Jamiyat | 20:10 / 18.06.2019
65164
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholisi soni necha yilda 40 millionga yetadi? - BMT prognozi

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston aholisi eng kamida 40 yil davomida o‘sishdan to‘xtamaydi, 20 yil ichida esa o‘zbekistonliklar soni 40 millionga yetishi kutilmoqda. BMT e'lon qilgan demografik hisobotda shunday ma'lumot keltirib o‘tilgan.

O‘rtacha prognozlarga asosan, O‘zbekiston aholisi soni 2038 yilda ilk marta 40 mln nafardan oshadi. Mamlakat aholisi bundan keyin ham ko‘payishda davom etib, 2070 yilda eng yuqori nuqta – 44 mln 400 ming kishigacha yetadi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda demografik regressiya boshlanib, pasayish 2100 yilga borib 42 mln 200 ming kishini tashkil etadi.

Eng optimistik taxminlarga ko‘ra esa, o‘zbekistonliklar soni 2034 yildayoq 40 millionga yetishi ehtimoli bor. Asrning oxirgi o‘n yilligiga borib esa aholi soni 60 mln kishidan ham ortib ketishi mumkin.

Eng pessimistik prognozlarning ko‘rsatishicha, O‘zbekiston aholisi soni eng kamida 40 yil davomida muttasil o‘sib boradi va 2059 yilga kelib 38 mln nafarga yetishi mumkin. Shundan keyin boshlangan kamayish natijasida 2087 yilda 30 millionlik nuqtaga qaytilishi ehtimoli bor.

Umuman, BMT tadqiqoti xulosasiga ko‘ra, Yer yuzi aholisi 30 yildan keyin 2 mlrd kishiga ko‘payib, 9,7 mlrdga yetadi, Hindiston esa aholi soni bo‘yicha 8 yilda Xitoyni ortda qoldiradi.

Asr oxirida jami aholi soni 11 mlrdga yaqinlashishi mumkin.

Ma'lum bo‘lishicha, 1900 yil bilan solishtirganda hozir insonlar o‘rtacha 8 yil ko‘proq yashayapti. Ayni paytda dunyo aholisining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 72,6 yilga teng. 2050 yilda esa odamlar o‘rtacha 77,1 yoshgacha umr kechirishi taxmin qilingan.

Hisobotda aytilishicha, hozir jahon miqyosida bir ayolga 2,5 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq to‘g‘ri kelmoqda. 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich 2,2 nafargacha kamayadi.

Olimlar dunyo aholisining qarishiga ikki asosiy omilni keltirishgan: umr ko‘rish davomiyligining oshgani va tug‘ilish darajasi pasaygani. Sayyora nufusining qarib borayotgani mehnatga layoqatli odamlar ulushining kamayishiga olib keladi, natijada keksa yoshdagi kishilarning ijtimoiy ta'minoti, jumladan pensiya borasida muammolar kelib chiqadi.

Shuningdek, tug‘ish ko‘rsatkichlari pastligi yoki emigratsiya darajasi yuqoriligi tufayli aholi soni kamayayotgan davlatlar ham ko‘paymoqda. 2050 yilgacha 55ta mamlakatda aholi soni kamida 1 foizga kamayadi. Bu, jumladan, MDHning Rossiya, Ukraina, Belarus, Armaniston, Latviya va Litva kabi davlatlariga ham taalluqli.

Keyingi 30 yil davomida Ukraina, Latviya, Litva va Bolgariya kabi davlatlar aholisi kamayishi bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarda bo‘lishi, ushbu mamlakatlarda yashovchilar 20 foiz va undan ham ko‘proqqa kamayib ketishi mumkin.

Qayd etilishicha, aynan eng qashshoq davlatlarda aholi eng yuqori jadallik bilan oshib boryapti. Bu esa mazkur hududlardagi qashshoqlik, tengsizlik va ochlikka qarshi kurashishda, ularni ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimlari bilan ta'minlashdagi muammolarni ko‘paytiradi.

Birgina tropik Afrika mintaqasi davlatlarida yashovchi odamlar soni 2050 yilgacha 2 barobarga oshib ketishi kutilmoqda.

Mavzuga oid