O‘zbekiston | 23:14 / 31.05.2021
21746
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportiga eltuvchi ko‘prik o‘rnida aylanma yo‘l o‘tkazgich quriladi

Bundan tashqari, Magic City parki qurilishining 2-bosqichi boshlanadi. Navbatdagi siti Chirchiq daryosi bo‘yida quriladi. Loyihalar prezidentga taqdim etildi.

Ko‘prik loyihasi / Foto: "O‘zbekiston 24" telekanali efiridan kadr

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni turizm, shahar infratuzilmasi va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Loyihalardan biri – Toshkent xalqaro aeroportidan shahar markaziga o‘tishdagi ko‘prikni kengaytirishga qaratilgan.

Hozirgi yo‘l o‘tkazgich 1967 yilda qurilgan. Poytaxt rivojlanishi va transportlar soni oshishi bilan uni rekonstruksiya qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Shu bois ushbu ko‘prikning Kichik halqa yo‘li bilan kesishgan joyida aylanma shaklidagi yo‘l o‘tkazgich qurish rejalashtirilgan. Uning uzunligi 650, eni 30 metr bo‘lishi mo‘ljallangan.

Ko‘prikning hozirgi holati / "O‘zbekiston 24" telekanali efiridan kadr
"O‘zbekiston 24" telekanali efiridan kadr

Milliy bog‘ hududida barpo etilayotgan Magic City madaniyat va istirohat bog‘ining 2-bosqichi doirasida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Loyiha konsepsiyasiga muvofiq, bog‘ hududida sun’iy ko‘l tashkil etiladi va uning atrofida mamlakatning tarixiy va diqqatga sazovor maskanlariga bag‘ishlangan tematik shaharcha quriladi.

Yana bir loyiha Chirchiq daryosi bo‘yida turli infratuzilma obektlari barpo etishga oid.

Mazkur daryoning Toshkent shahridan o‘tgan qismi 16 kilometrni tashkil etadi. Loyihaga ko‘ra, daryo o‘zani qisqartirilib, qirg‘oqlari obodonlashtiriladi. Buning evaziga ochiladigan maydonlarda zamonaviy uy-joylar, dam olish maskanlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.

Chirchiq daryosi o‘zani qisqartirilib, bo‘shagan yer maydonida Daryo bo‘yi biznes siti loyihalari amalga oshiriladi.
Foto: "O‘zbekiston 24" telekanali efiridan kadr
"O‘zbekiston 24" telekanali efiridan kadr

Shuningdek, davlat rahbariga Toshkentdagi Texnoparkda amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari ham taqdim qilindi.

Xususan, ushbu hududda yiliga 1 million dona kir yuvish mashinalari, 15 ming tonna mis quvur, 3000 dona sanoat suv isitish uskunalari, 75 ming dona savdo sovutgichlari va muzlatgichlari, 1 million kvadrat metr HPL-panellar va poliizosianurat qatlamli sendvich-panellar, 30 ming tonna bazalt toshdan izolyatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Joriy yil oxirigacha ishga tushiriladigan loyihalar natijasida 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi, deyiladi rasmiy xabarda.

Taqdimot doirasida, Afg‘onistonning Hirot shahrida Alisher Navoiy maqbarasini rekonstruksiya qilish loyihasi ham namoyish etildi.

Mavzuga oid