Jahon | 17:40 / 21.05.2026
5002
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Eron oliy rahbari boyitilgan uranni mamlakatdan olib chiqib ketishni taqiqladi

Eron oliy rahbari Mujtaba Xominaiy mamlakatning yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasini xorijga olib chiqmaslik bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu haqda ikki nafar yuqori lavozimli eronlik manbaga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.

Foto: Majid Asgaripour / West Asia News Agency via REUTERS

Nashrga ko‘ra, mazkur qaror Tehronning yadroviy muzokaralardagi pozitsiyasini yanada qattiqlashtirgan. Bu esa AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan olib borilayotgan tinchlik muzokaralarini murakkablashtiradi.

Reuters suhbatlashgan Isroil rasmiylariga ko‘ra, Tramp Erondagi yuqori darajada boyitilgan uran mamlakatdan olib chiqilishi haqida Isroilga va’da berib qo‘ygan. Isroil rasmiylari tinchlik kelishuvining har qanday shaklida bu talab albatta bo‘lishi kerak, deb hisoblamoqda.

G‘arb davlatlari, jumladan AQSh va Isroil uzoq yillardan beri Eronni yadroviy qurol yaratishga intilayotganlikda ayblab keladi. Asosiy sabablardan biri – Eronning uranni 60 foizgacha boyitayotgani. Bu ko‘rsatkich fuqarolik maqsadlari uchun talab qilinadigan darajadan ancha yuqori bo‘lib, yadroviy qurol uchun zarur 90 foizlik darajaga yaqin hisoblanadi. Tehron esa yadroviy qurol yaratish niyati borligini rad etadi.

Eronlik manbalarga ko‘ra, Tehronda Vashington hozir amaldagi sulhdan faqat vaqtincha taktik vosita sifatida foydalanib, keyin yana hujumlarni boshlashi mumkin degan kuchli shubha mavjud.

Eron parlamenti spikeri, bosh muzokarachi Muhammad Boqir G‘olibof ham “dushmanning ochiq va yashirin harakatlari” AQSh yangi hujumlarga tayyorlanayotganini ko‘rsatayotganini aytdi.

Tramp esa chorshanba kuni Eron tinchlik kelishuviga rozi bo‘lmasa, AQSh yangi zarbalar berishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, u “to‘g‘ri javobni olish” uchun Vashington bir necha kun kutishi mumkinligini ham aytdi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, urushdan oldin Eron 60 foizgacha boyitilgan uran zaxirasining yarmini mamlakatdan chiqarishga tayyorligini bildirgan. Biroq Trampning bir necha bor hujum bilan tahdid qilishi ortidan Tehron pozitsiyasini o‘zgartirgan.

Shu bilan birga, masalani hal qilish uchun “amaliy formulalar” ham borligi aytilmoqda. Ulardan biri – boyitilgan uranni Atom Energiyasi Xalqaro Agentligi nazorati ostida qayta suyultirish varianti.

AEXA hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida Eron yadroviy obektlariga zarbalar berilgan paytda mamlakatda 60 foizgacha boyitilgan 440,9 kilogramm uran mavjud bo‘lgan. Hozir uning qancha qismi saqlanib qolgani aniq emas.

Qayd etilishicha, Eron rasmiylari yuqori darajada boyitilgan uranning bir qismi tibbiy maqsadlar va Tehrondagi tadqiqot reaktori uchun kerakligini ta’kidlamoqda.

Avvalroq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi boyitilgan uran zaxiralarini Rossiyaga olib chiqish masalasida Moskva bilan dastlabki maslahatlashuvlar o‘tkazilganini tasdiqlagan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid