Jamiyat | 16:55 / 01.02.2021
18698
6 daqiqa o‘qiladi

Shahrixondagi alvastiko‘prik: mahalla ahli necha yillarki yangi ko‘prikdan umidvor

Fayziobod mahallasidagi 55 yillik ko‘prik u orqali maktabga qatnaydigan bolalar uchun ayniqsa xavfli. Mahalla ahli yangi ko‘prik qurilishini so‘rab, yillardan buyon mas'ullarga murojaat qilib keladi.

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Ular tumandagi Qo‘rg‘oncha MFY Fayziobod mahallasi yonidan oqib o‘tuvchi Shahrixonsoy ustiga qurilgan ko‘prik yaroqsiz holatga kelib qolgani, bu odamlarga katta qiyinchiliklar tug‘dirayotganini bayon qilishgan.

Biz masalani o‘rganish uchun Shahrixon va Bo‘ston tumanlari kesishgan joyga bordik. Fuqarolar murojaatida tilga olingan ko‘prik shu yerda; Fayziobod mahallasida yashovchi aholi shu ko‘prik orqali Andijon–Qo‘qon yo‘lining Bo‘ston tumanidan o‘tgan qismiga chiqib borar ekan.

Ko‘prikka o‘tish uchun o‘rmon xo‘jaligiga qarashli daraxtzor orasidan qariyb 300 metrcha keladigan yo‘l ochilgan. Shu yo‘ldan kirib borib, soy bo‘yida o‘ng tomonga qarab 50–60 metr yurilsa, o‘sha ko‘prik oldidan chiqiladi. Undan o‘tsangiz, salkam 50 xo‘jalik, 300 nafar aholi yashaydigan Fayziobodga kirib borasiz.

Bu mahallada yashovchilarning deyarli barchasi o‘z xonadonida chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ya'ni tomorqasida mol-qo‘y boqib, shundan daromad oladi. Mahalla ahlini ko‘prik va toza ichimlik suvi muammolari qiynab keladi.

 

Mahalla keksalarining aytishicha, bu joylarda o‘tgan asrning o‘rtalarida sobiq kolxozga qarashli chorvachilik ferma, uning atrofi keng dalalar bo‘lgan. Fermada qariyb 90–100 nafardan ishchi mehnat qilgan. Ular uzoqroqdagi mahallalardan kelib ishlashgan. Har kuni kelib-ketaverish ko‘pchilikni qiynab qo‘ygan. Shu bois ferma atrofidan ishchilarga navbatma-navbat yer berilgan va tez orada bu yerlarda yangi uylar qurila boshlagan. Shu tariqa, yangi mahalla paydo bo‘lgan.

Shahrixonsoy ustidagi ko‘prik ham o‘sha kezlarda qurilgan.

Mahalladagilarning aytishicha, ular ko‘prikni yangilab berishni so‘rab tuman va viloyat hokimliklariga bir necha marta murojaat qilishgan. Mahalla oqsoqoli murojaatlarga taalluqli hujjatlarni birma-bir ko‘rsatdi. Bu murojaatlar yuzasidan va'dalar berilgan, lekin hozirgacha natija bo‘lgani yo‘q.

«Men 36 yildan beri mahalla oqsoqoliman. Hududga dastlab beshta xo‘jalik ko‘chib kelganmiz. Mana hozir 50 xo‘jalikka yetib qoldik. 300 nafardan ortiq fuqaro bor.

Mana shu ko‘prigimiz qurilganiga 55 yil bo‘lib qoldi. Sobiq SSSR paytida qilganmiz. Hozir prezidentimiz rahnamoligi bilan obod qurilish ishlari bo‘lyapti, obod dasturlar bo‘lyapti. Shundan ilhomlangan holda men viloyat hokimiga ariza qildim.

Birinchi masalam – ko‘prik, ikkinchisi – ichimlik suvi. Uchinchisi – stolbalar. Ular ham 55 yillik yog‘och stolbalar, chirib yotibdi, shamol bo‘lsa simlar uziladi, qayerdandir montyorlarni olib kelib ulatib yorug‘lik qilamiz. Xavfli holatda, ham tomdan tomga o‘tgan.

Tuman hokimligiga ham arizalar qilganman, isboti uchun rasmlari bilan. 7 yildan beri murojaat qilyapman.

Qabristonimiz o‘rmon xo‘jaligi ichida. O‘ligimiz ham, tirigimiz ham shu ko‘prikdan o‘tadi. Ambarni ko‘tarib, navbatma-navbat olib o‘tamiz. Tushib ketmasin deymiz», – deydi Abdumannob ota Ismonov.

Ko‘prik boshida mahallada yashovchi boshqa fuqarolar bilan suhbatlashdik. Ular farzandlarini avariya holatidagi ko‘prikdan maktab, bog‘chaga o‘tish uchun qiynalayotganidan arz qilishdi. Ota-onalar o‘quvchi bolalari maktabdan kech qolishsa, ko‘prik boshida xavotir bilan kutib turishar ekan.

Ko‘prikni aholi yillar davomida ustma-ust taxta qoqib, yamab turadi. Qish kunlari yog‘ingarchilikda sirpanchiq ko‘prik ustidan o‘tish yana ming azob. To‘y va boshqa marosimlarda ayniqsa qiyin.

Avtomobili borlar ulovini soyning u betiga qo‘yib, piyoda o‘tadi.

«Yog‘ingarchilik kunlari bu tomonga yurib bo‘lmaydi. Bemalolchilik kunlarida yursa bo‘ladi. Yog‘ingarchilik bo‘lgan kuni mashinani shu yerga qo‘yib ketamiz. Anavi yerda bir oila yashaydi, ularga mashinaga qarab turinglar, deb o‘tib ketamiz. Yoz kunlarida u yoqdan o‘tamiz, lekin qish kunlarida umuman o‘tishning iloji yo‘q u tomondan. Xavfli, soy bo‘yi. Yo‘llar ham o‘ydim-chuqur, loy, botqoq bo‘lib yotibdi.

Soyda suv ko‘payganda suv ko‘prigimizning ustidan oshib o‘tadi. Yoz, qish kunlarida ham shunaqa bo‘lib ketadi. Shuni kechib o‘tamiz ba'zi paytlarda. Maktabda o‘qiydiganlar ham shu yerdan kechib o‘tadi», – deydi Rajabali Xonkeldiyev.

Muxtasar qilib aytganda, Fayziobodning 300 nafar aholisi «katta yer» bilan bog‘lab turuvchi ko‘prik o‘rniga yangisi qurilishini, ichimlik suvi va elektr tizimi muammolari hal bo‘lishini kutmoqda. Viloyat va tuman mutasaddilari masalalar yechimini ortiq kuttirmaydi, deb umid qilamiz.

Elmurod Ermatov
Jahongir Mahmudov

Mavzuga oid