozarboyjon samolyoti beixtiyor urib tushirilgani aytilmoqda. Ammo men hech bunday o‘ylamayman. Chunki zamonaviy havo hujumdan mudofaa tizimlari bunday muammolardan xoli va Rossiyada bunday tizim bor.
O‘ylaymanki, Rossiyaning Ozarboyjon samolyotiga zarba berganidan so‘ng o‘z yerida joylashgan aeroportlarga qo‘nishiga ruxsat bermasligi bu mavzuda bir qancha savollar keltirib chiqaryapti. Rossiyaning buni qilish bilan birgalikda orqa planda bosqin siyosati borligidan ham ko‘rinib turibdi. Masalan, Rossiya-Ukraina urushi davrida bir qancha G‘arb davlatlarining Rossiyaga munosabati va bu davrda Ozarboyjonning tarafsiz, neytral siyosati sabab ham bo‘lishi mumkin. Lekin buni fuqarolik samolyotiga qilgani mantiqli kelmayapti.
Oxir-oqibat 30 dan ortiq inson vafot etishi va qanchadan qancha insonlar og‘ir jarohat olishi, bu xuddi Rossiyaning Malayziya samolyotiga qilgani singari ayni ishni qilgani bilan tengdir. Balki tarixda birinchi marta Rossiya prezidenti bo‘lib Putin boshqa davlatdan uzr so‘ragan bo‘lishi mumkin. Ammo bu uzrni ham shunchaki to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘ragani yo‘q. Uzrni ham bir boshqa formada so‘radi. «Ha, to‘g‘ri, biz buni qildik, uzr va evaziga javobgarlikni o‘z bo‘ynimizga olamiz va kim buni qilgan bo‘lsa, biz ularni jazolaymiz» degan shaklda uzr so‘ralmadi. Ya’ni samimiy uzr bo‘lmadi.

Aliyev nafaqat Ozarboyjon fuqarolari, balki o‘sha samolyot bortida bo‘lgan Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari uchun ham izoh so‘radi va ular uchun ham tovon to‘lanishini talab qildi. Bu holatda Rossiya «Biz katta davlatmiz, endi Ozarboyjondan uzr so‘raymizmi?» deb o‘ylashi mumkin. Ammo Ozarboyjon davlati o‘z qarorini qabul qildi.
Yana bir mavzu esa Rossiyaning bu harakati o‘z havo hududida Ozarboyjon fuqarolik samolyotini urishi, undan so‘ng esa hududidagi yaqin aeroportlarga yo‘naltirmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri Qozog‘iston tarafga yo‘naltirishi bir qancha savollarni tug‘dirmoqda. Bundan maqsad – samolyotning dengizga tushishi va bu bilan izini yo‘qotish bo‘lishi mumkin edi.
Bortdagi kapitanlarimiz bu holatning oldini oldi, yo‘lovchilarning yarmiga yaqinining hayotini qutqarishga erishdi. O‘ylaymanki, bu yerda Rossiyaning bosqin siyosati bor. Ushbu siyosatni uzoq vaqtdirki davom ettirayotgan edi va hozir esa ochiqdan ochiq qilyapti. Rossiyaning hozirgi harakati faqatgina Ozarboyjonga emas, balki butun turkiy davlatlarga qarshi deb o‘ylayman.
Chunki bu ish bugun Ozarboyjonga qilinyapti, ertaga Qozog‘istonga, indinga O‘zbekistonga, keyin esa boshqa davlatlarga bosqinlik siyosati uyushtirilishi mumkin.
O‘ylaymanki, prezident Aliyev so‘zidan ortga qaytmaydi. Ozarboyjonning talablari aniq qilib o‘rtaga qo‘yildi va Rossiya ushbu talablarni bajarmasa, Ozarboyjon hozirgi kunda yangidan munosabatlarni o‘rnatmaydi. Va bu muammo hal etilsa ham, Ozarboyjon Rossiya bilan eski munosabatida qoladi deb o‘ylamayman.
Mirshohid Aslanov, Progressiv islohotlar markazi direktori:
Ozarboyjon havo kemasi Oqtov yaqinida fojiali qulashi bu urushning to‘g‘ridan to‘g‘ri natijasidir. Jangovar harakatlar tinch aholining kundalik hayoti bilan aralashib ketdi. Rossiyaning ko‘plab hududlari havo hujumiga uchramoqda, bu esa fuqaroviy xizmatlar va harbiylar orasida kelishilgan holda ishlashni og‘irlashtirmoqda.
Doimiy dronlar hujumi sharoitida Ozarboyjon samolyoti urib tushirilishi qandaydir baxtsiz hodisa emas, afsuski «kutilgan natija»dir. Xalqimizda ko‘za kunda emas, kunida sinadi, degan gap bor. Umuman olganda, bu mojaro urush zonalarida odatdagidek hayot tarzini davom ettirish mumkin degan xayollarni puchga chiqaradi. Bu nafaqat fuqaro aviatsiyasiga, balki barcha boshqa sohalarga ham tegishli. Rossiyada biznes bo‘ladimi, ishlashga ketish bo‘ladimi, savdo-sotiq yoki investitsiya va texnologiya bo‘ladimi, barcha sohalar urush qurboniga aylanib bo‘ldi. Rossiyada hatto ta’lim ham urush qurboniga aylandi, chunki urushni oqlash uchun tarix ham qayta yozilmoqda.

Rossiya sukut saqlashi va samimiy kechirim so‘ramasligi sababi bir necha omil bilan bog‘liq. Birinchidan, shov-shuvli xalqaro hodisada aybni tan olmaslikka urinish, bu – strategik harakat. Qilingan ishga iqror bo‘lish nafaqat Rossiyaga qolgan ishonchni ham so‘ndiradi, balki aniq va jiddiy diplomatik va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, ya’ni katta tovon va kompensatsiyalar, xalqaro tanqid va qo‘shimcha sanksiyalar, aloqalar buzilishi va hokazo. Qolaversa, bu hududlarga ko‘plab boshqa davlatlarning havo kemalari uchadi, shu jumladan, O‘zbekiston aviakompaniyalari uchoqlari ham. Urib tushirishni tan olish, qolganlarning ham parvozlari to‘xtatilishiga olib kelishi mumkin.
Ikkinchidan, voqeani ataylab noaniq tarzda ushlab turish orqali, o‘ylaymanki, ular o‘z fuqarolari va uchinchi davlatlar tomonidan noroziliklarni kamaytirishga harakat qiladi, hatto bu harakat Ozarboyjon bilan aloqalar yomonlashuviga olib kelishini bilsa ham.
Prezident Aliyevning javobgarlik, oshkoralik va tovon to‘lash talablari to‘liq asosli va xalqaro qonunchilikka to‘g‘ri keladi. Ushbu talablar bu kabi hodisalar takrorlanmasligini ta’minlash tizimini yaratishni taqozo etadi. Bu esa nafaqat Ozarboyjon, balki Rossiya havo hududidan foydalanayotgan O‘zbekiston uchun ham juda muhim.
O‘zbekiston manfaatlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, birinchidan, Moskva aybini yashirmasdan, o‘z qilmishini to‘liq tan olishi lozim. Shu kungacha yig‘ilgan dalillar falokat sabablarini aniqlashga imkon berib turganda, ularni inkor etish – Rossiyani mas’uliyatsiz va ishonchsiz davlat sifatida ko‘rsatadi. Ikkinchidan, ushbu falokat sabablarini aniqlab, mas’ullarni ochiq jazoga tortish lozim. O‘zbekistonning bir nechta havo kompaniyalari Rossiyaga parvozlarini davom ettirayotgan sharoitlarda bu biz uchun juda muhim.
Mavzuga oid
22:33 / 09.01.2026
Tramp Putinga sabr-toqati tugayotgani haqida signallar yubormoqda – OAV
09:26 / 05.01.2026
Tramp RFning Putin qarorgohiga zarba berilgani haqidagi bayonotiga ishonmayapti
22:02 / 01.01.2026
RF Mudofaa vazirligi «Putin qarorgohiga hujum» bo‘yicha dalillarga egaligini da’vo qildi
14:05 / 31.12.2025