Jahon | 10:02 / 04.04.2017
64034
3 daqiqa o‘qiladi

Portlash ijrochiligida gumon qilingan shaxs politsiyaga keldi, boshqa gumonlanuvchi surati paydo bo‘ldi

Sankt-Peterburg metrosidagi teraktni amalga oshirishda gumonlangan va OAV orqali surati tarqatilgan shaxs politsiya bo‘linmasiga keldi hamda o‘zining bu ishga aloqador emasligini ma'lum qildi. Bu haqda «RBK» xabar bergan.

«U o‘z suratini televizor orqali ko‘rgach, qo‘rqib ketgan va o‘zi politsiyaga kelgan», — degan huquq-tartibot organlaridagi manba.

Shu tariqa, ushbu shaxs teraktga aloqador emasligini isbotlagan.

Portlashdan ko‘p vaqt o‘tmasdan «Fontanka» nashri videokuzatuv kameralari asosida Sankt-Peterburg metrosidagi teraktni sodir etgani gumon qilingan shaxs suratini namoyish qilgandi. 

Endilikda «Pyatyy kanal» teraktga aloqador sifatida ikkinchi gumonlanuvchi fotosuratini tarqatdi.

«Portlash bo‘yicha ikki kishi qidirilmoqda: biri «Sennaya ploshchad» bekatidan «Texnologicheskiy institut» bekatiga harakatlangan poyezd vagonida bomba qoldirib ketgan, ikkinchisi «Ploshchad Vosstaniya» bekatiga portlovchi qurilma joylangan ryukzak qo‘ygan», — degan agentlik suhbatdoshi.

Shu bilan birga «Interfaks» agentligi huquq tartibot organlariga asoslangan holda Sankt-Peterburg metrosida xudkush o‘zini portlatgani haqida xabar berdi.

«Talqinlardan biriga ko‘ra Peterburg metrosida portlovchi qurilmani terrorchi harakatga keltirgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra u O‘rta Osiyodan kelgan, 23 yoshli yigit», — degan manba.

Peterburglik advokat Marina Kozlova Peterburg terakti ijrochisini ko‘rgani haqida aytdi. U FSB so‘rovida bo‘ldi. Kozlovaning so‘zlariga ko‘ra, u soat 14:30da Marat ko‘chasidan Zvenigorodskaya ko‘chasiga ketayotganida shubhali shaxsni ko‘rgani haqida ko‘rsatma bergan. Kozlova bu vaqtda mashinada bo‘lgan va qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgandi. U ushbu shaxs internetda gumonlanuvchi sifatida surati tarqatilgan yigit ekanini ta'kidlagan.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida terakt yuz berdi: «Sennaya ploshchad» va «Texnologicheskiy institut» bekatlari oralig‘ida qo‘lbola portlovchi uskuna harakatga keldi. Portlash oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi, 40 dan ortiq odam jabrlandi. Bundan tashqari, «Ploshchad Vosstaniya» bekatida yana bir bomba topilib, zararsizlantirildi. Hozircha hech bir tashkilot mazkur terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.

Mavzuga oid