O‘zbekiston | 11:07 / 31.05.2022
38679
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahar hokimi eski lavozimida sheriklari bilan 48 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani ma’lum qilindi

Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan. Hozircha yetkazilgan zararning atigi 23 foizi qoplangan.

Foto: Kun.uz

Kun.uz ixtiyoriga Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovni deputat daxlsizligi huquqidan mahrum qilish bo‘yicha kiritilgan taqdimnoma Kengash yig‘ilishida o‘qib eshittirilgani aks etgan audio kelib tushdi (audio tahririyatda mavjud).

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnomada Andijon shahar hokimi hisoblangan Bahrom Haydarovni 2017 yildan 2019 yil oktabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida sodir etgan moliyaviy jinoyatlari uchun tergovga tortish masalasi ko‘tarilgan.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalar bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari 2018 yil noyabr oyidan 2020 yil noyabr oyiga qadar bir guruh shaxslar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, UzAsbo dasturiy majmuasiga ulangan buyurtmachilarning oylik ish haqlari hamda boshqa to‘lovlari bo‘yicha so‘rovnomalari va to‘lov topshiriqnomalarini soxtalashtirgan holda to‘lovga taqdim qilib, 48,5 milliard so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Xususan, 2017 yildan 2019 yil 8 oktyabrga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Bahrom Haydarov (amaldagi Andijon shahar hokimi) o‘zining mansab vakolatlaridan foydalanib boshqa mansabdorlar tomonidan asossiz ravishda oydan oyga ko‘chirilgan 9 milliard so‘m mablag‘larning o‘rnini to‘ldirish uchun 14,3 milliard mablag‘larni shahar xalq ta’limi bo‘limiga noqonuniy ravishda ortiqcha ajratib bergan.

Shuningdek, Haydarov viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida budjet mablag‘larini qat’iy iqtisod qilmagani natijasida 6,8 milliard so‘m yagona ijtimoiy to‘lov hamda daromad solig‘i tegishli jamg‘arma va budjetlarga kirim qilinmagan.

«Ushbu holat yuzasidan 37 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalar bilan ayblov e’lon qilinib, 32 nafar shaxsga nisbatan qamoq, 2 nafar shaxsga nisbatan uy qamog‘i va 3 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan 48,5 milliard so‘mlik zararning atigi 11,2 milliard so‘mi, ya’ni 23,1 foizi hozirga qadar undirilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra Haydarovning harakatlarida Jinoyat kodeksining tegishli bandlarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi, ularning oqibatlari bartaraf etilmagani, ya’ni yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmagani ko‘rsatib o‘tilgan», – deyiladi Bosh prokuratura taqdimnomasida.

Bahromjon Haydarov avvalroq hokim sifatida ham yer ajratish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga 1,7 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgani ma’lum qilingan edi. Bir vaqtning o‘zida deputat hisoblangan hokimni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan 2022 yil 3 fevral kuni Xalq deputatlari viloyat kengashiga kiritilgan taqdimnoma taqdiri yuzasidan jamoatchilikka ma’lumot berilmagan.

Bugunga qadar Andijon shahri hokimining noqonuniy yer ajratgani, fuqarolarni haqorat qilgani va boshqa masalalarda qonunga zid xatti-harakatlari jamoatchilik tomonidan keskin qoralanib kelmoqda.

Mavzuga oid