O‘zbekiston | 10:40 / 01.05.2019
50746
21 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari bilan suhbat: Tanzila Norboyeva rahbar ayollar, xotin-qizlar bandligi, uy-joy masalasi va tanqidga munosabati haqida

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda gender tenglik tushunchasi ommalashmoqda, ayollar o‘z haq-huquqlarini himoya qilishga harakat qilishmoqda, rahbarlik lavozimlariga ayollar nomzodlarini ilgari surishga katta e'tibor qaratilmoqda, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Shu munosabat bilan Kun.uz tahririyati O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva bilan suhbatlashib, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qildi va yaqin kelajakdagi rejalar bilan tanishdi.

- Suhbatimizni "Gender tenglik o‘zi nima?" degan savoldan boshlasak, zero bu tushuncha ba'zilar tomonidan biroz noto‘g‘ri qabul qilinayotgandek.

- Juda dolzarb masalani ko‘tardingiz. Haqiqatan ham xotin-qizlar va oila masalalalari O‘zbekistonda yuksak darajaga ko‘tarildi. Gender tenglik tushunchasi bizning mamlakatimizga endigina kirib kelyapti desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Umuman olganda, gender tenglik tushunchasi butun dunyoda yaxshi ma'lum: BMTning barcha hujjatlarida, jumladan xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarda bu tushunchaga juda yaxshi ta'rif berilgan. Lekin bizda xotin-qizlarning huquqlarini ta'minlash, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish yoki ta'lim olish, mehnat huquqi, shuningdek kafolatlar va imkoniyatlar haqida gapirilsa-da, gender so‘ziga e'tibor berilmas edi. Aytganingizdek, gender tenglik deganda ba'zi odamlarimiz orasida noto‘g‘ri tushuncha ham bor: nima uchundir gender tenglik deganda ayollarning yuqori lavozimlarga chiqish, hukmronlik qilishga harakat qilishi tushuniladi. Bunday emas. Gender tenglik deganda erkaklar va ayollarga teng huquq va imkoniyatlar berilishi tushuniladi. Na qonunchiligimizda, na amaliyotda ayollarni kamsituvchi normalar yo‘q, lekin bu alohida bir masala sifatida qonun doirasida ko‘rib chiqilmagan edi. Hozirgi kunda shu mazmundagi qonunni ishlab chiqishga doir ishlar olib borilmoqda.

- O‘tgan yili O‘zbekiston bo‘ylab hayotiy og‘ir vaziyatda qolgan ayollarga ijtimoiy moslashuv markazlari (shelterlar) orqali ko‘mak berish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayting-chi, bugunga qadar ularga qancha ayol shelterlarga murojaat qildi va, umuman, bu yo‘nalishdagi ishlar qanday kechmoqda?

- Xalq bilan muloqot doirasida biz juda ham ko‘p ayollarimizning ichida dardi borligi, uni hech kimga ayta olmasligiga guvoh bo‘ldik. Ayol qandaydir masalada qiyinchilikka uchrab, mehnat jamoasida, oilasida yoki ko‘cha-ko‘yda o‘z dardi bilan bo‘lisha olmaydi, unda kimdandir yordam olish ko‘nikmasi yo‘q. 2017-2018 yillar davomida shu masalalarni o‘rganish natijasida ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya markazlarini tashkil qilish taklifi bilan chiqdik va Prezident qaroriga ko‘ra, shunday markazlar barcha viloyat va tumanlarda tashkil etilmoqda.

Bugungi kunga qadar mana shunday markazlar soni respublika bo‘ylab 160 taga yetdi. Yaqin kunlarda Respublika reabilitatsiya va moslashtirish markazini ham ishga tushirishni rejalashtiryapmiz. Respublika markazi joylardagi, har bir hududda tashkil etilgan markazlarga metodik-amaliy yordam ko‘rsatadi, ya'ni zarurat tug‘ilganda ayollarimizga qanday psixologik, tibbiy, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalasida ko‘mak beradi. Markazlar haqida e'lon qilinganida bir tomondan "bizning ayollar uyalib, murojaat qilmasligi mumkin" degan hadik ham bor edi, lekin adashgan ekanmiz. Shelterlar ochilganiga hali bir yil bo‘lmagan bo‘lsa-da, ularga juda ham ko‘p ayollar murojaat qildi. 2018 yilning o‘zida Ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya markazlariga 7000 dan ziyod ayol murojaat qildi. Joriy yilda esa, o‘tgan 4 oy ichida 4 120 nafar ayolga yordam ko‘rsatildi. Ayollarning markazlarga murojaati sabablari turlicha:

Uy-joyga muhtojlik. O‘tgan yilni oladigan bo‘lsak, 1500 ayol boshlang‘ich to‘lovni (25 foiz) davlat tomonidan to‘lab berilishi evaziga imtiyozli uy-joy bilan ta'minlandi. Bu yil ham 1600 nafar ayolga mana shunday imtiyozli uylar berish ko‘zda tutilgan.

Oilaviy kelishmovchiliklar. Qaynona-kelin yoki er-xotin munosabatlaridagi muammolar. Hozirga qadar markazga kelishmovchilik natijasida murojaat qilgan 589 nafar ayolni tibbiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirdik, 1107 nafariga huquqiy maslahatlar berildi. Bundan tashqari, 1000 dan ortiq ayolga psixologik yordam ko‘rsatdik. Barcha rivojlangan davlatlarda har bir oilaning o‘z psixologi, huquqshunosi bo‘ladi. Shularni inobatga olgan holda, O‘zbekistondagi ta'lim tizimi isloh qilinib, OTMlarda psixolog yo‘nalishida ta'lim olish uchun kvotalar soni oshirilmoqda.

Ish bilan ta'minlash. Markazlarimiz bugunga kelib ayollar bandligini ta'minlashga doir maslahatlar bilan ham bo‘lishishmoqda. Shelterlarda kasbga o‘rgatish xonalari ham tashkil etilmoqda. Ish topa olmay qiynalib yurgan xotin-qizlar ularga murojaat etib, kasb-hunarli bo‘lishmoqda. Ijtimoiy moslashuv markazlari faoliyati jahon standartlariga muvofiq kelishi uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Tanzila Norboyeva

- Bugungi kunda xotin-qizlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash yo‘lida Mehnat vazirligi yoki boshqa tashkilotlar bilan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Masalan, eshitishimcha, farzand tarbiyasi bilan band ayollarning ishlash ko‘nikmasini tiklash maqsadida maxsus kurslar tashkil etilayotgan ekan.

- Bizda xotin-qizlarimizning ko‘pchiligi mehnat birjalariga borib, hisobga turmaydi. Bo‘sh ish o‘rinlariga yarmarkalar e'lon qilinsa, borishmaydi. U yerga ko‘proq yigitlar, erkaklar boradi. O‘zbek ayollarida uyatchanlik bor. Shuning uchun uyma-uy yurish tizimi yo‘lga qo‘yildi, ya'ni mahallalarga bizga biriktirilgan va ayollar bilan ishlovchi mutaxassislar joriy qilindi. Ular bilan birgalikda juda ko‘p ishsiz ayollarni aniqladik. Ishsiz deganda aslida ishlash xohishi bo‘lgan, lekin ba'zi sabablarga ko‘ra ishlamayotgan ayollar tushuniladi. Mana shunday ayollarning ro‘yxati tuzildi (Ba'zi ayollar uyda o‘tirsa ham, ishlashni xohlamaydi, ular ishsizlar toifasiga kirmaydi). Bandlik vazirligi bergan raqamlar bilan uyma-uy yurish orqali aniqlangan raqamlar o‘rtasida juda katta tafovut bor, ya'ni bizda raqamlar 3-4 baravar ko‘proq chiqmoqda. Biz o‘zimiz aniqlagan ayollarni ish bilan ta'minlash ustida ishlaymiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda juda ko‘p korxona va muassasalar ochilmoqda. Shu joylarga biz birinchi navbatda xotin-qizlarimizni tavsiya qilyapmiz. Ilgari hatto "ayollar ishlashi mumkin bo‘lmagan kasblar ro‘yxati" ham bo‘lardi, 7 martdagi qaror bilan bunday ro‘yxatlar bekor qilindi. Ta'kidlash joizki, ayol bugun qaysi kasbda ishlashni xohlasa, shu kasbda bemalol ishlashi mumkin. Bu ham teng huquqlilikni ta'minlash sari qo‘yilgan bir qadamdir. Xalqaro mehnat tashkilotining talabi ham shu edi, aslida.

Har yili 300 mingdan ziyod ayol ish bilan ta'minlanishi rejalashtirilmoqda.

Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olgan qizlarimiz turmushga chiqib, ketma-ket farzandli bo‘lish davrida o‘z bilim va ko‘nikmalarini yo‘qotib qo‘yishlari mumkin.  Yangi qarorga muvofiq, bularga ham imkoniyat berildiki, xotin-qizlar qo‘mitalari ko‘magida har bir hududda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish markazlari tashkil qilindi. Mahalliy hokimliklar buning uchun alohida binolar ajratib berishdi. Shu yildan boshlab ayollarni kasbga o‘qitishni boshlaymiz. O‘quv jarayonlari qisqa muddatli bo‘ladi, bir hafta-o‘n kun ichida ularga hatto hujjatlarni tayyorlash, biznes rejalarini tuzish o‘rgatiladi. Banklar bizning tavsiyamiz asosida ularga kam foizli qisqa muddatli kredit beryapti. Shu kabi harakatlar orqali biz ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishga erishamiz. Bu - yangilik va hech bir mamlakatda bunday tizim yo‘q. Xotin-qizlarning eng asosiy vazifalaridan biri ham shu ayollar bandligini ta'minlashdir, chunki ko‘p muammolar iqtisodiy yetishmovchiliklardan kelib chiqadi.

- Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifangizda qoldirgan postlaringizdan birida ayollarning rahbar lavozimlarida ishlashlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va bu masalaga qaratilayotgan e'tibor haqida yozgansiz. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi, bu bo‘yicha yangicha tizim yaratiladimi? O‘zbekiston rahbar ayollar bo‘yicha qanday pozitsiyani egallamoqda?

- O‘zbekistonda aslida ayollar va erkaklar orasida rahbarlikka teng qaraladi, bu qonunda ham belgilangan. Lekin amaliyotda shuni ko‘ryapmizki, ayollar ko‘proq ijtimoiy sohada rahbarlik lavozimlarida ishlashadi. Bugungi kunda respublikamizda 1405 nafar rahbar ayol faoliyat ko‘rsatadi.

Hozirgi kunda ayollardan O‘zbekistonda 1 nafar bosh vazir o‘rinbosari, 1 nafar vazir va 3 nafar vazir o‘rinbosarlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu juda kam. Jamoat tashkilotlari rahbarlari orasida esa ayollar soni talaygina, biroq umumiy hisobda ko‘rsatkichlar baribir kam.

O‘zi mamlakatimizda 17 million ayol bo‘lsa, ularning yarmini bolalar deb chiqarib tashlaydigan bo‘lsak, shuncha million ayoldan bor-yo‘g‘i 1405 nafar ayol rahbarlik lavozimlarida ishlaydi. Ularning ham 82 foizi - tibbiyot sohasida, 72 foizi - fan, ta'lim va madaniyat sohasida, 45 foizi - qishloq xo‘jalik sohasida band. Bu rahbar ayollar ulushining juda kamligidan dalolat beradi. Shu bois 7 mart kuni davlat rahbarining ayollarga yo‘llagan tabriklarida bu masalaga alohida e'tibor qaratildi va parlamentda, mahalliy kengashlarda, umuman, rahbarlik lavozimlarida ayollarning ulushini ko‘paytirish bo‘yicha katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Biz bu ishlarni 2018 yilda vaziyatni tahlil qilishdan boshladik va u ko‘ngildagidek emas, albatta. Ayollar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazganimizda ularning ko‘pida xohish-istak borligiga guvoh bo‘ldik. Shuning uchun birinchi navbatda siyosiy partiyalar bilan saylovlarda ayollarning faol ishtirokini ta'minlashga doir memorandum imzoladik. Kuni kecha Markaziy saylov komissiyasi bilan ham bitimga erishdik. Qonunda o‘zi belgilab qo‘yilgan: deputatlikka nomzod ko‘rsatishda ayollar ulushi 30 foizdan kam bo‘lmasligi kerak, lekin 30 foiz bo‘lishi kerak deyilmagan. Shuning uchun biz hozir siyosiy partiyalarga nomzod ayollar ulushi 50 foizdan kam bo‘lmasligi kerak degan tavsiyani beryapmiz. Har bir hududni o‘rganib, rahbarlik lavozimlari uchun kadrlar zaxirasini shakllantirdik, ularning soni 6000 dan oshdi. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasi va uning hududiy bo‘linmalari orqali xotin-qizlarga turli mavzularda ta'lim beryapmiz. Salohiyatli ayollarga ijtimoiy-iqtisodiy ko‘nikmalar, notiqlik san'ati, kiyinish va muomala madaniyati bo‘yicha ham o‘qitish ishlarini amalga oshiryapmiz.

- Nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir ishlar qanday kechmoqda, ularga qanday imtiyoz va imkoniyatlar yaratilmoqda?

- Nogironligi bo‘lgan insonlarni jamiyatga moslashtirish masalasi hech qachon hozirgidek davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmagan. So‘nggi ikki yilda ularga bo‘lgan e'tiborning yuqori bosqichga chiqqaniga guvoh bo‘lyapmiz. Ilgari bunday kishilarga faqat pensiya ta'minoti yoki tibbiy yordam jihatidan yondoshilardi, lekin ularga jamiyatning teng huquqli a'zosi sifatida qaralmas edi. Mana e'tibor bo‘ldi va ular birinchi navbatda uy-joyli bo‘lmoqda, uy-joy berishda eng avvalo nogironligi bo‘lgan kishilarga e'tibor qaratilmoqda, imtiyozlar birinchi navbatda shularga berilmoqda. Nogironligi bo‘lgan ayollarimizni ish bilan ta'minlashga jiddiy qaralmas edi, ya'ni ishlash istagidagi ayollar bo‘lgan, lekin ularga ko‘mak berilmagan, tan olib aytishimiz kerakki, bunday ishlarni qilmaganmiz. Ikki yildan beri esa shunday tizim yo‘lga qo‘yildi va odamlarimizning ko‘zidagi quvonchni ko‘rib, o‘zimiz ham xursand bo‘lyapmiz. 250 ta yangi sex ochilgan bo‘lsa, ularga ishga olishda ham dastlab nogironligi bo‘lgan opa-singillarimiz jalb qilinmoqda. Bizda hozir hammasining mahallabay ro‘yxati bor. Albatta, ba'zi nogironligi bo‘lgan opa-singillarimiz "bizga kelmadi-ku shu yordam" deb aytishi mumkin, bu tabiiy, zero birdaniga barchaga yordam berib bo‘lmaydi, hammaning muammosini yoppasiga hal qilish imkoni yo‘q, buning uchun juda katta mablag‘lar va insoniy resurslar talab qilinadi. 3-4 yil ichida hammaga yetib boramiz, ularning bari uy-joy, ish, tibbiy yordam bilan ta'minlanadi. Faqat bu ishlar bosqichma-bosqich, reja asosida amalga oshirilmoqda.

Tanzila Norboyeva

- 2018 yilda Xotin-qizlar qo‘mitasiga davlat tomonidan qancha mablag‘ ajratildi va ular nimalarga sarflandi? Raqamlar bilan keltirib o‘tsangiz.

- Ilgari Xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida juda kam sonli xodimlar ishlagan. Masalan, respublika miqyosida - 18 nafar, viloyatda - 3 va tumanlarda 2 nafardan xodim ishlagan. Ularga faqat oylik maoshlari va kanselyariya mahsulotlari yetkazib berilgan, xolos. O‘tgan yili 2 fevraldagi farmonda birinchi navbatda Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida Fond tashkil qilish va unga davlat budjetidan har yili 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Bu summaning 60 foizi Xotin-qizlar qo‘mitasiga bo‘lsa, 40 foizi - "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markaziga yo‘naltirildi. Bu markaz Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil qilingan, ular oilaviy muammolarni ilmiy jihatdan o‘rganib, barcha davlat va nodavlat tashkilotlariga amaliy tavsiyalar beradi. Shunday qilib, 300 milliardning 180 milliardi - qo‘mita hisobida, 120 milliardi - markaz hisobiga yo‘naltirilgan. "180 milliardini qayerga yo‘naltirasiz?" degan savolingizga javobim shuki, 100 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yuqorida aytib o‘tilgan uy-joylarning dastlabki badallariga sarflanadi. 100 milliard so‘m mablag‘ Xalq banki orqali ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, ayollarni reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash, ular ishtirokida tadbirlar o‘tkazish, moddiy yordam ko‘rsatish va iqtidorli ayollarimizni qo‘llab-quvvatlashga ham mablag‘lar yo‘naltirildi.

- Kun.uz'ga uy-joy masalasi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Shu bois ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol uy-joy masalasida eng avvalo qayerga murojaat qilishi kerak? Jarayon tartibi haqida ma'lumot berib o‘tsangiz.

- Xotin-qizlar qo‘mitalari mutaxassislari uyma-uy yurib, turar-joyga ehtiyoji bor ayollarni aniqlashadi yoki bunday ayollarning o‘zlari mahallaga chiqib, uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlari to‘g‘risida ma'lum qilishlari kerak. Tuman hokimliklarida uy-joy bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan, komissiya turli idoralar vakillaridan iborat. Shu yerga ariza bilan murojaat qilinadi. Bu masala bo‘yicha turli qarorlar bor va komissiya murojaatchining aynan qaysi biriga to‘g‘ri kelishini aniqlab beradi. Komissiya murojaat qilgan shaxsning uyiga borib, uy va mehnat sharoitlari bilan tanishadi, shundan kelib chiqib xulosa beriladi. To‘g‘ri kelgan taqdirda, dastlabki badal, ya'ni 25 foiz to‘lab beriladi, qolgan qismi esa 20 yil davomida to‘lab boriladi. Murojaat qilish istagida bo‘lgan ayollar tuman va shahar komissiyalariga borib, tegishli hujjatlarni taqdim qilishsa, tezkorlik bilan javob olishadi.

- Komissiya xulosasidan norozi bo‘lgan fuqarolar qayerga murojaat qilishi kerak?

- Ular yuqoriroq tashkilotga murojaat qilishlari mumkin. Masalan, agar tumandagi xulosadan norozi bo‘lishsa, viloyat komissiyasi yoki hokimligiga murojaat qilishlari mumkin. U yerdan ham norozi bo‘lishsa, huquqshunosga murojaat qilish kerak, erkin huquqshunoslar ularning arizasi to‘g‘ri inkor qilinganmi yoki noto‘g‘ri, aytib berishadi.

- Ayolar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilik ko‘rsatkichlari qanday, bu borada ijobiy o‘zgarishlar bormi?

- 2018 yil ko‘rsatkichlariga qaraydigan bo‘lsak, bir yilning o‘zida xotin-qizlar orasidagi jinoyatchilikning 36,7 foizga kamayishiga erishildi. Joriy yilda, aprel oyi holatiga ko‘ra, ayollar orasidagi jinoyatchilik 32 foizdan ko‘proqqa kamaydi.

-  Tanqidga bo‘lgan munosabatingiz qanday? Masalan, gender tenglik yoki xotin-qizlar tashabbuslari haqidagi yangiliklarni hamma ham birdek qabul qila olmaydi...

- Umuman olganda, tanqidga munosabatim juda ham ijobiy. O‘zim ijtimoiy tarmoqlarni yaxshi kuzatib boraman va o‘zimga xulosa chiqarish uchun odamlarning u yoki bu vaziyatga bo‘lgan munosabatlarini o‘qiyman. Masalan, bizning mavzularda – u qandaydir yangilik bo‘ladimi yoki biror tadbirmi – odamlarda ularga katta qiziqishni ko‘raman. Tizimimizdagi juda ko‘p islohotlar mana shu tanqidlar asosida tashkil qilinmoqda desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero odamlarning tanqididan o‘ziga yarasha dars olamiz. Shu tanqidlardan qaysi muammolar ustida ishlashimiz kerakligi to‘g‘risida aniq yo‘nalishlar belgilab olamiz. Tanqidlar konstruktiv va o‘rinli bo‘lsa, ularni haqiqatda ish rejamizga kiritamiz. Shu bilan birga, ba'zan shunday holatlar ham uchraydiki, shaxsiyatga tegib ketish, ishga taalluqli bo‘lmagan tanqidlar ham bo‘ladi. Masalan, meni yoki xodimlarimizning shaxsiyatiga tegib ketadigan tanqidlar ham bo‘ladi. Buni ham to‘g‘ri tushunishga harakat qilaman, balki ular kimlardir orqali bizdan xafa bo‘lgandir. Shuning uchun hech qachon odamlardan xafa bo‘lmayman, to‘g‘ri xulosa qilaman. Masalan, men ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar uchun “1146” telefon raqami joriy qilinishi haqida e'lon qo‘yganimda juda ko‘p erkaklar bunga qarshilik bildirishdi. “Nima uchun ayollar endi dardini telefon orqali aytishi kerak ekan?”, “Bunday erkinlik nima uchun kerak?” qabilidagi izohlar bo‘ldi. Rahbar ayollar sonini ko‘paytirishga oid yangilik ham aksariyat erkaklar tomonidan ijobiy qabul qilinmadi.

Ta'kidlash joizki, bu yangiliklar ortida erkaklarni ortda qoldirib, ayollarning oldinga chiqib ketishi yoki erkaklarga qandaydir jazo berish ko‘zda tutilmagan, aslo. Qiyin vaziyatda qolgan ayollarga yordam berish maqsadida shunday yangiliklarni joriy qilyapmiz. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Shu bois ba'zan bunday izoh qoldirayotganlarga shaxsan o‘zim javob ham qaytaraman yoki qabulimga taklif qilaman. Qabulda gaplashib, do‘stlashib, hattoki o‘zimizning jamoamizga a'zo ham qilib olamiz. Bugungi kunda mana shunday tanqidchi insonlarimiz bizga yaqindan yordam berib kelishmoqda. Shu insonlarning safimizga kirganligidan xursandman. Ular bizga u yoki bu holatlar bo‘yicha xabar berib turishadi. Shu xabardar asosida o‘rganishlar, amaliy yordamlar tashkil qilamiz. Ko‘p masalalar bizning e'tiborimizdan chetda qolib ketishi mumkin, chunki biz hamma narsaga diqqat qila olmasligimiz mumkin, shunday insonlar kamchiliklarimizni ko‘rsatib turishsa, faqat xursand bo‘lamiz. Shunday ekan, tanqidni ijobiy qabul qilib, o‘zimiz uchun saboq sifatida qaraymiz.

Suhbatning to‘liq variantini video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ma'lumot uchun: O‘quvchilardan yo‘llangan barcha murojaatlar Xotin-qizlar qo‘mitasiga topshirildi, ular joylarda o‘rganilib, javoblar maqolalar orqali taqdim etib boriladi. 

Mavzuga oid