Jahon | 19:40 / 03.09.2025
19107
9 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning yadro triadasi, G‘arb uchun signal hamda Putin va Kimning qo‘llovi – Pekindagi parad qanday o‘tdi?

Pekin markazida o‘tgan paradda Xitoy o‘zining yadro triadasi va gipertovushli raketalarini ilk bor ommaga ko‘rsatdi. «Xitoy – hech qanday zolimlikdan qo‘rqmaydigan millatdir», dedi Si Jinping. Putin va Kim ishtiroki dunyo OAVlari nigohida bo‘ldi, Tramp esa buni AQShga qarshi til biriktirish, deb atadi.

3 sentabr kuni Xitoy prezidenti Si Jinping Pekin markazida Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligini nishonlash uchun ommaviy harbiy paradga boshchilik qildi. Si qisqa nutqini urush faxriylarini yodga olish bilan boshladi va tarix takrorlanmasligi uchun urushning ildizlarini yo‘qotishga chaqirdi. Ammo uning bosh xabari kelajakka qaratilgandi: bugun Xitoy kuchli, hech kimdan qo‘rqmaydi va dunyoda yetakchi rolni o‘ynashga tayyor.

Foto: China Daily
Foto: AP

«Xitoy – hech qanday zolimlikdan qo‘rqmaydigan, o‘z oyoqlarida mustahkam turadigan buyuk millatdir. Biz tinch taraqqiyot yo‘lidan boramiz va insoniyatning umumiy kelajagi hamjamiyatini barpo etish uchun barcha mamlakatlar xalqlari bilan qo‘l berib ishlaymiz», deya Xitoy yetakchisining so‘zlarini keltirmoqda AP nashri.

Foto: China Daily

New York Timesʼning yozishicha, Xitoy rahbari Si Jinping ulkan harbiy paradi – «mamlakat suverenitetiga qarshi chaqiriqlarga ko‘z yumib bo‘lmasligi» haqida qat’iy ogohlantirish berdi. Uning yonida joy olgan yetakchilar, jumladan global tartibda AQShga qarshi chiqqan Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In, Eron va Pokiston prezidentlari esa bu geosiyosiy signal mazmunini yanada keskinlashtirdi.

Harbiy chiqishlar va texnikalar

Asosiy chiqishlar Xitoy Xalq ozodlik armiyasining askarlari ritmik ohangda qadam tashlashi, etik tovushlarining aks sadosi bilan boshlandi. Xitoy Qurolli kuchlarini Markaziy harbiy kengash raisi hisoblangan Si Jinping ko‘zdan kechirdi va markaziy prospekt bo‘ylab limuzinda yurib o‘tdi.

Foto: AP
Foto: China Daily

Aytish mumkinki, tadbir Kommunistik partiyani uning inqilobiy o‘tmishi bilan bog‘laydigan ramzlar va ranglar bila to‘la edi.

Taxminan 90 daqiqa davom etgan parad davomida raketalar, jangovar samolyotlar va boshqa harbiy texnikalar namoyish qilindi. Ularning ayrimlari ilk bor omma oldiga olib chiqilmoqda. Xalq ozodlik armiyasi safidagi yurishlarda an’anaviy quruqlik va dengiz bo‘linmalaridan tortib, axborot xavfsizligiga mas’ul kiberfazoviy bo‘linmagacha yangi tuzilmalar ishtirok etdi.

Raketalar

Xitoy ilk bor dengiz, quruqlik va havo bazalaridan birgalikda uchirilishi mumkin bo‘lgan, yadro kallaklarini tashishga qodir raketalar «uchligini» namoyish etdi.

Foto: China Daily

Ularga havo bazasidan uchiriladigan uzoq masofali «Jinglei-1», suv osti kemasidan uchiriladigan qit’alararo «Julang-3», shuningdek quruqlik bazasidagi qit’alararo «Donfeng-61» va «Donfeng-31» raketalari kiradi. «Bular — Xitoy suvereniteti va qadr-qimmatini himoya qilish uchun mo‘ljallangan strategik «kozirkartalar»», deya xabar berdi Xitoy davlat nashrlari.

Turli manbalarga ko‘ra, ushbu qit’alararo ballistik raketalarning uchish masofasi 12 ming kilometrgacha yetadi.

Shuningdek, paradda namoyish etilgan «Donfeng-5C» 1970 yillarda boshlangan raketa dasturining so‘nggi versiyasidir.

Foto: China Daily

Bu raketa suyuq yoqilg‘ida ishlaydi va bir nishonga ko‘p sonli, mustaqil boshqariladigan jangovar kallaklarni (MIRV) tushirish qobiliyatiga ega.

Parad AQSh aviatashuvchilariga qarshi sinovdan o‘tkazilgan, maketlar ustida ilgari sinab ko‘rilgan gipertovushli kemaga qarshi raketalarni ham namoyish qildi. Ular orasida «Yingji-19», «Yingji-17» va «Yingji-20» bor.

Boshqa raketalar sifatida «har qanday ob-havo sharoitida jang olib borish qobiliyati»ga ega qanotli raketalar, boshqa gipertovushli raketalar ham ko‘rsatildi.

Lazer qurollari

Xitoy dron hujumlariga qarshi mudofaa sifatida lazer qurollarini ishlab chiqmoqda. Paradda uning to‘liq anti-dron tizimlari, yuqori energiyali lazer qurollari va yuqori quvvatli mikroto‘lqinli qurollar — namoyish etildi. Xitoy davlat OAVlari bu majmuani anti-dron tizimlaridagi «uchlik» sifatida ta’rifladi.

Xitoy suv ostida va havoda ishlay oladigan, razvedka hamda nishonlarga zarba berishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan dronlarni ko‘rsatdi. Shuningdek, kemalardan uchirilishi uchun mo‘ljallangan uchuvchisiz vertolyotlar ham namoyish etildi.

Boshqa qurollar

Shu bilan birga, dengizdagi kemalarni yakson qilishga mo‘ljallangan gipertovushli raketalar ham ko‘rsatildi. Ular Yaponiyadagi AQSh flotining asosiy tashvishga soluvchi qurollardan biri hisoblanadi.

Jumladan, HSU100 va AJX002 suv osti droni — uzun, qora, trubasimon, orqa qismida vintli, tor suvosti kemasiga o‘xshash apparat.

Yerdagi texnikalardan so‘ng jangovar va bombardimonchi samolyotlar osmonda parvoz qildi, ba’zilari bir maromda turli rangdagi izlar chizdi. Vertolyotlar bir safda uchib o‘tdi.

Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi sharafiga 26 ta vertolyotdan iborat bir guruh «80» raqamini hosil qildi. Umuman olganda tadbirda 80 raqami bilan bog‘liq ko‘plab ramziy chiqishlar bo‘ldi. Masalan, parad boshida 80 marta zambarak o‘q uzildi, keyin har biri 80 mingtadan bo‘lgan kabutarlar va sharlar osmonga uchirildi.

Pekindagi parad favqulodda xavfsizlik choralari bilan uyg‘un holda o‘tdi. Unda ko‘plab yo‘llar oldindan yopildi, Pekin bo‘ylab son-sanoqsiz xavfsizlik xodimlari joylashtirildi.

Trampning salomi va tashqariga signal

Marosim boshlanganidan bir qancha daqiqa o‘tar-o‘tmay, AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtondan munosabat bildirdi. U Sini Xitoyga urushda Amerika ko‘rsatgan yordamini e’tiborsiz qoldirishda aybladi.

«Eng katta savol shuki, janob Si Xitoyga juda do‘stona bo‘lmagan bosqinchidan OZODLIKni ta’minlashda AQSh ko‘rsatgan ulkan yordam va 'qonʼ haqida tilga oladimi yo‘qmi», deb yozdi Tramp Truth Social'da.

«Amerika Qo‘shma Shtatlariga qarshi til biriktirar ekansizlar, Vladimir Putin va Kim Chen In janoblarga eng samimiy salomlarimni yetkazing», deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Si Jinping esa o‘z nutqida Amerikani nomini tilga olmadi, ammo Xitoyga Yaponiya bosqiniga qarshi turishda yordam bergan xorijiy davlatlarga minnatdorlik bildirdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, aslida ham Si Jinpingning paradi o‘tmishni eslash bilan cheklanmay, G‘arbga Xitoyning «to‘xtatib bo‘lmas» yuksalishi haqidagi xabardir.

«Si ham, Putin ham g‘alabani qimmatga tushgan, ammo tugallanmagan deb biladi. Ularning fikricha, 'gegemon kuchlarʼ hali ham ularga o‘zga bir modelni tiqishtirmoqchi va dunyodagi munosib o‘rinlarini to‘sib qo‘ymoqchi. Endi ular urush xotirasidan kelajak avlodlarni G‘arb qadriyatlariga qarshi emlash va o‘zlari tasavvur qilayotgan global tartibni qonuniylashtirish uchun foydalanmoqchi», deydi Amerika universiteti dotsenti Jozef Torigian.

Si Jinping shuningdek, Tayvan va uning xalqaro qo‘llab-quvvatlovchilariga rasmiy mustaqillikka qadam tashlashning oqibatlari haqida bilvosita ogohlantirish berdi.

«Si Xitoyni global markaziy kuch sifatida qabul qildirish va xalqaro tizimni Xitoy afzalliklariga mos ravishda qayta sozlashga intiladi. U o‘z paradida boshqa yetakchilarning ishtirokini maqsadlariga erishish sari qo‘yilgan qadamlar tasdig‘i sifatida ko‘radi», deya Brukings institutining Xitoy markazi direktori Rayan Xass so‘zlarini keltirmoqda New York Times.

Mavzuga oid