Jamiyat | 10:15 / 14.09.2025
10541
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda o‘quvchi bolani mashina bosib ketishiga sal qoldi

Shahrisabz tumanida Damas haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan o‘quvchiga yo‘l bermay, xavfli vaziyat keltirib chiqardi. O‘quvchi yo‘lga yiqilib tushganidan keyin g‘ildirak ostida qolmaslik uchun jon-jahdi bilan oldinga sakragan. Haydovchiga nisbatan BHMning 25 baravari miqdorida jarima va transport boshqarish huquqidan 1 yilga mahrum etish jazosi tayinlandi.

Foto: Videodan kadr

11 sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida Damas haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan o‘quvchini urib ketishiga bir baxya qoldi.

Holat aks etgan videoda Damas o‘zi bilan bir yo‘nalishda kelayotgan boshqa transport vositalaridan farqli ravishda piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan o‘quvchini o‘tkazib yuborish uchun to‘xtamaganini ko‘rish mumkin. Yo‘ldan o‘tayotgan bola esa Damas’ni ko‘rib yugura boshlagan. O‘quvchi yo‘lga yiqilib tushganidan keyin g‘ildirak ostida qolmaslik uchun jon-jahdi bilan oldinga sakragan.

Damas esa katta tezlikda uning yonginasidan o‘tib ketgan.

YHXX axborot xizmati xabar qilishicha, Damas’ning 68 yoshli haydovchisi topilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahri sudi tomonidan qoidabuzar haydovchiga nisbatan Jinoyat sudi tomonidan BHM ning 25 baravari miqdorida (10,3 mln so‘m) jarima va 1 yil muddatga haydovchilik huquqidan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid