Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Grenlandiya necha pul turadi?
Grenlandiyadagi tabiiy resurslar va yerning qiymati 1 trln dollardan 4 trln dollargacha baholanyapti. Ammo, ularni o‘zlashtirish xarajatlari nihoyatda katta bo‘lgani sababli yakuniy narx sezilarli darajada arzonlashadi. Tramp davlat kotibi Marko Rubioga yaqin haftalar ichida orolni xarid qilish bo‘yicha taklif tayyorlashni buyurdi. Vashington ehtimoliy «asr savdosi» uchun 700 mlrd dollargacha to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin.
Foto: Getty images
Donald Tramp AQSh Grenlandiyani «qanday bo‘lmasin» qo‘lga kiritishi kerakligini muttasil ravishda takrorlab keladi. Bunday agressiv yondashuv orolni Rossiya yoki Xitoy tomonidan egallab olinishining oldini olish sifatida oqlanyapti. Ushbu kontekstdagi eng muhim instrument – pul bilan bog‘liq. Grenlandiya aholisi – atigi 57 ming kishini tashkil etadi va orol ko‘p jihatdan Kopenhagendan keladigan subsidiyalarga qaram bo‘lib qolgan. Vashingtonning yirik investitsiyalari Grenlandiya aholisi uchun jozibali bo‘lib ko‘rinishi ham mumkin. Dastlab Tramp orolning har bir fuqarosiga AQShga qo‘shilishi uchun 100 ming dollargacha pul to‘lamoqchiligi haqida xabarlar chiqdi. Ammo, bu taklif mahalliy aholini qiziqtira olgani yo‘q. Vashingtondagilar stavkani yanada oshirishmoqchi.
Grenlandiyaning narxi qancha?
Olimlar va sobiq AQSh rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra Grenlandiyani sotib olish Qo‘shma Shtatlarga 700 mlrd dollarga tushishi mumkin. Tramp davlat kotibi Marko Rubioga yaqin haftalar ichida orolni xarid qilish bo‘yicha taklif tayyorlashni buyurgan. Taqqoslash uchun, amerikaliklar 1803 yilda Luizianani Fransiyadan 15 mln dollarga, 1867 yilda Alyaskani Rossiyadan 7,2 mln dollarga sotib olishgandi.
AQSh avval ham Grenlandiyani sotib olish masalasini ko‘rib chiqqan va 1946 yilda 100 mln dollar (bugungi hisobda qariyb 1,7 mrld dollar) miqdorida rasmiy taklif bildirgan. Daniya bu taklifni rad etgan. O‘sha paytda bu summa AQSh yalpi ichki mahsulotining 0,04 foiziga teng bo‘lgan. Hozirda shunday nisbat taxminan 1,2 mlrd dollarga to‘g‘ri keladi.
Ko‘plab tahlilchilar Grenlandiyaning haqiqiy qiymati ancha yuqori deb hisoblaydi. «Bir necha trillion dollar atrofidagi narx mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi», deydi American Action Forum tahlil markazi prezidenti Duglas Hols-Ikin. Uning jamoasi Grenlandiyaning taxminiy qiymatini hisoblashda tabiiy resurs zaxiralari hamda ko‘chmas mulk sifatidagi potensialini inobatga olgan. 2025 yil yanvarda e’lon qilingan va AQSh, Daniya hamda Grenlandiyadagi geologik tadqiqotlar ma’lumotlariga tayangan tadqiqotga ko‘ra, orolda aniqlangan muhim minerallar va energetika resurslarining umumiy qiymati 4,4 trln dollardan oshadi. Agar 2021 yilda ekologik sabablar bilan qidiruv litsenziyalari berish to‘xtatilgan neft va tabiiy gaz konlarini hisobdan chiqarsa, bu ko‘rsatkich 2,7 trln dollargacha kamayadi. Ammo, orolda inson resurslarining yetishmasligi va o‘ta sovuq iqlim sabab zaxiralardan to‘liq foydalanish imkoniyati past.
Trampning Grenlandiyani qo‘lga kiritish haqida ilk davolari paydo bo‘lgan 2019 yilda Financial Times orolning qiymatini 1,1 trln dollarga baholagandi. Rossiyalik iqtisodchi Anton Sviridenkoga ko‘ra, Grenlandiyaning tabiiy resurslarini hisobga olgan holdagi real qiymati 1 trln dollardan oshadi. Shunday bo‘lsa-da, AQShning Daniyaga 60–70 milliard dollardan ko‘proq pul taklif qilishi ehtimoldan yiroq.
AQShning Grenlandiyani sotib olishga puli bormi?
AQShda Grenlandiyani sotib olishga moliyaviy imkoniyat bor, lekin masala pulda emas. Siyosiy va huquqiy jihatdan bu juda murakkab jarayon. Amerikaning yalpi ichki mahsuloti qariyb 31 trln dollarni tashkil etadi. Bir necha o‘n milliard dollar narx belgilansa ham, bu Qo‘shma Shtatlar budjeti uchun juda kichik summa bo‘ladi. Masalan, mamlakatning yillik mudofaa budjeti o‘tgan yilda qariyb 850 mlrd dollar bo‘lgan.
Grenlandiya Daniyaga qarashli, ammo o‘zini o‘zi boshqaruvchi hudud. Orol aholisi roziligisiz hech qanday savdo bo‘lishi mumkin emas. XXI asrda hududlarni «sotib olish» amaliyoti biror marta kuzatilmagan. Bu mustamlakachilik sifatida baholanadi. O‘z navbatida grenlandiyaliklarning aksariyati Daniyadan uzil-kesil mustaqil bo‘lish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, AQSh tarkibiga qo‘shilishga mutlaqo qarshi.
Grenlandiyada qanday foydali qazilmalar bor?
Grenlandiya zamonaviy texnologiyalar uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan juda boy foydali qazilma zaxiralariga ega. Qurilish, elektronika va moliya sohalari uchun zarur bo‘lgan mis va oltindan tashqari, orolda sohillar bo‘ylab katta hajmda grafit, nodir yer elementlari, nikel, temir rudasi va rux konlari mavjud.
Grafit va nikel akkumulyatorlar, elektromobillar hamda qayta tiklanuvchi energetika tizimlari ishlab chiqarishida tobora muhim ahamiyat kasb etyapti. Temir rudasi va rux og‘ir sanoatni ta’minlab tursa, nodir yer elementlari shamol turbinalari, yuqori texnologiyali elektronika va mudofaa tizimlari ishlab chiqarilishida markaziy o‘rin tutadi.

Geologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ushbu resurslarning katta qismi aniq ajralgan hududlarda, ayniqsa Grenlandiyaning janubi va g‘arbida jamlangan. Bu orolning o‘ziga xos va nihoyatda qadimiy geologik tuzilishi bilan bog‘liq. Grenlandiyaning alohida ahamiyati faqat oddiy metallar mavjudligida emas, balki strategik ahamiyatga ega resurslar spektrining juda kengligida. Ayniqsa, nodir yer elementlariga qiziqish katta: bu resurslarni qazib olish cheklangan sondagi mamlakatlar qo‘lida jamlangan. O‘z navbatida, foydali qazilmalarning «qog‘ozda» mavjudligi ularni amalda samarali qazib olish kafolati emas. Grenlandiyada tog‘-kon sanoati yaxshi rivojlanmagan va loyihalarning juda oz qismi razvedka bosqichidan o‘tgan. Bu yerda ekologik tartibga solish ham katta rol o‘ynaydi. Masalan, hukumatning uran qazib olishni taqiqlashi nodir yer elementlari bilan bog‘liq bir qator loyihalarning to‘xtatilishiga olib keldi.
Mavzuga oid
23:32 / 02.04.2026
AQSh bosh prokurori Pem Bondi iste’foga chiqadi
23:13 / 02.04.2026
Erondagi eng katta ko‘prik AQSh va Isroil zarbasi oqibatida vayron bo‘ldi
21:32 / 02.04.2026
AQShda 51 yil avvalgi qotillik DNK texnologiyasi yordamida fosh etildi
21:19 / 02.04.2026