O‘zbekiston | 21:06 / 20.05.2022
19205
5 daqiqa o‘qiladi

«Konstitutsiya bu – dogma emas» - Akmal Saidov konstitutsiya islohotini AQSh qomusidagi o‘zgarishlar bilan qiyosladi 

“Konstitutsiya bu dogma emas, u harakat uchun dastur bo‘lishi kerak”, dedi Konstitutsiyaviy islohot komissiyasi raisiga aylangan Akmal Saidov. U ijtimoiy tarmoqlarning ayrim foydalanuvchilarini konstitutsiya islohoti nima uchun kerakligini bilmasdan turib gapirayotganlikda ayblab, o‘zgartishlar zarurati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borish kerakligini aytdi.

Bugun, 20 may kuni Qonunchilik palatasida parlament palatalari kengashlarining konstitutsiyaviy islohotlar muhokamasiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlisda Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya tarkibi tasdiqlanib, uning faoliyatini tartibga soluvchi nizom qabul qilindi.

Tadbirda deputat va senatorlarning konstitutsiyaviy islohotlar zarurati bo‘yicha fikrlari ham eshitildi. Bu borada jumladan, Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov O‘zbekiston konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish zaruratini AQSh konstitutsiyasida ham o‘zgarishlar bo‘lgani bilan asoslashga harakat qildi.

«Hozir yangi bir konstitutsiyaviy yondashish – «Inson, jamiyat, davlat» degan bir yangi metodologik paradigma ilgari surilyapti.

Men tarixga bir qaradim. Masalan, AQShda birinchi konstitutsiya bu davlat konstitutsiyasi edi. O‘sha AQShning 1787 yilda qabul qilingan konstitutsiyasi 7 ta moddadan iborat va unda faqat davlat organlari bilan bog‘liq masalalar tartibga solingan. Kongress, prezident, oliy sud, federatsiya masalalari va hokazo. Hatto (bu hujjatda) “inson huquqlari” degan so‘z bo‘lmagan. Mana shu birinchi to‘lqin, ya’ni XVIII-XIX asrlarda qabul qilingan konstitutsiyalarini davlatning konstitutsiyaviy maqomiga bag‘ishlangan deyish mumkin. Bu birinchisi.

Ikkinchi to‘lqin konstitutsiyalari XX asrda qabul qilina boshlandi, ya’ni 70-80 yillargacha. Bularni men inson huquqlariga bag‘ishlangan konstitutsiyalar deb nomlagan bo‘lardim. Mana shu davrda qabul qilingan hamma konstitutsiyalarda inson huquqlari birinchi o‘ringa chiqa boshladi, ya’ni bu yerda insonni konstitutsiyada o‘rnini belgilab bora boshlandi. So‘nggi 25, 30 yilda qabul qilingan konstitutsiyalarga fuqarolik jamiyati institutlari qo‘shila boshlandi. Masalan: bizning hozirgi, amaldagi konstitutsiyani ko‘rsangiz, uchinchi bo‘limining nomi “Jamiyat va shaxs” deyilgan. “Fuqarolik” degan so‘z yo‘q edi, chunki biz 90 yillarda fuqarolik jamiyati deb ko‘p gapirmas edik. Mana endi to‘liq ayta olamizki, fuqarolik jamiyati va shaxs deyishga to‘laqonli asosimiz bor.

Hozirgi kunda konstitutsiyamizning 32-moddasida jamoatchilik nazorati, jamiyatning ijroiya hokimiyati ustidan amalga oshiradigan jamoatchilik nazorati ham to‘liq nazarda tutilgan», – dedi u.

Deputat o‘z so‘zida ijtimoiy tarmoqlarda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha fikr bildirayotgan ayrim foydalanuvchilarni islohotlar mazmunini tushunmayotganlikda ayblagan.

«Endi nima deyman, hozirgi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, ko‘pchilik konstitutsiyaviy islohot nima uchun kerakligini tushunmayapti.

Shuning uchun qarorda ko‘zda tutilayotgan, mana shu konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiyaning matbuot xizmati tuzilishini juda to‘g‘ri deb bilaman. Chunki hozir biz oddiy fuqaroga nima uchun konstitutsiyaviy islohot kerak, uning zarurati nima – shularni tushuntirishimiz kerak.

U yerda ikkita, uchta chalasavod dohiylar paydo bo‘lgan. Ana o‘shalar gapiryapti. Hali konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish nima bo‘layotganini, nima uchun kerakligini bilmasdan turib, oldinda turib gapirayotganlar bor. Shuning uchun ham matbuot xizmatiga katta mas’uliyat yuklanadi. Jamiyatimizdagi sog‘lom fikrlarni birlashtirib, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish kerak bo‘ladi.

Konstitutsiya bu dogma emas, u harakat uchun dastur bo‘lishi kerak. U qotib qolgan emas, o‘zimizni olaylik, masalan, inson ham tug‘iladi, rivojlanadi va boshqa. Shuning uchun o‘ylaymanki, jamiyat ham rivojlanmoqda.

Yangi O‘zbekistonga hamda uning taraqqiyotiga javob beradigan yangi qoidalarni kiritish kerak bo‘ladi.

Yana bitta narsaga e’tibor beraylik. Biz yangi konstitutsiya deyayotganimizni o‘sha daholar tushunayotgani yo‘q. Hozir konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida gap ketyapti. Umuman, 92 yildagi konstitutsiya salohiyatini to‘la bajargani yo‘q, hali turibdi u. Aytishimiz kerak, o‘zgartirish va to‘ldirishlar qiladi, qayerda to‘xtab qolyapti, mana hozir aytilayotgan takliflarni biz rivojlantiramiz deyapmiz. Bu bilan keyin har bir inson, har bir fuqaro: “Bu mening konstitutsiyam”, – deyishi kerak. Undan o‘ziga kerakli narsani topishi kerak. Shuning uchun biz, avvalambor, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, mahalliy kengashning deputatlari konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyatini birinchilardan bo‘lib, tushuntirishi kerak», – degan Akmal Saidov.

Mavzuga oid