Iqtisodiyot | 22:36 / 18.07.2023
80419
9 daqiqa o‘qiladi

Hammasi pul bosib chiqarishdan boshlangan. O‘zbekiston iqtisodiyoti dunyoga qanday yopilgan edi?

To 2017 yilgacha amalda bo‘lgan valuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq cheklovlar tufayli O‘zbekiston uzoq yillar xalqaro savdo uchun yopiq mamlakatga aylangandi. 90-yillarda Markaziy bankda ishlagan iqtisodchi Komiljon Akramovning aytishicha, konvertatsiyaning yopilishi – davlat o‘sha vaqtdagi iqtisodiy muammolar yechimi sifatida XVJning qarshiligiga qaramay pul chop qilishga qaror qilishi ortidan ro‘y bergan.

Iqtisodchi olim, Xalqaro oziq-ovqat muammolarini o‘rganish instituti (IFPRI) katta ilmiy xodimi Komiljon Akramov iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatda O‘zbekistondagi oziq-ovqat ishlab chiqarish va iste’mol muammolari, zarur ma’lumotlarni topishning qiyinligi, o‘tgan asrning 90-yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi jiddiy xatolar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ocharchilik muammosi: tarix va bugun

O‘tgan asrning 70-yillarida ocharchilik katta muammo bo‘lgan. Ayniqsa, kollanial tuzum tugaganidan keyin, Janubiy Osiyoda ya’ni Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Nepal va Shri-Lanka kabi davlatlarda bu jihat juda dolzarb hisoblangan. Keyinchalik “Yashil inqilob” sodir bo‘lib, bug‘doy, makkajo‘xori kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining yangi navlarini ekish va yetishtirish boshlanadi. Buning natijasida unumdorlik oshadi. Shu jihatdan, ocharchilik muammosi ko‘p mamlakatlarda o‘z yechimini topdi.

Hozirda iqlim o‘zgarishi va urushlar tufayli Somali, Efiopiya yoki Sudan kabi davlatlarda ocharchilik lokal muammo sifatida bor, lekin global miqyosida katta muammo sifatida ko‘rilmaydi.

Bitta inson kuniga 2200-2250 kkal iste’mol qilishi kerak, lekin bu kaloriyani faqat non yoki shakar iste’mol qilib ham olish mumkin. Ammo inson yashashi uchun faqat kaloriyaning o‘zi yetarli emas, bir qancha turdagi vitaminlar ham kerak bo‘ladi. Bugungi kunda sifatli ovqatlanish sohadagi asosiy muammo hisoblanadi. Ilmiy tilda bu yashirin ochlik (hidden hunger) deyiladi.

Komiljon Akramov
Foto: YouTube

Noto‘g‘ri ovqatlanish sabablari

Noto‘g‘ri ovqatlanishga bir tomondan iqtisodiy jihatdan imkoniyatning yetishmasligi, ikkinchi tomondan yetarli darajada ma’lumotga ega emaslik sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, O‘zbekistonga o‘xshagan kambag‘al mamlakatlarda pul yetishmasligi axborot yetishmasligiga qaraganda kattaroq masala. AQShga o‘xshagan rivojlangan G‘arb mamlakatlarida esa, bu boradagi asosiy muammo odamlarda to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmaning kamligidir.

Buning oldini olish uchun ma’lum ishlar ham olib boriladi. Masalan, Chikago shtatida Sosa-Solaʼga alohida “sin tax” (zararli mahsulotlar sotib olinayotgandagi qo‘shimcha soliq) bor.

O‘zbekistondagi ovqatlanish sifati

2017 yilda UNICEF va O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi(hoziri Statistika agentligi) o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, mamlakatdagi har 10 nafar boladan bittasi “stunted”(rivojlanish va o‘sishdan ortda). Bu juda yomon ko‘rsatkich emas. Solishtirish uchun, to‘qsoninchi yillarda bu ko‘rsatkich 30 foizdan, 2010 yillarda 20 foizdan baland bo‘lgan. Har 10 nafardan bir nafar bolaning “stunted” bo‘lishi, albatta, yomon, ammo bu ko‘rsatkich dinamikasining pasayib borayotganligi yaxshi. Shuningdek, 2017 yildagi raqamlar ham butun O‘zbekiston bo‘yicha olingan o‘rtacha natija. Bu yerda Toshkent shahri va chekka viloyatlar o‘rtasidagi tafovut sezilarli darajada farq qiladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi iste’mol sifati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘zbekistonliklar qozog‘istonliklarga nisbatan yomonroq kaloriya iste’mol qiladi. Bu yerda sezilarli farqlar mavjud. O‘zbekistonliklarga nisbatan tojikistonliklar yomonroq kaloriya iste’mol qiladi, ammo bu yerda katta farqlar mavjud emas.

Bu borada yaxshi tahlillar o‘tkazsa bo‘ladi, ammo O‘zbekistondagi eng katta muammolardan biri ma’lumotlarning yetishmasligidir. Bundan tashqari, bor ma’lumotlarda ham xatoliklar ko‘p. To‘g‘ri, xatoliklarsiz ma’lumotlarni to‘plab bo‘lmaydi, hatto AQShda ham bu imkonsiz. Ammo xatolar sistematik va sun’iy yaratilayotgan bo‘lsa, uni to‘g‘rilash juda qiyin.

Umuman olganda, O‘zbekistonda ovqatlanish bo‘yicha tadqiqotlar juda kam. Biz ham UNICEF’ning 2017 yilda o‘tkazgan so‘rovnoma natijalaridan kelib chiqib fikr bildirdik. Yoki kambag‘allikni o‘lchash ko‘rsatkichini olaylik. Bir yil ichida 17 foizdan 14 foizga tushirilgani e’lon qilindi. Bu qanday o‘lchanganligini biz bilmaymiz. Biror muammoni yechmoqchi bo‘lsangiz, uni tushuna olmasangiz, o‘lchay olmasangiz, yecha olmaysiz ham.

Statistika agentligi tomonidan o‘tkaziladigan so‘rovlarda ham birlamchi ko‘rsatkichlar tatbiq qilinmaydi.

Ma’lumotlarni soxtalashtirishning boshlanishi

Mustaqillikdan keyin XVJ bilan hamkorlikda monetar sharh kabi hisobotlar ishlab chiqila boshlangan. Ushbu jamoada men ham bo‘lganman. Iqtisodiy jihatdan muammolar paydo bo‘la boshlaganidan keyin bu narsa monetar siyosatga ham ta’sir qilishni, ma’lumotlar ustidan chizilishiga olib kelgan. O‘zbekiston iqtisodiyoti resurslarga bog‘liq. Paxta, oltin va gazning iqtisodiyotdagi roli katta bo‘lgan. To‘qsoninchi yillarning ikkinchi yarmida jahon bozorida oltin va paxtaning narxi tushib ketgan. Xususan, o‘sha paytdagi oltinning jahon bozoridagi narxi hozirgi kundagi narxga nisbatan 5-6 barobar past bo‘lgan. Bu narsa mamlakatning valuta siyosatida qiyinchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Natijada ko‘chadagi valuta kursi bilan davlat kursi o‘rtasida tafovutlar paydo bo‘la boshlagan.

Mustaqillikning keyingi yillarida O‘zbekiston iqtisodiy siyosatidagi xatolar

O‘zbekistonda mustaqillikdan keyin milliy valuta – so‘m muomalaga kiritilgan. Dastlabki 2 yilda vaziyat yomon emas edi. Aytganimday, O‘zbekiston iqtisodiyoti xomashyo resurslariga bog‘langan iqtisodiyot. O‘sha paytda asosiy eksport tovarlari oltin va paxta edi. Dinamikaga qarasangiz, 90-yillarning birinchi yarmida jahon bozorida oltinning narxi ham, paxtaning narxi ham nisbatan baland bo‘lgan. 90-yillarning ikkinchi yarmiga kelib narxlar pasayishni boshlagan. Xususan, 1994 yil bilan 1997 yil solishtirilsa, 70-80 foiz atrofida farq bor edi.

1996 yil qishloq xo‘jaligida og‘ir yil bo‘lgan. Eski tizim parchalanyapti, yangi tizim esa yaratilmagan. O‘sha yili planlar bajarilmagan, yerlar haydalmay qolib ketgan. Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan o‘zaro dastur bo‘lardi. Ular mamlakatdagi budjetni yoki valuta kursini ushlash uchun, umuman makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab turish uchun pul beradi. Lekin ma’lum shartlarni bajarish kerak. Masalan, monetar agregatlarning oylik qiymati belgilab qo‘yilgan, shundan oshirish mumkin emas. Yoki pul massasi qancha bo‘lishi kerakligi bo‘yicha texnik talablari bo‘lardi.

1996 yilning oxiri 1997 yilning boshida mablag‘ kerak bo‘lgan. Eng oson yo‘li – pul chop qilish. Tabiiyki, XVJ bunga qarshi bo‘lgan. Ammo nimadir qilish kerak. Hozir O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining iqtisodiyotdagi roli katta, o‘sha paytda esa bundan ham ancha kattaroq bo‘lgan. Xullas, boshqa yechim topilmagan va pul chop qilingan. Natijada katta miqdorda iqtisodiyotga pul massasi kiradi va aylanib-aylanib valuta bozoriga kirib keladi va talab oshib ketadi. Boshqa tomondan oltin va paxta narxlarining pasayishi sababli valuta tushumlari kamayib ketyapti. Ikki tomonlama iqtisodiy shok kelib chiqqan. Natijada konvertatsiyani yopishga majbur bo‘lishgan. O‘sha paytda kursning pastga tushib borishiga qo‘yib berish ham yechim bo‘lardi, ha, qiyin, ammo to‘g‘riroq yechim bo‘lardi.

O‘sha paytda Markaziy bankda bunday qaror xato ekanini tushungan kichkina bo‘lsa-da, jamoa bor edi. Ammo mazkur ish qanchalik qimmatga tushishini u paytda tushuna olmaganmiz. Bitta xato ortidan boshqa xatolar qilinaverilgan. Yana pul chop etilgan, naqd pulni cheklash boshlangan, naqd va naqdsiz pul o‘rtasida farq paydo bo‘lgan. Bu narsalarni to‘g‘rilash uchun esa yana xatolar qilingan.

Mavzuga oid