Jahon | 15:12 / 22.08.2025
3965
11 daqiqa o‘qiladi

Muzokaralarga qaytgan Netanyahu, Xitoy kafilligini xohlamayotgan Ukraina va G‘arbdan adolat talab qilgan Japarov – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Netanyahu muzokaralarni darhol boshlashga buyruq berdi

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu payshanba kuni Isroil G‘azoda ushlab turilgan barcha garovdagilarni ozod qilish va qariyb ikki yildan beri davom etayotgan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni darhol qayta boshlashini aytdi. Bu Netanyahuning Hamas qabul qilgan vaqtinchalik sulh taklifiga birinchi munosabati bo‘ldi.

Isroil-G‘azo chegarasi yaqinida askarlarga murojaat qilarkan, Netanyahu o‘zining Hamasni tor-mor qilish va sektorning yuragi bo‘lgan — G‘azo shahrini qo‘lga kiritish rejasiga qat’iy bel bog‘laganini aytdi.

«Shu bilan bir vaqtda men barcha garovdagilarimizni ozod qilish va urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni darhol boshlashga buyruq berdim. Albatta, bu Isroil uchun maqbul shartlarda bo‘ladi», dedi Netanyahu. Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroil hozir qaror qabul qilish bosqichida.

Isroil kuchlari allaqachon hujumlarni kuchaytirgan, so‘nggi 10 kun ichida tanklar G‘azo shahriga yaqinlashgani sayin minglab falastinliklar uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Hamas esa haftaning boshida Qatar va Misr vositachiligida ishlab chiqilgan sulh taklifiga rozilik berganini aytgandi. Agar Isroil buni qabul qilsa, hujumning oldi olinishi mumkin.

Hozirgi taklifga ko‘ra, 60 kunlik sulh va G‘azoda Hamas qo‘lida bo‘lgan 10 nafar tirik asir hamda 18 jasad ozod qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Buning evaziga Isroil taxminan 200 falastinlik mahbusni qo‘yib yuboradi. Vaqtinchalik sulh boshlangach, Hamas va Isroil qolgan asirlarni qaytarish hamda doimiy sulh bo‘yicha muzokaralarni boshlashi rejalashtirilgan.

Siyosiy sharhlovchi Marvon Bishara Netanyahuning «G‘azo shahriga hujum avjida bo‘lganida sulh muzokaralarini qayta boshlash haqidagi e’loni»ni — «o‘t ostida muzokara» deb atadi. «Endi barcha shartlarni Isroil belgilayapti. U hech kimni tinglamayapti. Vashingtondan to‘liq ‘yashil chiroqʼ olgan», dedi u.

Tongdan beri G‘azo bo‘ylab Isroil hujumlarida kamida 48 falastinlik halok bo‘ldi. Ulardan 16 nafari GHF yordam tarqatish nuqtalarida otib tashlangan oxirgi qurbonlar edi. Shu bilan birga, so‘nggi 24 soat ichida G‘azoda yana ikki kishi ochlikdan halok bo‘ldi, deb xabar qildi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi. Bu esa urush boshlanganidan beri Isroil sababli ochlikdan o‘lgan falastinliklar sonini 271 nafarga yetkazdi. Ulardan 112 nafari bolalar.

Rossiya-Ukraina urushi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev Xitoyni urushdan keyin Ukraina xavfsizligiga kafil davlatlar qatorida ko‘rmayotganini aytdi. «Nega Xitoy kafil bo‘lolmaydi? Birinchidan, Xitoy avvalboshdan bizga bu urushni to‘xtatishda yordam bermadi. Ikkinchidan, Xitoy dronlar bozorini ochib, Rossiyaga yordam berdi», – dedi Ukraina prezidenti.

Shu bilan birga, Zelenskiy AQSh tomonidan «kuchli» xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lgan taqdirda Ukrainaning NATOga qo‘shilishini majburiy deb hisoblamasligini ma’lum qildi.

G‘arb OAVlarining yozishicha, hozirda Ukraina uchun ehtimoliy kafolatlarning to‘rtta turini ajratib ko‘rsatish mumkin: Ukraina hududida xorijiy qo‘shinlarni to‘liq joylashtirish, faqat mamlakat havo hududini himoya qilish, NATO nizomining beshinchi moddasi bo‘yicha kelishuv hamda AQSh va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikka o‘xshash yangi mudofaa alyansini tuzish.

Rossiya ochiqchasiga qarshi bo‘lgan yagona variant – Ukraina hududida xorijiy harbiy kontingent joylashtirilishi. Buni Putin ham, Rossiya TIV ham bir necha bor takrorlagan.

The Guardian nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiyaga uning ishtirokisiz ikki tomonlama muloqot qilish imkoniyatini bergan.

«Tramp Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni keyingi bosqich deb hisoblamoqda. AQSh yetakchisi ikki tomonlama muzokaralar yakunidan kelib chiqib uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqadi», degan nashr. Politico nashri esa Zelenskiy bilan yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazishni Putin iltimos qilganini yozmoqda.

Eron keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni boshladi

Eron Isroil bilan 12 kunlik urushdan so‘ng, birinchi marta keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Eron harbiylari e’lon qilgan videoda harbiy-dengiz kuchlari kemalari Ummon ko‘rfazi va Hind okeanidagi dengiz nishonlariga raketalar uchirayotganini ko‘rish mumkin. «Sabalan» raketa kreyseri va Ganaveh esminetsi «Nasr» qanotli raketalarini uchirib, nishonlarga muvaffaqiyatli zarba berdi. Shuningdek, kemalarga qarshi «Qodir» raketasi sinovdan o‘tkazildi.

Euronewsʼning yozishicha, «Barqaror kuch 1404» deb nomlangan mashg‘ulotlar yaqinda yakunlangan mojaro fonida bo‘lib o‘tmoqda. Manyovrlarda suvusti va suvosti kemalari, aviatsiya, qirg‘oq va dengiz raketa tizimlari, shuningdek, Hind okeani shimoliy qismi va O‘mon ko‘rfazidagi radioelektron kurash bo‘linmalari ishtirok etmoqda.

Eronning 18 mingga yaqin harbiy-dengiz kuchlari Bandar-Abbos portida joylashgan bo‘lib, O‘mon ko‘rfazi, Hind okeani va Kaspiy dengizi havzasini nazorat qiladi. Fors ko‘rfazi va Hurmuz bo‘g‘ozi esa Islom inqilobi muhofizlari korpusi nazorati ostida bo‘ladi.

Eron mudofaa vaziri brigada generali Aziz Nosirzodaning ta’kidlashicha, mamlakat o‘z qurolli kuchlarini dushmanning ehtimoliy tajovuzkor harakatlarini samarali qaytarishga qodir yangi raketalar bilan ta’minlagan.

Sadir Japarov Tramp va Starmerga murojaat qildi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Buyuk Britaniya va AQSh hukumatlari tomonidan ayrim qirg‘iz banklariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar yuzasidan izoh berdi. Uning aytishicha, Qirg‘iziston banklari G‘arbning Rossiyaga qarshi cheklovlarini chetlab o‘tishda ishtirok etganiga oid hech qanday dalil yo‘q va bunday choralarni G‘arb mamlakatlari tomonidan iqtisodiyotning siyosatlashtirilishi deb baholadi.

«Yanvarda AQSh «Keremet Bank»ka qarshi sanksiya joriy qildi, go‘yoki u cheklovlarni chetlab o‘tishda ishtirok etayotgan emish. Ammo ular buni tasdiqlaydigan birorta ham fakt keltira olishmadi. Va keltira olishmaydi ham, chunki bunday faktlar mavjud emas», — deya Japarovning so‘zlarini keltirmoqda Kabar agentligi.

Prezident ta’kidlashicha, Qirg‘izistonda 21 ta bank faoliyat yuritmoqda va barcha banklar sanksiya ostiga tushmasligi uchun faqat davlatga qarashli «Keremet Bank» rublda operatsiyalar olib boradi. Endilikda rubldagi operatsiyalarni Moliya vazirligi nazoratidagi «Kapital Bank» ham amalga oshiradi. Japarovning aytishicha, bu qaror Rossiyada ishlayotgan va har kuni Qirg‘izistonga milliardlab rubl yuboradigan mehnat muhojirlari uchun qabul qilingan.

«Endi esa, xuddi «Keremet Bank» singari, Buyuk Britaniya ham «Kapital Bank»ka qarshi sanksiya joriy qilmoqda. Yana hech bir dalilsiz. Faqat shubhalarga asoslanib. Bu meni o‘ylantiradi: balki bu Qirg‘iziston iqtisodiyoti tez sur’atlarda rivojlanayotgani bilan bog‘liqdir? Chunki yirik davlatlar boshqa mamlakatlarning tez rivojlanishidan manfaatdor emas», — dedi Japarov.

U Donald Tramp va Keyr Starmerga murojaat qilib, iqtisodiyotga siyosat aralashtirilmasligini va o‘tgan yili Yevroittifoqning o‘zi ham Rossiya bilan 100 milliard dollardan ko‘proq savdo qilganini eslatgan.

«Siz namoyon qilayotgan munosabat adolatsiz. Biz iqtisodiyotni o‘z kuchimiz bilan ko‘taryapmiz. Bunday qadamlarni mamlakat ichki ishlariga aralashuv deb qabul qilish mumkin», deydi Japarov.

21 davlat Isroilni G‘arbiy sohilda posyolkalar qurishni to‘xtatishga chaqirdi

Payshanba kuni 21 ta davlat Isroilning Falastinda bosib olingan G‘arbiy Sohilda minglab yangi uylar qurish rejasini qoralab, «E1 posyolka» rejasini xalqaro huquqning buzilishi deb atadi.

Qo‘shma bayonotda Kanada, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya kabi o‘nlab davlatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek Yevroittifoq bosh diplomati - Isroilni uni darhol bekor qilishga chaqirdi.

Isroil OAVlariga ko‘ra, moliya vaziri Betsalel Smotrish Quddus sharqidagi Ma'ale Adumim hamda uning hududlarida 7 mingga yaqin uylar qurishni ma’qullagan. Loyiha G‘arbiy Sohilni ikki qismga bo‘lib tashlash, shimoliy va janubiy shaharlari o‘rtasidagi aloqalarni uzish hamda Sharqiy Quddusni izolyatsiya qilishni maqsad qilgan.

Smotrishning aytishicha, bu reja har qanday kelajakdagi Falastin davlatini ikkiga bo‘lib, Sharqiy Quddusga falastinliklarning kirishini cheklab, «ikki davlatli yechim»ni imkonsiz qiladi.

«Aslida bu — xavfsizlikni zaiflashtiradi, zo‘ravonlik va beqarorlikni yanada kuchaytiradi va bizni tinchlikdan uzoqlashtiradi», deyiladi bunga qarshi davlatlar bayonotida.

Ular Tel-Avivda bu rejani «zudlik bilan qaytarib olish»ga chaqirdi. «Isroil hukumati BMT Xavfsizlik Kengashining 2334-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq posyolka qurilishini to‘xtatishi va Falastin ma’muriyatining moliyasi bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashi lozim», deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid