Jahon | 12:31 / 15.01.2023
46778
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainani kun davomida o‘qqa tutdi, qurbonlar ko‘p. Asosiy ma’lumotlar

Dniprodagi ko‘p qavatli uylardan biriga raketa kelib tushishi oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab kishilar jarohatlangan, o‘nlab kishilar bedarak ketgan.

Foto: Kirill Timoshenko / Reuters / Scanpix / LETA

14 yanvar kuni Ukraina navbatdagi raketa zarbalariga duchor bo‘ldi. Dniproda raketa to‘qqiz qavatli uy binosiga kelib urildi. Binoning ikkinchi va uchinchi korpuslari orasida ikkinchi qavatdan to‘qqizinchi qavatgacha qulab tushgan. Dnipro meri Boris Filatov o‘qqa tutish oqibatida shahar rayonlari elektr ta’minotidan uzilgani haqida xabar bergan.

Zarba dam olish kuni, odamlarning uyda vaqtda berilgan.

Zelenskiy ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenkoga ko‘ra, rossiyaliklar raketasi 72 kvartira joylashgan butun bir pod’yezdni vayron qilgan - propiska bo‘yicha ma’lumotlarga ko‘ra, bu uylarda jami 200 nafarga yaqin kishi yashagan, ularning 50 nafarga yaqini bolalar edi. 16 pod’yezddan iborat uyda jami 1 700 ga yaqin kishi istiqomat qilgan.

«Dnipro shahrida turar joy binosi vayron qilindi. Rossiyaliklar raketasi qulashi oqibatida ikkinchidan to‘qqizinchigacha bo‘lgan qavatlar qulab tushgan. O‘nlab yaralangan kishilarni qutqarishga muvaffaq bo‘lindi. Ularga yordam ko‘rsatilmoqda. Ular orasida bolalar bor, eng kichigi uch yoshli qizcha. Va bular dastlabki ma’lumotlar. Afsuski, soat sayin qurbonlar soni oshmoqda... Qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildiraman», deyiladi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning tungi murojaatida.

14 yanvar kuni kechqurun Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko besh kishi halok bo‘lib, qariyb 60 kishi yaralangani (jumladan 12 bola, ulardan eng kichigi uch yoshda) haqida ma’lumot berdi. Mahalliy 11-kanal xarobalarni tozalashda qutqaruvchilarga yuzlab shaharliklar yordam berayotganini xabar qilgan.

15 yanvar tongda berilgan ma’lumotga ko‘ra, Dniprdagi uyga raketa kelib urilishi oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 21 nafarga yetgan, yana 73 kishi jarohatlangan, shundan 14 nafari bolalar. Oblast rahbari Valentin Reznichenkoning aytishicha, yana 37 kishining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Qutqaruv amaliyoti davom ettirilmoqda.

Dniproda qurbonlar xotirasiga uch kun motam e’lon qilindi.

STR/EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Dniproga yo‘llangan zarbalarga «Dunyo bu yovuzlikni to‘xtatishi kerak» deya munosabat bildirdi. «Dniproda xarobalarni tozalash davom ettirilmoqda. Barcha xizmatlar ishlamoqda. Har bir odam uchun, har bir hayot uchun kurashyapmiz. Bu terrorga aloqador bo‘lganlarning barchasi topiladi. Barchasi javobgarlikka tortiladi. Maksimal darajada», — deya yozgan ukrainlar prezidenti o‘z telegram-kanalida. U shuningdek «Rossiya terrorini to‘xtatish» uchun Ukrainaga ko‘proq qurol berishga chaqirgan.

Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba G7 mamlakatlari va Yevroittifoqni Dnipro o‘qqa tutilishiga javoban Rossiyaga yangi sanksiyalar qo‘llashga chaqirgan. «Har bir raketa hujumi Rossiyaning zaxiralarini kamaytirmoqda. Shunga qaramay, ular hali ham yangilarini [raketalar] ishlab chiqara olishmoqda. Biz yoppasiga sanksiya zarbalari bilan ularning raketa-dron sanoatini yo‘q qila olamiz va bunga qodirmiz! G7 va YeIni Ukraina taklif qilgan tegishli choralarni zudlik bilan joriy etishga chaqiraman», — deya yozgan Kuleba tvitterida.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak Rossiya zudlik bilan BMT Xavfsizlik kengashi taribidan chiqarilishi kerakligini aytgan.

Dniproliklar 14 yanvar kungi zarba oqibatlarini bartaraf etishga yordamlashmoqda
Roman Chop / AP / Scanpix / LETA

14 yanvar kuni Rossiya armiyasi Ukrainani kun davomida o‘qqa tutdi. Tongda amalga oshirilgan birinchi raketa hujumidan keyin qurbonlar va vayrongarchiliklar haqida ma’lum qilinmagandi. Zarbalarning ikkinchi to‘lqini natijasida, Dniprodan tashqari, kamida ikki region — Xarkiv oblasti (hudud elektrdan to‘liq uzilgan) va Lviv oblasti (rasmiylar muhim infratuzilma obektlari shikastlangani haqida ogohlantirgan) jabr ko‘rdi. Kechqurun ham zarbalar kelishi davom etgan. Kriviy Rihda raketa xususiy sektorga kelib tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, bir kishi yaralangan.

Ukraina energetika vaziri German Galushchenkoning xabar qilishicha, 14 yanvar kungi zarbalar oqibatida mamlakatning olti oblasti hududida energetika obektlari shikastlangan. U mamlakatning ko‘plab oblastlarida elektr o‘chirilishi haqida ogohlantirgan. «Keyingi kun qiyin bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilgan Galushchenko. Ukrainaning eng yirik xususiy energetika kompaniyasi zarbalar oqibatida issiqlik elektr stansiyalaridan biri energiyasi ishlab chiqarishni to‘xtatganini ma’lum qildi.

Foto: VALENTIN REZNICHENKO

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga ko‘ra, 14 yanvar kuni RF qo‘shini Ukraina bo‘ylab jami 28 ta qanotli raketa va beshta boshqariluvchi aviatsiya raketasi uchirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 18 ta qanotli va uchta aviatsiya raketasi urib tushirilgan. O‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligi rossiyaliklar uchirgan 38 ta raketadan 25 tasi urib tushirilgani haqida xabar bergan. Qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra, havo va dengizdan turib uchirilgan X-101 va «Kalibr» rusumli 18 ta qanotli raketa hamda, X-59 rusumli aviatsiya raketalaridan 7 tasi urib tushirilgan.

Foto: VALENTIN REZNICHENKO

Ukraina o‘qqa tutilgach, Moldova TIV mamlakat hududiga raketa parchalari qulagani haqida xabar berdi. Vazirlikka ko‘ra, parchalar Ukrainaning Chernivetska oblasti bilan chegaradosh bo‘lgan Larga qishlog‘i hududidan topilgan. Bu qaysi tomonning raketasi ekaniga aniqlik kiritilmagan; jabrlanganlar yoki vayrongarchiliklar to‘g‘risida ham ma’lumot yo‘q. Moldova IIV qayd etishicha, bu RF tomonidan Ukraina hududi o‘qqa tutilishi oqibatida mamlakat hududiga raketa qulashi bilan bog‘liq uchinchi holat bo‘ldi.

Mavzuga oid