Jahon | 18:18 / 17.09.2025
11597
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Green Card lotereyasida ishtirok etish uchun 1 dollar to‘lov joriy qildi

Yangi to‘lovni joriy etishdan maqsad - lotereyani tashkil etish xarajatlarini faqat tanlangan ishtirokchilar o‘rtasida emas, balki barcha arizachilar o‘rtasida adolatliroq taqsimlash ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: Getty images

2025 yil 16 sentabrdan boshlab, Green Card (Diversity Visa, DV) lotereyasining barcha ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tish uchun 1 AQSh dollari to‘lashi shart. Bu haqda AQSh Federal reyestrida ma’lum qilindi.

Yangilik lotereyada ishtirok etish uchun ariza berilgan paytda undiriladigan qo‘shimcha yig‘im hisoblanadi. Ilgari ishtirok etish bepul edi. Ammo faqat g‘olib bo‘lganlar va viza hujjatlarini topshirganlar $330 to‘lagan.

Yangi to‘lovni joriy etishdan maqsad - lotereyani tashkil etish xarajatlarini faqat tanlangan ishtirokchilar o‘rtasida emas, balki barcha arizachilar o‘rtasida adolatliroq taqsimlash ekani ta’kidlanmoqda. Xususan, mablag‘lar ma’lumotlarni qayta ishlash va himoya qilish, g‘oliblarni avtomatik tanlash va dasturning texnik infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yillik xarajatlarni qoplaydi. Shu bilan birga, viza arizasini ko‘rib chiqish uchun asosiy yig‘im miqdori ($330) o‘zgarmay qoldi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imini undirish soxta arizalar va dasturni suiiste’mol qilish holatlarini kamaytirishga qaratilgan. Ro‘yxatdan o‘tish badali to‘lovi ishtirok etish natijalaridan qat’i nazar qaytarilmaydi va kelgusi lotereyalarga o‘tkazilmaydi.

Green Card - AQShda 1990 yildan beri chet elliklarga har yili tasodifiy ravishda 50 mingta yashash guvohnomasi tarqatiladigan dastur (Markaziy Amerika mamlakatlari uchun har yili yana besh ming tur ajratiladi).

2025 yil may oyida e’lon qilingan lotereya natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston saralab olingan g‘oliblar bo‘yicha mamlakatlar ro‘yxatida yetakchilik qildi - 5564 kishi. Bu ko‘rsatkich Jazoir (5526) va Rossiya (5519) kabi eng yaqin raqobatchilardan yuqori bo‘ldi.

Markaziy Osiyoda O‘zbekistondan keyin g‘oliblar soni bo‘yicha quyidagi ko‘rsatkichlar qayd etilgan: Qirg‘iziston - 3095 kishi, Tojikiston - 2982, Turkmaniston - 2010 va Qozog‘iston - 2004. Umuman olganda, DV-2025 lotereyasida butun dunyo bo‘ylab 131 mingga yaqin ishtirokchi tanlab olindi, beriladigan vizalar soni esa 55 ming bilan cheklangan.

Mavzuga oid