Jahon | 14:31 / 22.04.2021
14188
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziri: Amaldorlarning ko‘chmas mulklari va mashinalari to‘g‘risidagi axborotlar ochiqlanishi kerak

Ruslanbek Davletov sohalarda ochiqlikni ta'minlash standartlarini yaratish kerakligi haqida gapirdi.

O‘zbekiston budjet pullarini sarflanishi ochiqligining yangi bosqichiga o‘tishi, amaldorlarning xarajatlari ochiqlanishi kerak, deydi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 22 aprel kuni boshlangan «Tashkent Law Spring» II xalqaro yuridik forumidagi chiqishida.

Vazir mamlakat uchun raqamlashtirish va ochiqlik bo‘yicha ustuvor sohalarni belgilab olishi kerakligini ta'kidladi.

«Chunki yo‘nalish ko‘p, muammo yetarli, resurslar tanqisligini e'tiborga olib eng birinchi navbatda qilinishi kerak bo‘lgan va davlat tomonidan moliyalashtirilishi va qo‘llab-quvvatlanishi kerak bo‘lgan yo‘nalishlar belgilanishi kerak.

Masalan, birinchi navbatda budjet pullari sarflanishi ochiqligining yangi bosqichi, ayniqsa dolzarb bo‘lgan avtomobil yo‘llarga ketayotgan xarajatlar, aniq manzillari bilan interaktiv kartalarda ko‘rinishi kerak. Har bir tashkilotning o‘z ma'muriy binolarini ta'mirlashga ketkazayotgan xarajatlari, shuningdek, amaldorlarning ko‘chmas mulklari va mashinalari to‘g‘risidagi axborotlar ochiqlanishi kerak», – deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ishlab chiqqan qonun loyihasida, prezidentdan boshlab barcha bo‘g‘inlardagi davlat amaldorlari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilishi belgilangan.

Yangi tartib qachon qabul qilinishi aniq emas. Shunisi ma'lumki, deklaratsiyalash talabi bu yil kuchga kirishi kutilmayapti: 2021 yilgi davlat dasturi loyihasida bu haqda band yo‘q.

Mavzuga oid