O‘zbekiston | 18:50 / 06.07.2021
3619
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda qiymati 27 million dollarga teng sement zavodi ishga tushadi

Namanganda qiymati 27,8 million AQSh dollariga teng sement zavodi ishga tushadi. U yiliga 300 ming tonna sement ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Foto: O‘zqurilishmateriallari

Namangan viloyatining Pop tumanida «Pop sement» MChJ tomonidan yangi sement zavodi ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zqurilishmateriallari»  uyushmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Namanganning Pop tumanida yiliga 300 ming tonna sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod barpo etildi. Loyihaning umumiy qiymati 27,8 mln dollarni tashkil etib, uni qurish ishlariga 21 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilingan.

«Loyihani amalga oshirish uchun qurilish ishlari 2018 yilning mart oyida boshlangan, hozirgi kunga qadar sement zavodining barcha uskunalari to‘liq olib kelinib, o‘rnatilgan. Zavodda so‘nggi montaj ishlari olib borilmoqda. Texnologik uskunalar Xitoy davlatidagi hamkori «Nanjing s-hope cement engineering group» tomonidan ta'minlangan. Ayni kunga qadar 21 mln AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Jamiyat o‘zining xomashyo bazasi, ya'ni konlariga ega. Yangi quvvatni ishga tushirish bilan 300 nafar poplik yoshlar ish bilan ta'minlanadi. Hozirda uskunalarni ishlab chiqarishga tayyorlash, sinov jarayonlari amalga oshirilmoqda. Tez kunda Namangan viloyatida yangi sement zavodi foydalanishga topshiriladi»,- deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq, «O‘zqurilishmateriallari» uyushmasi 2021 yilda 11ta sement zavodi ishga tushirilishi haqida xabar bergandi. Joriy yilda sement ishlab chiqarish 16,4 mln tonnaga yetishi prognoz qilingan edi.

2021 yilning dastlabki to‘rt oyida esa 1 million tonna sement import qilingan. O‘zbekistonda yilning birinchi choragida 2,2 million tonna sement ishlab chiqarildi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid