O‘zbekiston | 20:03 / 22.11.2024
3925
4 daqiqa o‘qiladi

Gaz qazib olishning qisqarishi 2 mlrd kubga yaqinlashdi, neft va benzin ishlab chiqarish ham kamayib boryapti

Joriy yilning 10 oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish 4,8 foizga, neft qazib olish esa 7,2 foizga qisqardi. Ichki qazib olish ko‘rsatkichining yomonlashib borayotganiga qaramay, gaz sotish hajmi oshib boryapti. Xususan, yil boshidan beri gaz eksporti qariyb 18 foizga ko‘payib, 540 mln dollarga yetdi.

Foto: Epsilon

Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-oktyabr oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 10 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 37,09 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,87 mlrd kub yoki 4,8 foizga qisqargan.

2024 yilning yanvar-oktyabr oylaridagi gaz qazib olish ko‘rsatkichlari:

  • Yanvar – 3,99 mlrd kub (o‘tgan yilning mos davrida – 4,31 mlrd kub);
  • Fevral – 3,71 mlrd kub (3,85 mlrd kub);
  • Mart – 3,89 mlrd kub (4,16 mlrd kub);
  • Aprel – 3,7 mlrd kub (3,94 mlrd kub);
  • May – 3,52 mlrd kub (3,6 mlrd kub);
  • Iyun – 3,54 mlrd kub (3,7 mlrd kub);
  •  Iyul – 3,78 mlrd kub (3,9 mlrd kub);
  • Avgust – 3,78 mlrd kub (3,9 mlrd kub);
  • Sentyabr – 3,55 mlrd kub (3,7 mlrd kub);
  • Oktyabr – 3,6 mlrd kub (3,78 mlrd kub)

Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda esa 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga qisqargandi.

2018-2023 yillar oralig‘ida tabiiy gaz qazib olish dinamikasi quyidagicha bo‘lgan:

  • 2018 yil – 61,59 mlrd kub metr;
  • 2019 yil – 60,71 mlrd kub metr;
  • 2020 yil – 49,77 mlrd kub metr;
  • 2021 yil – 53,8 mlrd kub metr;
  • 2022 yil – 51,67 mlrd kub metr;
  • 2023 yil – 46,71 mlrd kub metr.

Statistik raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, oxirgi 6 yilda gaz qazib olish 24 foizga yoki 14,88 mlrd kub metrga kamaygan. Qisqarish 2024 yilda yanada tezlashgan.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida tabiiy gaz qazib olish hajmini yiliga 62 mlrd kubga yetkazish vazifasi qo‘yilgandi. Bu – ishlab chiqarish hajmi 7 yil ichida 33 foizga oshishi kerakligini anglatadi. 

Gaz qazib olishning qisqarib borishi fonida import hajmi oshib boryapti. Xususan, yanvar-oktyabr oylarida xorijdan 1 mlrd 365 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2,4 barobarga ko‘p. 

 O‘z navbatida umumiy davr uchun gaz eksporti 17,9 foizga yoki 540,4 mln dollargacha oshgan. Ayniqsa, oxirgi oylarda gaz sotish hajmi keskin ko‘paydi.

Avvalroq, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov xorijdan gaz import qilish 2030 yilga borib 10-11 mlrd kub metrga yetishi mumkinligini aytib o‘tgandi.

Dastlabki 10 oylikda ko‘mir qazib olish 6 mln 344 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshgan.

Shuningdek, hisobot davrida neft qazib olish 684 ming tonnadan 602 ming tonnaga (-7,2 foiz) kamaygan bo‘lsa, gaz kondensati ishlab chiqarish 994 ming tonnadan 1014 ming tonnaga oshgan.

Yanvar-oktyabr oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,6 foizga yoki 2,97 mlrd kWhʼga ko‘paygan. Xususan, 2023 yilning 10 oyida 63,66 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 66,63 mlrd kWhʼgacha oshgan.

Hisobot davrida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 854 ming tonnadan 859 ming tonnaga oshgan bo‘lsa, benzin ishlab chiqarish 1 mln 106 ming tonnadan 1 mln 90 ming tonnaga kamaygan.  

Mavzuga oid