So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda gender tenglik tushunchasi ommalashmoqda, ayollar o‘z haq-huquqlarini himoya qilishga harakat qilishmoqda, rahbarlik lavozimlariga ayollar nomzodlarini ilgari surishga katta e'tibor qaratilmoqda, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Shu munosabat bilan Kun.uz tahririyati O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva bilan suhbatlashib, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qildi va yaqin kelajakdagi rejalar bilan tanishdi.

- Suhbatimizni "Gender tenglik o‘zi nima?" degan savoldan boshlasak, zero bu tushuncha ba'zilar tomonidan biroz noto‘g‘ri qabul qilinayotgandek.

- Juda dolzarb masalani ko‘tardingiz. Haqiqatan ham xotin-qizlar va oila masalalalari O‘zbekistonda yuksak darajaga ko‘tarildi. Gender tenglik tushunchasi bizning mamlakatimizga endigina kirib kelyapti desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Umuman olganda, gender tenglik tushunchasi butun dunyoda yaxshi ma'lum: BMTning barcha hujjatlarida, jumladan xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarda bu tushunchaga juda yaxshi ta'rif berilgan. Lekin bizda xotin-qizlarning huquqlarini ta'minlash, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish yoki ta'lim olish, mehnat huquqi, shuningdek kafolatlar va imkoniyatlar haqida gapirilsa-da, gender so‘ziga e'tibor berilmas edi. Aytganingizdek, gender tenglik deganda ba'zi odamlarimiz orasida noto‘g‘ri tushuncha ham bor: nima uchundir gender tenglik deganda ayollarning yuqori lavozimlarga chiqish, hukmronlik qilishga harakat qilishi tushuniladi. Bunday emas. Gender tenglik deganda erkaklar va ayollarga teng huquq va imkoniyatlar berilishi tushuniladi. Na qonunchiligimizda, na amaliyotda ayollarni kamsituvchi normalar yo‘q, lekin bu alohida bir masala sifatida qonun doirasida ko‘rib chiqilmagan edi. Hozirgi kunda shu mazmundagi qonunni ishlab chiqishga doir ishlar olib borilmoqda.

- O‘tgan yili O‘zbekiston bo‘ylab hayotiy og‘ir vaziyatda qolgan ayollarga ijtimoiy moslashuv markazlari (shelterlar) orqali ko‘mak berish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayting-chi, bugunga qadar ularga qancha ayol shelterlarga murojaat qildi va, umuman, bu yo‘nalishdagi ishlar qanday kechmoqda?

- Xalq bilan muloqot doirasida biz juda ham ko‘p ayollarimizning ichida dardi borligi, uni hech kimga ayta olmasligiga guvoh bo‘ldik. Ayol qandaydir masalada qiyinchilikka uchrab, mehnat jamoasida, oilasida yoki ko‘cha-ko‘yda o‘z dardi bilan bo‘lisha olmaydi, unda kimdandir yordam olish ko‘nikmasi yo‘q. 2017-2018 yillar davomida shu masalalarni o‘rganish natijasida ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya markazlarini tashkil qilish taklifi bilan chiqdik va Prezident qaroriga ko‘ra, shunday markazlar barcha viloyat va tumanlarda tashkil etilmoqda.