Jamiyat | 17:00 / 23.04.2019
21227
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng katta Qur'on kitoblaridan biri Samarqanddagi muzeyda saqlanmoqda

Samarqanddagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan mazkur Qur'oni karim hajmi va taxlanishi jihatidan Markaziy Osiyoda eng nodir nusxalardan biri hisoblanadi, deydi Kun.uz’ga Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Sh.Rustamov.

Bu nusxa Samarqand qozikaloni Mir Nizomiddin Xoja ibn Mir Abdug‘affor Xojaning ma'lumotiga ko‘ra, hijriy 1271 yilda (milodiy 1854-1855-yillarda) Buxoro hukmdori Amir Nasrulloh buyrug‘i bilan samarqandlik kotib Mullo Hasan Samarqandiy tomonidan suls xatida Samarqand qog‘oziga ko‘chirilgan.

Kitobning birinchi betida Bibixonim masjidiga vaqf qilingani yozilgan. Keyinchalik Shohi Zinda maqbarasiga o‘tkazilgan.

Bu kitob hijriy 1298 yilda (milodiy 1881–1882 yillar) va 1339 yilda (milodiy 1922–1923 yillarda) ta'mirlangan. Ta'mirlash ishlarida Mulla Abdurahmon Mirsolihov, Porsoxo‘ja Tursunxo‘jayev, rangi o‘chgan joylarini qayta yozishda mulla Sayfiddin Abdusattorov qatnashgan.

1939 yilda Shohizinda maqbarasidan olinib, Samarqand viloyat muzeyiga (hozirgi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi) topshirilgan.

Bu Qur'onning o‘lchami 104 x 156 sm bo‘lib, 32 varaqdan iborat. Kitob unvoni (nomi) birinchi betida bo‘lib, zarhal harflar bilan ishlangandir. Har bir beti bir-biriga ulangan varaqlardan iborat bo‘lib, yog‘ochdan yasalgan to‘rtburchak bo‘lmalarga mahkamlangan. Burchaklari teri bilan qoplangan.

Mavzuga oid