O‘zbekiston | 21:13 / 30.07.2025
33356
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident administratsiyasida tayinlovlar amalga oshirildi

Muzaffar Komilov administratsiyaga qaytdi; Javlon Vahobov Abdulaziz Komilovga, Rustam Kamilov Ruslanbek Davletovga o‘rinbosar bo‘ldi. Po‘lat Bobojonov, Abdusalom Azizov, Galina Saidova, Obid Hakimov va Bahodir Toshmatov amalda o‘z lavozimlarini saqlab qoldi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli farmoni bilan prezident administratsiyasida navbatdagi lavozim tayinlovlari amalga oshirildi.

Po‘lat Razzoqovich Bobojonov O‘zbekiston prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Po‘lat Bobojonov (suratda o‘ngda)

Sobiq ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2025 yil martida vazirlikdan ketgach, prezidentning kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayevga birinchi o‘rinbosar etib tayinlangandi. U endi prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari maqomidan mahrum bo‘lgan va oddiy o‘rinbosarga aylangan.

Galina Karimovna Saidova O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Galina Saidova

Amalda uning lavozimi o‘zgarmadi u shu vaqtgacha ham prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomov (hozirda iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchi) o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Obid Arziqulovich Hakimov O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori lavozimiga tayinlandi.

Obid Hakimov / Kun.uz

Amalda uning lavozimi ham faqat shaklan o‘zgardi  Hakimov bungacha O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori lavozimida edi.

Abdusalom Abdumavlanovich Azizov esa Ruslanbek Davletovga o‘rinbosarligicha qolgan – u O‘zbekiston prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Abdusalom Azizov

Muqaddam Davlat xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan Azizov 2024 yil oktyabrida prezidentning ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgandi.

Muzaffar Murotovich Komilov prezident administratsiyasiga qaytdi. U muqaddam prezidentning din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlagan, 2024 yil dekabrida Xalqaro islom akademiyasi rektori etib tayinlangandi.

Muzaffar Komilov / Kun.uz

Endi esa O‘zbekiston prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Ruslanbek Davletovga yana bir o‘rinbosar tayinlandi Rustam Tuychiyevich Kamilov ham O‘zbekiston prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Rustam Kamilov (suratda chapda)

U 2022 yil oktyabridan buyon Prezident administratsiyasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va jamoat loyihalari bo‘yicha shu’ba mudiri lavozimida ishlayotgandi.

Javlon Abdujalolovich Vahabov O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari – Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori lavozimiga tayinlandi.

Javlon Vahobov (suratda o‘ngda)

Javlon Vahobov 2017–2023 yillarda O‘zbekistonning AQSh, Kanada va Braziliyadagi elchisi bo‘lib ishlagan, 2023 yil dekabrda Markaziy Osiyo xalqaro institutiga direktor etib tayinlangandi. Endi u mazkur institut direktori bo‘lish bilan birga, prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilovga o‘rinbosarlik qiladi.

Bahodir Hamidovich Toshmatov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bahodir Toshmatov / Kun.uz

Toshmatov ham amalda o‘z joyida ishlashda davom etadi. Muqaddam O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi bo‘lgan Bahodir Toshmatov 2020 yil oktyabridan buyon prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining Qurolli kuchlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.

Mavzuga oid