O‘zbekiston | 10:04 / 14.05.2026
2706
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchi tayyorlash sifati davlat nazoratiga olinadi

O‘zbekistonda pedagog kadrlar tayyorlash sifati davlat darajasida nazoratga olinadi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi nizom loyihasiga ko‘ra, pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning bilimlari tashqi diagnostika orqali baholanadi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur tartib davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etiladi. Tashqi diagnostika orqali bo‘lajak o‘qituvchilarning bilim darajasi yagona metodologiya asosida tekshiriladi.

Tashqi diagnostika har yili bahorgi semestrda o‘tkaziladi. Bunda pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari ishtirok etadi. Qaysi akademik guruh testga jalb qilinishi maxsus ishchi guruh tomonidan tanlanadi.

Test sinovlari talabaning tahsil tilida tashkil etiladi va 50 ta savoldan iborat bo‘ladi. Unda talabalarning:

— fan va uni o‘qitish metodikasi;
— pedagogik va psixologik kompetensiyasi;
— sinfni boshqarish ko‘nikmasi;
— baholash kompetensiyalari tekshiriladi.

Jami 100 ball beriladi. Agar yo‘nalish bo‘yicha talabalarning o‘rtacha natijasi 56 ball va undan yuqori bo‘lsa, u “belgilangan talablarga javob beradigan” deb baholanadi. 55 ball yoki undan past ko‘rsatkich qayd etilsa, ta’lim sifati talab darajasida emas deb topiladi.

Nizomga ko‘ra, tashqi diagnostika natijalari talabalarning reyting bahosiga ta’sir qilmaydi. Biroq past natija qayd etilgan pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari navbatdan tashqari tekshiruvga tushishi mumkin. Bu haqdagi ma’lumotlar Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligiga taqdim etiladi.

Shuningdek, baholash natijalari asosida ta’lim dasturlarini yangilash, pedagoglar malakasini oshirish va o‘quv jarayonini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid