O‘zbekiston | 17:12 / 17.05.2021
28169
2 daqiqa o‘qiladi

«Qur'on musobaqasi – 1442» g‘oliblari aniqlandi

Kecha, 16 may kuni Toshkent shahrida marhum Zayniddin qori Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan «Qur'on musobaqasi – 1442» tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa tashkilotchisi, diniy ulamo Mubashshir Ahmadning ma'lum qilishicha, «Qur'on musobaqasi – 1442»ga qatnashish uchun O‘zbekiston bo‘ylab mingdan ziyod arizalar kelib tushgan bo‘lib, ilk bosqichda ulardan 280 nafari saralab olingan.

280 nafar qoridan 28 nafari final bosqichiga yetib keldi.

Finalchilarning 14 nafari hifz yo‘nalishida (Qur'onni to‘liq yod olgan qorilar), qolgan 14 nafari esa tilovat yo‘nalishida (Qur'onni Mushafdan, qiroat bilan, to‘g‘ri va chiroyli o‘qish) bo‘yicha qatnashdi.

Musobaqani bosh hakam Hasanxon Yahyo Abdulmajid boshchiligidagi tajribali ustoz-qorilar kuzatib, baholab bordi.

Tilovat yo‘nalishi final bahslarida 354,5 ball bilan 3-o‘rinni Orif Abduvahhobov egalladi.

2-o‘rin 355,75 ball to‘plagan Xayrulloxon Ilyosxonov va Nizomiddin Ismoilovlarga nasib etdi.

1-o‘rinni esa 394 ball bilan Muhammadvoris Yo‘ldoshev egalladi.

Hifz yo‘nalishi bahslarida 3-o‘rinni 316,75 ball to‘plagan ikki qori – Abdulloh Abdusattorov va Muhammadali Hayitboyev olishdi.

2-o‘ringa 342 ball olgan Ahmadjon Vorisov loyiq deb topildi.

Hifz yo‘nalishi va musobaqaning mutlaq g‘olibi esa 387,75 ball olgan Muhammadibrohim Karimov bo‘ldi.

Hifz yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni olgan ishtirokchiga bosh sovrin – «Spark» avtomobili, tilovat yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin sohibiga esa kompyuter jamlanmasi, shuningdek quyi o‘rin sohiblari ham qimmatbaho sovg‘alar, noutbuk va televizorlar bilan taqdirlandi.

Shuningdek qolgan ishtirokchilarga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari berildi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz finalni YouTube, Instagram va TikTok sahifalarida jonli efirda yoritib bordi.

Mavzuga oid