Jamiyat | 12:20 / 19.06.2019
12403
2 daqiqa o‘qiladi

Boyovutdagi bog‘chada ovqatdan zaharlanish holati qayd etildi

18-19 iyun kunlari Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 21-sonli maktabgacha ta'lim muassasasining 23 nafar tarbiyalanuvchisi, 1 nafar tarbiyachisi hamda 1 nafar hamshirasi tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, qorin sohasida og‘riq kabi kasallik belgilari bilan Boyovut tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga «o‘tkir ichak kasalligi, ovqat toksikoinfeksiyasi» tashxisiga gumon qilinib yotqizilgan.

«Dastlabki epidemiologik surishturuvlar jarayonida mazkur muassasa ichimlik suvi bilan ta'minlanmagani, 17 iyun kuni toza ichimlik suvi tashib keltirilmagani natijasida bog‘chaning sanitariya-gigiyena qoidalari holati qoniqarsizligi, shuningdek, bolalar qaynatilmagan suv ichgani hamda bog‘cha hududidagi mavjud o‘rikzordan o‘rik mevasini yaxshi yuvmasdan yegani oqibatida kasallik kelib chiqqani taxmin qilinmoqda. O‘rganish va laboratoriya  tekshirish ishlari davom etmoqda.

Bemorlarning ahvoli o‘rta va yengil og‘irlikda, shifoxonada dori- darmonlar yetarli miqdorda, ularga kerakli  barcha tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti, Virusologiya ilmiy tekshirish insitituti hamda Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining bir guruh tajribali mutaxassislari mazkur holatni joyiga chiqib o‘rganish, amalga oshirilayotgan davolash, profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, mahalliy shifokorlarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun safarbar etildi.

Vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan  nazoratga olingan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid