Jahon | 10:05 / 20.08.2022
11069
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Afrikada yuz berishi mumkin bo‘lgan ocharchilikdan ogohlantirdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Afrikaning Efiopiya, Keniya va Somali davlatlarida 22 millionga yaqin odam davom etayotgan qurg‘oqchilik tufayli ochlik yoqasida turganini ma’lum qildi.

Foto: UNICEF

«Yil boshidan beri Efiopiya, Keniya va Somalida yana to‘qqiz million odam oziq-ovqat mahsulotlarining jiddiy tanqisligiga duch keldi. Shunday qilib, umumiy hisobda 22 million kishi oziq-ovqat bilan ta’minlash muammosiga duch kelmoqda», — deyiladi BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (JOD) bayonotida.

Qayd qilinishicha, mintaqa mamlakatlarida chorva mollari nobud bo‘lmoqda, aholi o‘tkir suv tanqisligiga duch kelgan, 1,1 milliondan ortiq odam o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Tashkilotning ta’kidlashicha, mintaqada qurg‘oqchilik hali tugamagani uchun kelgusi olti oyda mahalliy aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun yana 418 million dollarga yaqin mablag‘ kerak.

JOD ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyoda 345 million kishi oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch kelmoqda va 800 milliondan ortiq kishi har kecha och uxlamoqda.

Ocharchilikning asosiy sabablari: harbiy mojarolar, iqlim ofatlari, Covid-19 pandemiyasi oqibatlari va ochlikka qarshi kurashga juda kam mablag‘ sarflanayotgani.

Iyul oyi boshida BMT Ukrainadagi jangovar harakatlar tufayli bu yil dunyoda yana 13 millionga yaqin odam to‘yib ovqatlanmaslik muammosiga duch kelishini bashorat qilgan edi. Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2030 yilda ularning soni 670 milliondan oshadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid